2019 yil uchun eng yaxshi diyeta eʼlon qilindi 

Amerikalik shifokorlar va diyetologlar 2019 yil uchun eng maʼqul boʻlgan ovqatlanish ratsionlarini saraladi. Diyetalar reytingi “U.S. News & World Report“ jurnalida chop etilgan.

Ekspertlar bir nechta paramertlar boʻyicha 40 dan ziyod ovqatlanish ratsionlarini tahlil qilib, ular ichida eng maʼquli “Oʻrtayer dengizi diyetasi” degan xulosaga kelgan. Mutaxassislarning fikricha, ushbu diyeta tana vaznini kamaytirish bilan birga qon-tomir kasalliklari xavfining oldini oladi. Bundan tashqari, mazkur diyeta juda oddiy va xavfsiz, sogʻlom ovqatlanish talablariga javob beradi.

“Oʻrtayer dengizi diyetasi” koʻp miqdorda meva-sabzavotlar, dukkakli va urugʻli oʻsimliklar, yongʻoq, yirik tortilgan undan tayyorlangan non, makaron mahsulotlarini isteʼmol qilishni oʻz ichiga oladi. Shu bilan birga lahm goʻsht isteʼmolini kamaytirish, baliq, dengiz mahsulotlaridan tayyorlangan taomlarni koʻproq tanovul etish tavsiya etiladi.

 

Malohat Husanova, OʻzA