Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining sobiq Bosh kotibi, bugungi kunda Yashil taraqqiyot global instituti assambleyasi va Xalqaro olimpiya qoʻmitasining Etika boʻyicha komissiyasiga rahbarlik qilayotgan Pan Gi Munni qabul qildi.
Mehmon uchrashuvdan keyin OʻzA muxbiriga quyidagilarni soʻzlab berdi:
– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashish men uchun katta sharaf. Suhbatimiz davomida biz koʻplab masalalarni muhokama qildik.
Biz Oʻzbekiston Prezidentining mamlakatda keng miqyosli islohot va yangilanishlar dasturini boshlash boʻyicha tashabbuslarini toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz.
Xalqaro hamjamiyat Oʻzbekistonning qoʻshni Afgʻonistonda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashga qoʻshayotgan hissasini yuksak qadrlaydi. Bugungi kunga qadar Oʻzbekiston rahbarining tashabbusi bilan afgʻon masalasiga bagʻishlangan ikki nufuzli xalqaro forum tashkil etilgani buni tasdiqlaydi. Oʻzbekistonning qoʻshni mamlakatlar bilan chegara bilan bogʻliq masalalarni hal etish borasidagi diplomatik saʼy-harakatlari ham eʼtiborga molik.
Orol fojiasi miqyosi va koʻlamiga koʻra eng dahshatli ekologik falokatdir. Men 2010-yil aprel oyida Orolboʻyiga borganimda juda ayanchli manzaraning guvohi boʻlgan edim. BMTning koʻplab majlislarida har safar ushbu fojiani bartaraf etish masalasini koʻtarishga harakat qildim.
Oxirgi marta mamlakatingizga 2015-yilda kelgan edim. Uch yil oʻtib, bu yerda keng miqyosli oʻzgarishlar roʻy berganiga guvoh boʻldim. Mamlakatingizda yangilanishlar shamoli yaqqol sezilmoqda.