22-23 noyabr kunlari Samarqand shahrida Inson huquqlari boʻyicha birinchi Osiyo forumi boʻlib oʻtdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur forum inson erki va qadr-qimmatini ulugʻlash, huquqlari poymol etilishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan ijtimoiy va global ahamiyatga ega yirik tadbir sifatida dunyo hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilmoqda.

Xususan, qator xalqaro tashkilotlar, ommaviy axborot vositalarida Osiyo forumi haqida koʻplab materiallar eʼlon qilindi.

YEXHTning qator tuzilmalari anjumanda faol ishtirok etdi. Ushbu tashkilotning internet saytida eʼlon qilingan maqolada bunday katta delegatsiyaning Samarqandga tashrifi tadbirning muhim ahamiyatga ega ekani bilan izohlanishi taʼkidlanadi.

Maqolada qayd etilganidek, Oʻzbekiston tashabbusi bilan oʻtkazilgan forum, unda 400 ga yaqin ishtirokchi qatnashishi inson huquqlari sohasida Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlarning samarasi hisoblanadi.

Shanxay hamkorlik tashkilotining “InfoSHOS” portali sahifalarida ham forumning ahamiyati, anjuman tafsilotlariga bagʻishlangan maqola joylashtirildi. Xabarda tadbirning xalqaro ahamiyatga ega ekani, unda BMT, YEXHT, YEI, IHT, shuningdek, qator davlatlar parlamentlari delegatsiyalari, inson huquqlar boʻyicha milliy institutlar rahbarlari va boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etgani buning tasdigʻi ekani alohida qayd etiladi.

MDH Ijroiya qoʻmitasi rasmiy sayti sahifalarida ham Samarqand forumi tafsilotlariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Jumladan, forumga bagʻishlangan maqolada shunday deyiladi: “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi MDH tashkilotining shartnomaviy bazasini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Zero, ushbu hujjat, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi amaliyotni belgilovchi asosdir. Deklaratsiyaning 70 yilligiga bagʻishlangan forum xalqaro huquqqa rioya etilishini taʼminlash va bu boradagi hamkorlikni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega.

Belarus Respublikasining yetakchi axborot agentligi “BelTA”da forum haqida “Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi 22-23 noyabr kunlari Samarqandda oʻtkazildi” sarlavhali maqola chop etildi.

Unda anjumanning inson huquqlarini taʼminlashdagi ahamiyati, konferensiyada koʻrilgan mavzular haqida maʼlumotlar keltirilgan.

Qirgʻiziston milliy axborot agentligi “Kabar”da nashr etilgan maqolada Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumini Oʻzbekistonda oʻtkazish tashabbusi 2017-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgani qayd etiladi.

Shuningdek, mamlakatimizning inson huquqlarini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlari, soʻnggi yillardagi intilish va xalqaro hamkorlikdagi dasturlari haqida maʼlumotlar keltiriladi.

“Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn bilan uchrashuvi, qolaversa, Oliy komissarning Oʻzbekistonga tashrifi yakunlari boʻyicha qabul qilingan harakatlar rejasi Oʻzbekistonning inson shaʼni va erkinligini himoya qilish yoʻlidagi hamkorlik yoʻnalishini belgilab berdi“, deyiladi xabarda.

Ozarbayjonning “Trend.Az“ axborot agentligi muxbiri Fikret Doluxanovning Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi doirasida tashkil qilingan uchrashuvlar haqidagi maqolasi ham eng koʻp oʻqilgan xabarlar roʻyxatidan oʻrin olganini qayd etish joiz.

Muallif bugungi kunda Oʻzbekistonning jahon hamjamiyati bilan shitob bilan rivojlanib borayotgan hamkorlik aloqalari, xususan, Oʻzbekiston bilan BMT munosabatlari haqida fikr bildiradi.

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oʻzbekiston bilan koʻp qirrali hamkorlikni, jumladan, Samarqandda oʻtgan Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumida erishilgan natijalarni amalga oshirishda sheriklirni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanini qayd etdi, deyiladi xabarda.

 

Zuhra Mirzaboyeva, OʻzA