Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat universiteti qoraqalpoq tilshunosligi kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Abdinazimov Shamshetdiin Najimovich Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Respublika terminologiya markazi rahbari etib tayinlandi.
Mazkur markaz joriy yil may oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Prezidiumining qarori bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida tashkil qilingan edi.
Markazni tashkil qilishda “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonuni talablarini rahbarlikka olib, milliy terminologiya sohasidagi ishlarni yanada rivojlantirish, tartibga solish va unifikatsiyalash nazarda tutilgan.
Qarorda bugungi globallashuv sharoitida jahonda yuz berayotgan ilmiy-texnikaviy yangiliklar, xalqlar oʻrtasidagi aloqalarning kuchayishi natijasida qoraqalpoq tiliga boshqa soʻzlar kirib kelayotgani, shu bois, qoraqalpoq tilining ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-texnikaviy, kasbiy, yer-suv atamalarini tartibga solish, korxona, tashkilotlar, maishiy xizmat koʻrsatish joylari, koʻcha va xiyobonlar, fuqarolar yigʻinlari hududidagi atamalarni, shuningdek, har bir kasbga oid atamalarni shakllantirishga zarurat tugʻilayotgani eʼtirof qilingan.
Markazning asosiy maqsadi va vazifalari sifatida terminlarni aniqlash va tartibga solish, ilmiy asoslangan terminlarni qarab chiqish va tasdiqlash, terminologik lugʻatlar tayyorlash, zamonaviy axborot texnologiyalarini amaliyotga joriy etish, qoraqalpoq tilida kompyuter dasturlarini tayyorlash kabi masalalar belgilangan.
Bundan buyon qoraqalpoq tili qoidalarini qoʻpol tarzda buzgan tashkilotlarning mutasaddi xodimlariga terminologiya markazi chora qoʻllash boʻyicha taklif bera oladi.
Eslatib oʻtamiz, bundan avval Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi atamashunoslik qoʻmitasi 2003 yilgacha faoliyat yuritib kelgan. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 23 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamashunoslik qoʻmitasining faoliyatini tugatish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq faoliyati tugatilgan edi. Hukumatning ushbu qarorida Atamashunoslikka oid ishlarni tartibga solishni muvofiqlashtirish va ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqish vazifasi “Davlat tili haqida”gi qonunni joriy etish komissiyasi zimmasiga yuklangan.
Ye.Qanoatov, OʻzA