Meva-sabzavot yarmarkasi faol tadbirkorlarni oʻziga chorlamoqda

Poytaxtimizdagi “Oʻzkoʻrgazmasavdo“ majmuasida “Kuz neʼmatlari – 2018” meva-sabzavot yarmarkasi oʻtkazilmoqda.

Toshkent shahar hokimligi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qoʻllab-quvvatlash markazi, “Oʻzbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “Oʻzagroeksport” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan mazkur yarmarkada Yaponiya, Ukraina, Rossiya, Bolgariya, Turkiya va Qirgʻiziston kabi 14 davlatdan qayta ishlash va savdo kompaniyalari, savdo-sanoat palatalari, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi vazirlik va idoralar vakillari qatnashmoqda.

Koʻrgazma ochilishida mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, yetishtirilgan hosilni saqlash infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar xalqimiz farovonligini yuksaltirishda muhim omil boʻlayotgani taʼkidlandi.

9.jpg

– Bu kabi koʻrgazmalar mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirib, mahalliy mahsulotlarimizga xorijda talabni yanada oshiradi, – deydi Oʻzbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qoʻllab-quvvatlash markazi direktori Akrom Alimov. – Joriy yilning noyabr oyiga qadar yurtimizdan xorijga 800 million dollarga teng 1 million 100 tonnadan ziyod qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksport qilindi. Bu 2017-yilga nisbatan 20 foiz koʻpdir. Yil sayin dehqon va fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish chora-tadbirlarining izchil amalga oshirilishi, sohaning davlat tomonidan tizimli qoʻllab-quvvatlanishi oʻz samarasini bermoqda.

Yarmarkada hoʻl va quruq mevalar, sabzavotlar, poliz ekinlari, dukkakli oʻsimliklar, yongʻoq, ziravorlar, ichimliklar, transport va logistikaga oid koʻplab boʻlimlar faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizning barcha viloyatlaridan kelgan 100 ga yaqin fermer, dehqon xoʻjaliklari, meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish, qayta ishlash, eksport qilishga ixtisoslashgan kompaniya vakillari oʻz ekspozitsiyalarida koʻplab turdagi meva-sabzavot mahsulotlari hamda xizmatlarini namoyish qilmoqda. Barcha hududlarning meva-sabzavotchilik sohasiga oid taqdimotlari boʻlib oʻtmoqda.

13.jpg

17.jpg
– Viloyatimizdan 10 ga yaqin fermer, dehqon xoʻjaliklari qatnashayotgan koʻrgazma yakuniga qadar 10 million dollarga teng shartnomalar imzolashni rejalashtirganmiz, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligining Jizzax viloyati boʻyicha vakili Umid Nishonov. – Hamkorlarimiz safi yildan-yilga kengaymoqda. Joriy yilda Jizzax viloyati 30 million dollarga teng mahsulotni xorijga eksport qildi. Bu 2017-yilga nisbatan 1,5 baravar koʻpdir. Ayni paytda viloyatning barcha tumanlari bu borada faollik koʻrsatib, 17 mamlakatga dukkakli, poliz va sabzavot mahsulotlarini yetkazib bermoqda.

Agrar soha boʻyicha faoliyat koʻrsatayotgan chet ellik investor va sheriklar uchun mamlakatimizda qator soliq va bojxona imtiyozlari yaratilishi tadbirkorlarimiz bilan hamkorlikni kengaytirmoqda.

– Mamlakatingizda fermerlik va tadbirkorlik harakati har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani, intensiv agrotexnologiyalar, innovatsion ishlanmalar amaliyotga izchil tatbiq etilayotgani tufayli mahsulot yetishtirish hajmi tobora ortmoqda, – deydi urugʻlik kartoshka yetishtirishga ixtisoslashgan shirkat rahbari, qirgʻizistonlik Jengishbek Joldubayev. – Yarmarkada turli ertapishar kartoshka navlari bilan qatnashmoqdamiz. Mahsulotimizga qiziqish katta boʻlmoqda. Bugunning oʻzida Jizzax viloyati tadbirkorlari bilan shartnomalar imzolashga kelishib oldik.

Koʻrgazma 23-noyabrga qadar davom etadi.

 

Abdulaziz Musayev, Muhammad Amin (surat), OʻzA