Ilk marotaba oʻquvchi-yoshlarning takliflari asosida “Yoʻl xaritasi” qabul qilindi

Bugungi kunda umumtaʼlim maktablaridagi yoshlar yetakchilarining faoliyatini takomillashtirish, oʻquvchi-yoshlarning taʼlim sifati toʻgʻrisidagi fikr-mulohazalarini oʻrganish, ularni taʼlimga jalb qilishda “tengdosh-tengdoshga” tamoyiliga muvofiq ijtimoiy faolligini oshirish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Xalq taʼlimi vazirligi tizimida amalga oshirilayotgan loyihalarda oʻquvchi-yoshlarni ishtirokini taʼminlash maqsadida “Vazirlik va oʻquvchi-yoshlar” loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.
Mazkur loyiha 16-17 noyabr kunlari Toshkent shahrida ilk bor oʻtkazildi. Unda Xalq taʼlimi vazirligi vakillari hamda Oʻzbekistonning barcha hududlaridan kelgan xalqaro va respublika fan olimpiadalari gʻoliblari, yoshlar yetakchilari, “Ittifoq“ va “Kamalak“ sardorlaridan iborat 70 nafar oʻquvchi ishtirok etdi. Loyiha doirasida oʻquvchi-yoshlar Toshkent shahridagi 144- va 324-umumtaʼlim maktablari hamda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
Shu bilan birga ishtirokchilar Xalq taʼlimi vazirligi rahbariyati bilan uchrashdi, istiqboldagi rejalari, taklif-mulohazalari hamda loyihalarini muhokama etdi.
Loyihaning ikkinchi kuni Toshkentdagi Inha universiteti tashabbusi bilan “Codecraft” dasturiy taʼminotini oʻqitishga qaratilgan maxsus malaka oshirish kursi tashkil etildi. Universitet mutaxassislari tomonidan “Codecraft” dasturiy taʼminoti haqida tushunchalar berildi va oʻquvchi-yoshlar mobil qurilmalar uchun ilovalar yaratish boʻyicha amaliy mashgʻulotlarda ham ishtirok etdi.
Uchrashuv natijasiga koʻra, ilk marotaba Xalq taʼlimi vazirligi oʻquvchi-yoshlar bilan ishlash yoʻnalishi boʻyicha ularning takliflari asosida “Yoʻl xaritasi” qabul qildi va uni amalga oshirishda maktablardagi yoshlar yetakchilari va sardorlari bevosita ishtirok etishi belgilab olindi.

 

OʻzA