Bir yilda dunyoda oʻrtacha 600-800 ming kishi odam savdosi qurboniga aylansa, ularning 50 foizga yaqini bolalardir

20-noyabr – Jahon Bolalar kuni
 
BMT Bosh assambleyasi 1954-yilda rezolyutsiya qabul qilib, 1956-yildan boshlab har yili 20-noyabrda Jahon Bolalar kuni (Universal Childrenʼs Day)ni nishonlash toʻgʻrisida tavsiya berdi. Bu bayram jahonda bolalar manfaatlari yoʻlida BMT tomonidan amalga oshiriladigan ishlarni mustahkamlash, bolalar farovonligini yaxshilashga qaratilgan.

Zamonaviy dunyoda shunday jinoyatlar borki, ulardan aslo koʻz yumib boʻlmaydi. Mana shunday illatlardan biri odam savdosi boʻlib, uni mavjudligini mutlaqo rad etish kerak emas. Jahonda kuzatilayotgan global inqiroz ayrim davlatlarning iqtisodiyotini izdan chiqargan boʻlsa, bir qator sohalarning “gullab-yashnashi”ga sabab boʻldi. Noqonuniy qurol-yarogʻ, giyohvand moddalar savdosi singari odam savdosi ham foyda keltiruvchi biznesga aylandi. Mazkur uchta biznes turini “Oʻlim tarmogʻi” deyishlari ham bejiz emas. Ispaniyalik ekspertlar bu uch biznes bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruhlar bir yilda 1,8 trillion dollar daromad koʻrishini aytishadi. AQSH Davlat departamentining odam savdosiga bagʻishlangan maʼruzasida qayd etilishicha, dunyoda bu jinoyat qurboniga aylangan kishilar soni 27 milliondan oshib ketgan. Jinoyat koʻlami yil sayin koʻpayib bormoqda. Odam savdosi bilan bogʻliq jinoyat bolalarni ham oʻz domiga tortayotgani esa eng dahshatli hodisadir. Shu vaqtgacha 6 million bola oʻgʻirlanib, ulardan 2 millionga yaqini qurbon boʻlgan, qolganlari esa ogʻir mehnatga jalb etilgan. Ekspertlarning xulosalariga koʻra, sotilayotgan har uch kishidan biri bolalardir. Tahlilchilarning fikricha, zamonaviy dunyoda bola savdosi taraqqiy etib, uyushgan jinoiy guruhlarga foyda keltiruvchi sohaga aylanib bormoqda. Insonlar boylik orttirish maqsadida oʻz qavmini, qarindosh-urugʻlarini, mahalla-kuyda yashab turgan mahalladoshlarini turlicha aldovlar bilan xorijga olib chiqib sotib yubormoqdalar. Hatto, Gollivudda bolalar savdosini ragʻbatlantiruvchi (The Tall Man, 2012) film suratga olingani aytiladi.

photo5447607454935394743.jpg

Bir qator mamlakatlarda odam savdosiga davlat idoralarining vakillari (siyosatchilar, huquq-tartibot idoralarining xodimlari, prokurorlar, sudyalar) aralashib qolgani dahshatli haqiqatdir. BMT maʼlumotlarida soʻnggi yillarda dunyoda bola savdosi bilan bogʻliq jarayon avjiga chiqayotgani, Afrika va Yaqin Sharq mintaqasi bola savdosi markaziga aylanib borayotganidan bong uriladi. Bu kabi muammolar Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ham kuzatilmoqda. Bu mintaqadagi ayrim mamlakatlarda yosh bolalar ota-onalar mehridan mahrum qilinib, fohishaxonalarga, majburiy mehnatga joʻnatiladi. Chunki tala-toʻplar tinmayotgan, qurolli toʻqnashuvlar oqibatida beqarorlik davom etayotgan mazkur mintaqalarda qashshoqlik botqogʻiga botgan ota-onalar oʻz farzandlarini sotishga majbur boʻlmoqda ekan. 152 mamlakatdagi vaziyat oʻrganilganida, 124 mamlakatda bolalar majburan ogʻir mehnat va fohishalikka jalb qilinishi oydinlashdi. Bir yilda dunyoda oʻrtacha 600-800 ming kishi odam savdosi qurboniga aylansa, ularning 80 foiz xotin-qizlar, 50 foizga yaqinini balogʻatga yetmagan bolalar tashkil qiladi. Mamlakatlar ichkarisidagi bolalar oldi-sotdisi bu hisobga kirmaydi. Odam savdosi qurbonlari asosan ayollar va yosh qizlar boʻlib, ular birinchi navbatda jinsiy jihatdan tahqirlanar ekan.

Jahonda odam savdosiga aralashib qolmagan birorta ham mamlakat yoʻqligi tan olinadi. Masalan, 127 ta mamlakat “tirik tovar” yetkazib berish bilan shugʻullansa, 98 mamlakat tranzit vazifasini oʻtaydi. 137 mamlakat esa tirik tovarlarni qabul qilib oladi. Tranzit va qabul qilib oluvchi mamlakat sifatida AQSH birinchi oʻrinni egallaydi. Har yili “okean orti”ga 50 mingga yaqin ayol va bola faqat fohishalik uchun olib kelinar ekan.

Shu oʻrinda bolalar savdosida qonuniy va noqonuniy yoʻllar mavjudligini eslatib oʻtish kerak. Noqonuniy deganda, koʻp hollarda odam savdosi qurbonlari aldov, firibgarlik, qoʻrqitish yoʻllari bilan boshqa mamlakatlarga olib ketiladi. Ayrim hollarda kambagʻallik ham bunga majbur qiladi. Qonuniy deyilganda, sud qarori bilan yetim bolalarning xorijiy mamlakat fuqarolariga asrandi farzand qilib berilishi yuzasidan chiqarilgan hukm tushuniladi.

Bolalarning tovarga aylanib borayotgani, bu borada insoniy qadriyatlarning ikkinchi masalaga aylanib borayotgani afsuslanarli, albatta. Tahlilchilar bolalarning tirik tovarga aylanishining koʻpayib borishiga iqtisodiyotning globallashuvi, rivojlangan davlatlarda fahshga talabning ortishi, ayrim mamlakatlarda oila institutining tanazzulga yuz burgani, Internet tarmoqlaridan foydalanuvchilar sonining ortib borishi ham sabab boʻlayotganini aytishadi. Bunda, ayniqsa, Internet xizmati katta boʻlmoqda.

de868a3fd1d3951b96bf25bd94d85f80.jpg

Bolalarni mehnatga majburlash deganda, oila aʼzosi boʻlmagan shaxsning begona bolani ishlashga majburlashi tushuniladi. Bunda, qochib ketishning imkoniyatiga ega boʻlmagan bola mutlaqo begona kishiga foyda keltirish uchun ishlashga majbur boʻladi. Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda dunyoda 126 millionga yaqin bola juda ogʻir sharoitlarda mehnat qilayotgan boʻlsa, har yili 1,2 million bola sotib yuboriladi yoki mehnatga majbur qilinadi. Koʻmir konlari kabi inson salomatligi uchun zararli boʻlgan barcha yumushlarda ularning mehnati eng arzon mehnat sifatida baholanyapti. Bolalarni asrab olish orqali ham bolalar sotilayotgani aytiladi. Keyinchalik asrandi farzandlar boshqa maqsadlarda foydalanilayotgani haqida matbuotda koʻp yozilmoqda. Ayrim mamlakatlarda bolalarni asrab olish urfga aylanayotgan boʻlsa, boshqa mamlakatlarda ularning tana aʼzolarini xarid qilish avjiga chiqdi. Norasidalarning sogʻlom tana qismlari pullansa, qoʻlida qurol ushlashga qodir boʻlgan “ona suti ogʻzidan ketmagan” bolalar turli mintaqalardagi qaynoq nuqtalarda jang qilishga majbur boʻlmoqda. Bir qator mamlakatlarda bolalar qurolli toʻqnashuvlarga jalb (yoki majbur) qilinayotganidan ham koʻz yumib boʻlmaydi. Bolalarni askarlikka majburlash insoniy qadriyatlarning qoʻpol suratda buzilishini anglatadi. Bu ularning bolaligidan mahrum qilish emasmi? Chunki qoʻlga qurol olgan bolalar oʻz qarindoshlari, qishloqdoshlarini oʻldirishga majbur qilinayotgani sir emas. Otib oʻldirilgan bolalarning gunohi nima edi? Jarohat olib yurtiga qaytgan, ammo qishloqdoshlari tomonidan qabul qilinmaydigan askar bolalarning jismoniy va maʼnaviy yarasini kim davolaydi? Bu savollarga hozircha javob yoʻq. Askar bolalar katta yoshdagi harbiy xizmatchilarga qaraganda arzonga ishlaydi. Shuningdek, asl maqsadni tushunmay jangga kiradigan bolalarning dala qoʻmondonlari uchun deyarli xatarli emasligi aniq.

Soʻnggi yillarda BMT mutaxassislari bolalarning organlari noqonuniy savdosi avjiga chiqayotganidan xavotirga tushib qoldi. Bolalarning tana aʼzolaridan genetik tadqiqotlarda, ayrim qabilalarning diniy marosimlarida foydalanilmoqda. Biroq, bolalarning tana aʼzolari “ehtiyot qism” sifatida, asosan transplantatsiya maqsadlarida ishlatilmoqda. Bemorning tanasiga boshqa aʼzoni koʻchirib oʻtkazish uzoq davom etadigan jarayondir. Koʻp hollarda rasmiy jarrohlik amaliyotlari samara bermasligi mumkin. Chunki, bemorga tirik aʼzo oʻtkazilishi kerak. Yurak urushi toʻxtaganidan keyin tana aʼzolari ham oʻzgaradi. Shu sababli ham boyvachchalar katta pul evaziga oʻzlariga kerak boʻlgan aʼzoni 24 soat ichida olish imkoniyatini qidirishadi. Buning uchun uyushgan jinoiy guruh aʼzolari odamlarni oʻgʻirlash va kerak boʻlib qolganda ularning tana aʼzolarini olishni yoʻlga qoʻydi. Inson aʼzolariga jahon bozorida talab ortmoqda. Donor buyragining oʻrtacha narxi 5 ming dollarga teng. Ammo 650 dollarga xarid qilish mumkin.

Bolalar savdosi qurbonlari kimlar degan savol tugʻiladi. Ekspertlarning fikricha, ular ota-onasidan ayrilgan bolalar, ogʻir ahvolga tushib qolgan oilalarning farzandlaridir. Chunki ularning taqdiri bilan hech kimning ishi yoʻq boʻlib, ularni hech kim qidirmaydi. Ganada bir bola uchun uning ota onasiga 50 dollar, sotuvchiga esa 300 dollar toʻlanadi. “Odamfurush”lar “qullik”ka jismoniy va moddiy tajovuz bilan emas, balki maʼnaviy-ruhiy taʼsir oʻtkazish orqali erishmoqda. Bu savdo bilan shugʻullanuvchilar imi-jimida ishlashni yoqtirishadi. Shu sababli ham qurbonlar avvaldan tanlangan kishilar boʻladi. Jinoiy biznesning qamrovini hozircha hech kim aniq ayta olmaydi. Xalqaro va milliy qonunlarda taqiqlanuvchi biznes bilan shugʻullanayotganlarga qarshi huquq tizimi hozircha yetarlicha ishlamayotgani tan olinadi.

photo5447607454935394744.jpg

Bolalar savdosi Boliviyada ham avjiga chiqmoqda. Bu illatni “mamlakatni boʻlib tashlovchi saraton” deb atashmoqda. Boliviyada oʻgʻirlangan bolalar mamlakatning oʻzida hamda qoʻshni Peru va Braziliyada sotilishi aytiladi. Ekspertlarning fikricha, har yili Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida bir millionga yaqin bola bedarak yoʻqoladi. Bunga uydan qochib ketgan va oʻgʻirlangan bolalardan tashqari daydilikni afzal koʻrgan va baxtsiz hodisa sababli yoʻqolgan bolalar kiradi.

2013-yilning iyul oyida AQSHning bir qator shaharlarida bolalar fohishaligiga qarshi Federal Tergov byurosi maxsus amaliyot oʻtkazgan edi. Uch kun mobaynida 13-17 yoshda boʻlgan 105 nafar oʻsmir ozod qilinib, 150 nafar qoʻshmachi hibsga olindi. Shuning oʻziyoq AQSHda bachchabozlik keng tus olayotganini koʻrsatib turibdi.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, Osiyoda 1 millionga yaqin bola, Hindistonda esa 1,5-2 millionga yaqin bola, AQSHda 100 ming va Lotin Amerikasida 500 ming bola fohishalikka majburlanayotgan ekan. Bunday majburlash bola ruhiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi aniq. Bu kabi “ishlar”dan keyin bolalarning barkamol boʻlib yetishishiga kim kafolat bera oladi? Hech kim. Bolalarning bu kabi – aqlbovar qilmaydigan ishlarga jalb qilinishini nima bilan oqlab boʻladi?

Nigeriyada faoliyat yuritadigan “Boko Haram”ning 21 asrda ochiqdan ochiq odam savdosi, jumladan balogʻatga yetmagan qizlarni sotish bilan shugʻullanayotgani, oʻzini “Islom Davlati” deb ataydigan guruh qullikni qonuniylashtirgani tashvishlanarli holdir. Agar bu muammolarni hozir bartaraf etmaydigan boʻlsak, kelajakda vaziyat yanada murakkablashmaydimi? Bolalar savdosi jamiyat va davlat uchun zararli illat ekani maʼlum. Ham jismonan, ham maʼnan sogʻligʻidan ayrilgan bolalar koʻp hollarda giyohvandlik kabi zararli illatlarga mubtalo boʻladi. Koʻp hollarda bolalar balogʻatga yetmay halok boʻladi. Taʼlim olish huquqidan mahrum boʻlgan va ogʻir mehnatga jalb qilingan bolalar mamlakatlarning iqtisodiyoti oyogʻiga bolta urishini anglatadi.

Bolalar savdosidan kelgan daromadlar boshqa bir jinoyatlarga sabab boʻladi. Chunki bola savdosi boshqa bir jinoiy faoliyat bilan chambarchas bogʻlanib ketgan. Shu oʻrinda noqonuniy pullarni qonuniylashtirish (“pullarni yuvish”), narkobiznes, hujjatlarni soxtalashtirish va bolalarni qonunga zid ravishda chegaralardan olib oʻtishni eslatib oʻtish kerak. Qayerdaki, uyushgan jinoyatchilik gullab-yashnar ekan, oʻsha mamlakatda davlat idoralari kuchsizlanadi va qonunlar ishlamaydi. Shu sababli ham bolalar savdosiga qarshi keng jamoatchilik oyoqqa turishi kerak. Bolalar savdosi tahdidli jarayonga aylanib borayotgani sabab, unga qarshi zarur chora-tadbirlarni ishga solish shart. Chunki, savdoga qoʻyilgan bolalar, voyaga yetmagan fohishalar, transplantatsiya donorlari taqdirlarini oʻzlari tanlamagan. Ular shunga majbur boʻlgan yoki majbur qilingan.

 

Sharofiddin Toʻlaganov, OʻzA