Davlatimiz rahbarining 2017-yil 17-noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilinganiga bir yil toʻldi.
Mazkur farmonda Oʻzbekiston Respublikasi “Hunarmand“ uyushmasiga ham bir qator vazifalar qoʻyilgan edi. Jumladan, xalqimizning madaniy merosi va tarixiy anʼanalarini saqlab qolish, xalq badiiy va amaliy sanʼatini yanada rivojlantirish, hunarmandlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqarolarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maqsadli va kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu asosda aholi, ayniqsa, yoshlar, ayollar va kam taʼminlangan oilalar bandligini taʼminlash uyushmaning asosiy vazifasi sifatida belgilangan edi.
Xoʻsh, oʻtgan vaqt davomida topshirilgan vazifalar qay darajada bajarildi?
Bu kabi savollarga poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida javob qaytarildi.
Anjumanda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi U.Abdullayev va boshqalar mamlakatimizda hunarmandlikka ulkan eʼtibor qaratilayotgani, buning samarasida usta-hunarmandlarga turli imtiyoz va erkinliklar berilayotgani, xususan, mazkur farmon ham oilaviy tadbirkorlik, hunarmandlik bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlarga barcha shart-sharoitni yaratishda keng imkoniyatlar ochib berayotganini taʼkidladi.
Respublika “Hunarmand” uyushmasi roʻyxatidan oʻtgan hunarmandlar joriy yil boshida 11 ming 600 nafarni tashkil etgani holda, olib borilgan targʻibot va tashviqot ishlari natijasida ayni paytda ular soni 29 ming nafarga yetdi.
Anʼanaviy hunarmandlikni keng targʻib qilish maqsadida “Ipak va ziravorlar”, “Nurli navolar”, “Boysun bahori” xalqaro festivallari, koʻrgazma-savdolar oʻtkazildi.
Respublika “Hunarmand“ uyushmasi joriy yilning iyul oyida AQSHda oʻtkazilgan “Xalq amaliy sanʼati xalqaro bozori” festivalida 24 nafar hunarmandning ishtirok etishiga amaliy yordam berdi. Festivalda ishtirokchilar tomonidan 451 ming AQSH dollari miqdorida milliy hunarmandlik mahsulotlari sotildi. 30 dan ortiq davlat vakillari orasida mamlakatimiz ishtirokchilari mahsulotlari realizatsiyasi boʻyicha ilgʻorlar safidan joy oldi.
Toshkent, Surxondaryo, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand viloyatlari va poytaxtimizning ayrim tumanlarida xotin-qizlar oʻrtasida hunarmandlikni rivojlantirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarni qoʻllab-quvvatlash, bandligini taʼminlashga koʻmaklashish maqsadida kashtachilik, gilamdoʻzlik, taqinchoq va oʻyinchoqlar, esdalik buyumlari yoʻnalishlari boʻyicha 2 oylik bepul oʻquv kurslari tashkil etildi va samarali yakunlandi.
Joriy yilning 1-iyunidan eʼtiboran “Hunarmand“ uyushmasi tomonidan hunarmandlarga elektron guvohnoma berish tizimi joriy etildi. Bu chekka hududlarda faoliyat olib borayotgan usta-hunarmandlar vaqti va xarajatini tejash imkonini bermoqda.