Yurtimizda Ayollar tadbirkorligi haftaligiga start berildi.
Haftalik oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida “Tadbirkor ayol“ Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi tomonidan Xalqaro ayollar tadbirkorligi kuniga bagʻishlab tashkil etilgan bu haftalikning qiziqarli va rang-barang loyihalari butun mamlakatimizni qamrab olishi bilan ahamiyatli boʻlishi taʼkidlandi.
Bir hafta davomida ayollar biznesining eng tajribali vakillari va sohaga endigina kirib kelayotgan xotin-qizlar mamlakat miqyosida oʻtkaziladigan koʻplab tadbirlarda ishtirok etadi. Anjuman, mahorat saboqlari, jonli muloqot tarzida oʻtadigan mazkur tadbirlarda ayollarning biznesga doir muvaffaqiyati ommalashtirilib, yurtimizda ayollar tadbirkorligi muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari atroflicha muhokama etiladi.
“Tadbirkor ayol“ Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi raisi Gulnora Mahmudovaning aytishicha “Innovatsiyalar va investitsiyalar mahalliy va tashqi bozorlarda ayollar tadbirkorligi rivojining samarali omili“ mavzusi bu yilgi haftalikning asosiy mazmunini tashkil etadi. Yurtimiz iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb qilish, sanoat va qishloq xoʻjaligida innovatsion texnologiyalarni qoʻllash, mintaqaviy va jahon bozorlariga chiqish boʻyicha ayollar tadbirkorligiga oid dolzarb masalalarni tahlil qilish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkor ayollarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish boʻyicha istiqbolli strategiyalarni ishlab chiqishga eʼtibor qaratiladi.
Ayni paytda ushbu loyiha xotin-qizlarning biznes boʻyicha taʼlim olishiga imkoniyatlar yaratish, ularni moliyaviy manbalardan toʻgʻri foydalanishga oʻrgatish, oʻzaro tajriba almashish, “Usta-shogird“ anʼanalari bardavomligini taʼminlash, ilgʻor tajribalarni ommalashtirish orqali ayollar tadbirkorligi harakatini yanada rivojlantirishga hissa qoʻshish imkonini beradi.
Haftalik doirasida yurtimizning barcha hududlarida “biznes malika“lar ishtirokida sport marafoni tashkil etiladi, ayollar tadbirkorligi boʻyicha duch kelinayotgan kamchiliklarga oid ijtimoiy soʻrovnoma oʻtkaziladi. Mamlakatimiz va xorijlik mohir ekspertlar ishtirokida “Aqlli tekstil“, “Qishloq xoʻjaligida innovatsion yechimlar“, “Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish“, “Ishlab chiqarishga yuqori texnologiyalarni qoʻllash“ kabi mavzularda seminar-mashgʻulotlar, mahorat darslari boʻlib oʻtadi.
“Anor – 2018“ tadbirkor ayollar koʻrik-tanlovining yakuniy bosqichida esa eng ilgʻor tadbirkor opa-singillarimiz “Eng yaxshi tadbirkor ayol“, “Eng yaxshi fermer ayol“, “Eng yaxshi servis xizmati“ kabi nominatsiyalar boʻyicha aniqlanadi.