Prezident Nukus gornizoni harbiylari bilan uchrashdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻistonga tashrifining ikkinchi kuni Shimoli-Gʻarbiy harbiy okrugga qarashli Nukus gornizonida boʻldi. Bu yerda Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yigʻilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosi bilan tanishdi, harbiylar bilan muloqot qildi.

Milliy armiyamiz jangovar qudratini oshirish, harbiy xizmatchilarga munosib shart-sharoitlar yaratish doimiy eʼtiborda. Keyingi yillarda bu borada tizimli islohotlar amalga oshirildi.

Xususan, harbiy salohiyatni oshirish maqsadida qoʻshinlar zamonaviy harbiy texnika, qurol-aslaha va aloqa vositalari bilan taʼminlash yangi bosqichga koʻtarildi. Nazariy bilimlarni amaliyotda sinovdan oʻtkazishga eʼtibor kuchaytirildi. Joriy yilning oʻzida dala poligonlarida jangovar holatlarga yaqin holatda amaliy mashgʻulot oʻtkazish sezilarli darajada oshdi. Bu harbiy xizmatchilarning psixologik va ruhiy tayyorgarligini kuchaytirish, milliy armiyamiz salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Nukus gornizoni hududidagi harbiy qism yotoqxonasi, oʻquv korpuslari, harbiy savdo majmuasi, oshxona, shuningdek, harbiy shaharchadagi bogʻcha, maktab va yashash uylari taʼmirlandi. Kichik oʻquv poligoni va chavandozlik tayyorgarligi maydoni kapital rekonstruksiya Hududda tennis, futbol, voleybol maydonchasi yangidan qurildi.

Kapital rekonstruksiya qilingan oʻquv korpusining birida muddatli harbiy xizmatchilar kompyuter savodxonligi, tadbirkorlik kurslari, xorijiy tillar, matematika va fizika boʻyicha mashgʻulotlarda qatnashadi.

Qisqacha aytganda, bu yerda muddatli harbiy xizmatchilar kelajakda oʻzlari uchun zarur boʻlgan bilimga ega boʻladi.

Ikkinchi oʻquv korpusida merganlik, artilleriya, havo hujumidan mudofaa, harbiy topografiya, harbiy taktik maxsus va aloqa tayyorgarlik boʻyicha nazariy bilimini oshiradi. Bundan tashqari, boy kitob fondiga ega va zamonaviy axborot vositalari bilan taʼminlangan kutubxona askarlar xizmatida. Bu yerda harbiy xizmatchilar videomuloqot orqali taniqli yozuvchi va shoirlar bilan suhbatlashish imkoniga ega.

Prezidentimiz oʻquv korpuslarida turli mutaxassisliklar boʻyicha oʻtkazilayotgan mashgʻulotlar jarayoni bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari harbiylar faqat Vatan himoya qilishni oʻylashlari lozimligi, buning uchun ularni uy-joy bilan taʼminlash, farzandlari taʼlim olishi uchun zarur sharoit yaratish, oila-aʼzolarini doimiy ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni taʼkidlagan. Prezidentimiz 2018-yil mart oyida namunali xizmat oʻtayotgan harbiy xizmatchilar farzandlarini oliy oʻquv yurtiga imtiyozli qabul qilish haqidagi qarorni imzoladi. Mazkur qaror ijrosi doirasida joriy yilda 700 dan ortiq harbiy xizmatchilar farzandlari imtiyozli ravishda turli oliy oʻquv yurtlari talabalari boʻlishdi. Ular orasida Qoraqalpogʻistonda xizmat qilayotgan harbiylar farzandlari ham bor.

Harbiylarimizning ham jismonan, ham bilim jihatidan barkamol boʻlishi uchun hamma sharoitlarni yaratyapmiz. Shuning uchun sizlar bir soat ham vaqtlaringizni behuda oʻtkazmay, kitob oʻqishingiz, chuqur bilim olishingiz, axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni puxta oʻrganib, yoshlarga oʻrnak boʻlishingiz kerak. Chunki yoshlar bizning tayanchimiz, umidimiz, dedi Prezident.

Uchrashuvda harbiy xizmatchilar yashash sharoitini yanada yaxshilash, buning uchun joylarda tashkil etilgan harbiy sektorlar faoliyatini takomillashtirish lozimligi qayd etildi.

46b20d49-6abb-a353-b317-a93dbd70ae5e.jpg
38430ba0-52bf-9bd6-487c-8292a8b5cbd4.jpg
268a5d7f-cd1a-bdb7-7d4d-f9f7e59eba10.jpg

 

Ziyodulla Jonibekov, OʻzA