Maktab oʻquvchilari yosh grossmeyster bilan bellashdi

Yashnobod tuman hokimligi tashabbusi bilan isteʼdodli shaxmatchi Javohir Sindorov poytaxtimizning 152-umumtaʼlim maktabiga taklif etildi.
photo5434124483146394325.jpg
Xabaringiz bor, 12 yoshli hamyurtimiz Javohir Sindorov Vengriya poytaxti Budapesht shahrida boʻlib oʻtgan “First Saturday GM” xalqaro turnirida grossmeysterlik unvonini qoʻlga kiritib, jahon shaxmat tarixida S.Koryakindan keyin ikkinchi, shaxmat vatani boʻlmish Osiyoda esa birinchi — eng yosh shaxmatchi sifatida eʼtirof etilgandi.
Yashnobod tuman hokimligi tashabbusi bilan isteʼdodli shaxmatchi poytaxtimizning 152-umumtaʼlim maktabiga taklif etildi. Mazkur taʼlim maskanida hozirda 2 ming 630 nafar oʻgʻil-qiz tahsil olmoqda. Jahonning eng yosh grossmeysteri bilan uchrashuvda shaxmatsevar oʻquvchilar oʻzlarini qiziqtirgan koʻplab savollarga javob topdi. Muloqotda Javohir tengdoshlariga oʻzi qatnashgan xalqaro turnir taassurotlarini aytib berdi.
Tadbir doirasida shaxmat boʻyicha Osiyo va jahon chempionatlari gʻolibi, yosh grossmeyter Javohir Sindorov maktab oʻquvchilari bilan shaxmat oʻynadi, bu oʻyin sirlari bilan oʻrtoqlashdi.

 

A.Musayev, OʻzA