Tadbirkoru hunarmandga qanot boʻlayotgan koʻrik-tanlov

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun tashkil etilgan “Tashabbus-2018” respublika koʻrik-tanlovi hunarmandlarning mahorati va isteʼdodini, tadbirkorlarning salohiyatini, fermerlarning mirishkorligini yana bir karra xalqimizga namoyish etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan mazkur koʻrik-tanlov doirasida qiziqarli uchrashuvlar, oʻquv-seminarlar, mahorat darslari boʻlib oʻtmoqda. Ularda yurtimizning soliq siyosatiga oid yangiliklar, hududlarda boʻsh turgan davlat obyektlari va ularni tadbirkorlik subyektlariga berish tartib-tamoyillari, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish istiqbollari, mahalliy mahsulotlar eksportlarini kengaytirishda xalqaro standartlar va sertifikatlash tizimi kabi mavzularga oid maʼlumotlar koʻrik-tanlov ishtirokchilari eʼtiboriga havola etildi.
– “Tashabus” koʻrik-tanlovi oʻzining amaliy ruhi bilan koʻpchilik uchun gʻoyat foydali va unumli boʻldi, – deydi Samarqand viloyatidagi “Urgut sanoat servis” oilaviy korxonasi rahbari Majitxon Islomov. – Bu yerda mamlakatmizning turli hududlaridan kelgan tadbirkorlarning faoliyati bilan batafsil tanishish, shuningdek, yurtdoshlarimizning korxona mahsulotlari, tadirkorlar faoliyatiga oid fikr va takliflarini kengroq oʻrganish, tahlil etish imkoniyati yaratilgani ahamiyatga molikdir. “Tashabbus” koʻrik-tanlovi yurtimiz tadbirkorlariga koʻrsatilayotgan katta eʼtiborning amaldagi yorqin namunasidir.

 

N.Usmonova, OʻzA