Yil boshidan respublika boʻyicha ulgurji savdo tovar aylanmasi 2017 yilning shu davriga nisbatan 5,7 foizga oʻsdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining Tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo statistikasi boshqarmasi maʼlum qilishicha, yil boshidan respublika boʻyicha ulgurji savdo tovar aylanmasi 43 761,0 mlrd. soʻmni tashkil qildi va 2017 yilning shu davriga nisbatan 5,7 foizga oʻsdi.
Ulgurji savdo tovar aylanmasida eng yuqori hajm kichik tadbirkorlik subyektlariga toʻgʻri kelmoqda. Mazkur hajm 2018 yil yanvar-oktyabr oylari yakunlariga koʻra, 28 754,7 mlrd. soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2,5 foizga oʻsdi. Ushbu sektorning umumiy ulgurji savdo aylanmasidagi ulushi esa 65,7 foizni tashkil qilmoqda. Bu koʻrsatkich boshqa viloyatlar bilan taqqoslaganda, Toshkent shahrida (79,7 foiz), Fargʻona (71,6 foiz) va Samarqand (70,2 foiz) viloyatlarida yuqori boʻlgan.
Ulgurji savdo aylanmasining tarkibida yirik korxonalar aylanmasining ulushi 34,3 foizni tashkil etdi. Yirik korxonalarning aksariyati Navoiy (68,6 foiz), Toshkent (63,3 foiz) va Jizzax (54,3 foiz) viloyatlarida kuzatildi.
Ulgurji tovar aylanmasi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan Qashqadaryo viloyatida oʻsish surʼatida kamayishi kuzatildi – 96,9 foiz.
OʻzA