Tibbiyotga “Blokcheyn” texnologiyalari joriy etilmoqda

“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartizatsiyasi Davlat markazi” DUKning avtomatlashtirilgan reyestrlar tizimiga “Blokcheyn” texnologiyasi joriy etildi. 
Mazkur texnologiyaning ishlash prinsipi reyestrlar tizimini unda saqlanadigan maʼlumotlarning har qanday manipulyatsiyasidan himoya qiladi hamda uning barqarorligi va ishonchliligini oshiradi.
Dastavval “Blokcheyn” termini “Bitkoyn” toʻlov tizimida foydalanilgan toʻliq replikatsiya qilingan maʼlumotlar bazasini ifodalash uchun qoʻllanilgan. Shuning uchun ham koʻpincha blokcheyn turli xil kriptovalyutalardagi tranzaksiyalarga tenglashtiriladi. Biroq, bloklar zanjirlari texnologiyasi tufayli “Blokcheyn”ni har qanday oʻzaro bogʻlangan axborot bloklariga nisbatan ham qoʻllash mumkin. Oʻzbekistonda “Blokcheyn” texnologiyasini rivojlantirish maqsadida 2018 yil 5 oktyabrda “Raqamli ishonch” raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi va Rossiyaning “Blockchain Industrial Alliance” kompaniyasi oʻrtasida memorandum imzolandi.
– Biz “Blokcheyn”ni dori vositalarining maʼlumotlar bazasiga joriy etdik, – deydi “Raqamli ishonch” raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining texnologiyalar boʻyicha investitsion direktori B.Oqilxonov. – Yangi texnologiya ushbu bazadagi barcha amallarning shaffofligini taʼminlab, farmatsevtika mahsuloti sifatining davlat nazorati tizimiga ishonch darajasini oshiradi. Biz kelgusida tovarning toʻliq hayotiylik davrini “Blokcheyn” platformasida qayd etib borishni maqsad qilganmiz.
Texnologiyaning asosiy oʻziga xos xususiyatlardan biri uning ishonchliligidadir. Unda dori vositalarining elektron sertifikatidan foydalanilib isteʼmolchini qalbaki dori-darmonlarni sotib olishdan himoya qiladi. Barcha kelib tushayotgan maʼlumotlar yigʻilib, muntazam ravishda yangilanib boradigan maʼlumotlar bazasi shakllanadi. Ushbu bazadan biror maʼlumotni oʻchirish yoki blokni almashtirishning imkoni yoʻq.
– “Blokcheyn” tibbiyotda yangi imkoniyatlarni ochib beradi, – deydi “Blockchain Industrial Alliance” kompaniyasi bosh direktori A.Doronin. – Birinchi navbatda, bu oʻta muhim maʼlumotlarning yagona ishonchli saqlanadigan joyda birlashishidir. Endi dori vositalari toʻgʻrisidagi barcha zarur maʼlumotlardan barcha muassasalar, shifokorlar, taʼminotchi va bemorlar foydalanishi mumkin boʻladi. Bu esa, oʻz navbatida jamiyat va davlat nazorati, audit shaffofligini taʼminlaydi.

 

Roman Bondarchuk, OʻzA