Biri turizm obyektlarida audio gidlarni joriy etmoqchi, boshqasi esa...

Joriy yilning 10 noyabr kuni Germaniyaning Berlin shahrida Oʻzbekiston Respublikasining Germaniyadagi elchixonasi, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi, “Nihol” oʻzbek-nemis ilmiy-madaniy jamiyati hamda boshqa vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda “Xorijiy innovatsion gʻoyalar va texnologiyalar hamda ularni Oʻzbekistonda tatbiq qilish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi, deya xabar bermoqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.
photo5431455259756177711.jpg
Unda qatnashgan Germaniya va boshqa Yevropa mamlakatlarida taʼlim olayotgan oʻzbekistonlik talabalar, ilmiy tadqiqotchilar, nemis kompaniya va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan oʻzbek mutaxassislari, tadbirkorlar, tomonidan turli yoʻnalishlarda ishlab chiqilgan innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va yangi texnologiyalar namoyish etildi hamda ushbu loyihalarni Oʻzbekistonda amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Jumladan, Chexiya tabiiy fanlar universiteti magistranti B.Hojimurodovning “Oʻzbekistonda shaharlararo avtobus transporti tizimini rivojlantirish, ichki va xorijiy turistlarga qulay sharoit yaratish”, Germaniyaning “Vayfeyr“ kompaniyasining narx tahlili boʻyicha mutaxassisi Z.Rahimovning “Turizm obyektlari va qadamjolarda audio gidlarni joriy etish mexanizmlari” hamda Germaniyaning Plantim Shvarts kompaniyasi muhandisi Sh.Turdaliyevning “Temir yoʻl transporti tizimida davlat-xususiy sektor sherikligini yoʻlga qoʻyish” kabilar namoyish etildi.
Shuningdek, Oʻzbekistonning turizm salohiyatini vatandoshlar tomonidan targʻib qilish yoʻllari, xorijiy malakali mutaxassislarni turizm sohasida kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish uchun jalb etish, mamlakatimiz turizm infratuzilmasini yaxshilash uchun investitsiyalar kiritish kabi masalalar muhokama qilindi.

 

Inobat Ahatova, OʻzA