“Toshkent-2025: transformatsiya“ loyihasi taqdimoti

Yaqinda Igor Moiseyev nomidagi Rossiya davlat akademik xalq raqs ansambli badiiy rahbari Yelena Sherbakova Toshkentga qariyb 35-40 yillar avval kelgani, oʻtgan yillarda poytaxt shaharda koʻp yaxshi oʻzgarishlar boʻlib, tanib boʻlmas darajada oʻzgarib ketgani haqida aytgandi.
Toshkent shahar hokimligida “Toshkent-2025: transformatsiya“ loyihasi taqdimotiga bagʻishlangan tadbirda poytaxtimiz qiyofasini yanada zamonaviylashtirish, bu borada istiqboldagi loyihalar xususida atroflicha soʻz yuritildi.
Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi J.Ortiqxoʻjayev, shahar hokimligi qoshidagi jamoatchilik kengashi raisi H.Abdurahmonov va boshqalar bugungi shiddatli davr shaharsozlik sohasi oldiga ham zamon ruhiga monand talab va ehtiyojlarni qoʻyayotganini taʼkidladi.
2018 yilning oktyabr oyida Toshkent shahar hokimligi qoshidagi jamoatchilik kengashi tomonidan “Toshkent-2025: transformatsiya“ loyihasiga asos solindi. Mazkur loyiha “Urbanistika markazi“ jamoat fondi tomonidan amaliyotga joriy etilishi koʻzda tutilgan. Uning asosiy maqsadi aholi turmushi darajasini yanada oshirish, shahar iqtisodiyoti raqobatbardoshligini, barqaror rivojlanishini taʼminlash uchun keng qamrovli strategiyalar ishlab chiqish kabilardan iboratdir.
Loyiha rejasiga koʻra, 2025 yilga borib Toshkent eng zamonaviy, investitsiya va turizm uchun jozibador, boy tarixiy va madaniy merosni oʻzida mujassam etgan, aholi uchun qulay yetakchi shaharga aylanishi koʻzda tutilgan.
“Toshkent-2025: transformatsiya“ loyihasi maʼmuriy islohotlar, shaharni rivojlantirishning iqtisodiy strategiyasi, uy-joy kommunal xizmatlar, ijtimoiy soha va inklyuziv taraqqiyot, ekologiya kabi yoʻnalishlarni qamrab oladi. Loyiha dastlabki jamoani shakllantirish, ilk maʼlumotlarni yigʻish, kamchiliklarni aniqlash va zarur “Yoʻl xaritasi“ni tuzish, yoʻnalishlar boʻyicha strategiyalar ishlab chiqishni boshlash, belgilangan vazifalar bajarilishini kuzatib borish, natijalar taqdimoti kabi bosqichlardan iboratdir. Loyihaga oid vazifalarni belgilashda aholining keng qatlamlari, olimlar, ekspertlar, moliya institutlari, urbanistikaga oid xalqaro tashkilotlar mutaxassislari fikrlariga, jahondagi yirik megapolislar tajribasiga tayanib ish koʻriladi.

 

N.Usmonova, OʻzA