“DINOZAVR”

“Majburiy obuna qildirishsa, menga ayt. Oʻzim taʼzirini beraman, qahramon boʻlaman…”
Matbuot sahifalarida
* Biz matbuot doʻkonlarida ijtimoiy-siyosiy nashrlarning boʻlmasligiga oʻrganib qoldik…
* Bozorlarda, gavjum joylarda bunday nashrlarning yerga yoyib sotishayotganiga koʻnikmadik, uchratmadik…
* Avtobuslarda, avtoturargohlarda yosh bolalarning shov-shuvli, jiddiy maqolalar haqida bong urgani haqida eshitmadik…
* TVda rasmiy nashrlarning reklamasi, sharhi berilmadi…
Bunga ehtiyoj ham yoʻq edi. Chunki muassisi boʻlgan nashrlar “koʻchada” qolmasdi…
Rasmiy-siyosiy nashrlar “indamaygina”, “imi-jimida” tashkilotlarga kirib bordi. Davlat tashkilotiman, degan borki, yilning soʻnggi choragida obuna muammosiga duch keldi. Gazetaga muammo, deb qaraldi. Buning koʻplab asosli omillari bor, albatta.
“Jiddiy” gazetalar oʻta jiddiylashib ketdi. Kam eshitadigan, koʻp gapiradigan boʻlib qoldi. Orol qurib bordi, nashrlar sahifalarini suv bosdi… Katta yozuvchi aytganidek, mazmun degan narsa bir paqir suvning ustida suzib yurgan yogʻga oʻxshab qoldi. Nashrlarimiz koʻpincha jiddiy tashkilotlarning hisoboti, meʼdaga tegadigan tadbirlari bilan toʻyindi. Xodimlar qargʻa “qagʻ” etganda bosiladigan tanqidiy, tahliliy materiallar bilan gazetxonni ushlab turishiga ishondi. Jurnalist muammoni izlab borganidan koʻra, muammo jurnalistni izlab kelgan holatlar koʻp boʻldi. Bunday murojaatlarga javoban hafsala qilgan tahririyatlar boʻldi. Muammoni borib oʻrgandi, yechim topdi.
Va bu harakatlar bizni harakatsizlikka oʻrgatib qoʻydi.
Bu urinishlar bilan gazeta qilib boʻlmas ekan. Bunday gazetalarni odamlar oʻz istagi bilan oʻqimas ekan. Matbuot doʻkonidan izlamas ekan.
Natija esa bugun koʻpchiligimizga maʼlum.
UYQU UYFOTDI… 
Rasmiy bosma nashrlarning uzoq uyqusi internetni uygʻotib yubordi. Biz kecha tan olmaganimiz, tasavvur qilolmaganimiz uchun bugun uyalib qolyapmiz. Texnika – bu texnika, taraqqiyot – bu taraqqiyot!
Insoniyat yoʻqolib ketgan turlar haqida gapirganda, odatda dinozavrlar va mamontlarni esga oladi. Chunki ular hajman katta. Shu sabab, bizga qiziq tuyuladi. Va ularni oʻzimizcha “sogʻinib” ham qoʻyamiz. Kino va multfilmlarda, badiiy asarlarda gavdalantiramiz. Insoniyatni shavqatsizlikda, tabiat kushandasi sifatida ayblaymiz. Bugungi kunda yoʻqolib borayotan turlar fojiasidayam insonni ayblaymiz.
Oʻzi shunaqa, yoʻqotilgach, qadri bilinadi.
Nima boʻpti, gazetayam bugungi dinozavr! Odamlarni orasiga sigʻmayapti. Hajman kattaligi, yoʻq, hajman mavjudligi bilan bizni qiynayapti. Millionlab daraxtlarni “yeyapti” (!) Yuz minglab odamlarning choʻntagiga oʻgʻrilarcha qoʻl solyapti. Oyligiga koʻz tikyapti.
Xulosa qilganlar ham bor: gazeta-dinozavr – bu qandaydir nomaʼlum tur. Qachon paydo boʻlganiyam nomaʼlum va u albatta, yoʻqolishi kerak! U sogʻib boʻlingan sigir. Ikki asr sut berdi axir, qaridi-da! Axborotni endi TV, radio, internet ham bera oladi.
ESKI ODAMLAR
Yaqinda toʻqsonga yaqinlashib qolgan faxriy jurnalist Gadoy Meliyev keldi. Bu odam kamina tugʻilmasidan qirq yillar avval gazetachilikni boshlagan: – Bolam, gazetani sogʻinaman-da. Hech narsa gazetaning oʻrnini bosolmasa kerak. Anchadan beri kelolmagandim, mana, mahalladan yangiliklar, yaxshi xabarlar olib keldim. Gazetada bering, oʻqib bir xursand boʻlishsin!
Shokir Sheraliyev – bu odam bir paytlar ancha-muncha yuragi botirlar ham qoʻl urmagan ishni amalga oshirgan. Oʻzi tugʻilib oʻsmagan, mushugiyam adashmagan chekka bir tumanga borib tuman gazetasini tashkil qilgan. Oʻsha gazetani oʻqib, maʼrifatli boʻlganlar bugun juda katta odam. Shokir akani tanimasayam kerak. “Tumanda oʻzi birgina ommaviy axborot vositasi bor. Mahalliy xabarlar, yangilik va muammolarni shu orqali oʻqiyapmiz. Yonimizdagi odamlar, aniqrogʻi, biz haqimizda Toshkentdan kelib yozishmaydi-ku. Buning imkoniyati ham yoʻq. Kulmasangiz aytay, kamiga men internetni tushunmayman. Mahallada telefondan shunchaki, foydalanish uchun ham ”antenna“ izlaymiz…” dedi ustoz.
Hasan Sultonov – “Oltin qalam” xalqaro koʻrik-tanlovi sohibi. Mohir karikaturachi. “Mushtum”ni uzoq yillar, hozir ham “gullatayogan” rassomlardan biri. Jomboylik boʻlgani uchun hazil-chin shart qoʻydik: “Yoki bizgayam karikatura chizib berasiz yoki koʻchib ketasiz!” “Shart”ni qabul qildi. Hozir bu odam tahririyatning oʻz xodimiga aylanib qoldi. Foya va takliflarimizni istaganimizdan-da yaxshiroq aks ettiryapti. Har bitta karikaturasidan keyin tahririyatga “kattakon”lardan qoʻngʻiroq boʻlib turibdi. “Ilhom quyilib kelyapti. Oʻzimni yosharganday sezyapman. Meni Jomboyga qaytadan tanitib yubordilaring, mashhur boʻlib ketdim…” deydi Hasan aka.
Bu toifa kishilarni birgina Jomboyning oʻzida istagancha sanash imkoniyatimiz bor. Ular hozir ham biz, nabiralari tengi avlod bilan yelkadosh.
Afsuski, ularning hech biri bugun internetni bilmaydi. Ular dinozavr davrida yashashgan, ishlashgan…
Tahririyat qoshida tashkil etilgan “Parvoz” toʻgaragida ham qirqqa yaqin yoshlar maqola, sheʼr va hikoyasi bilan qatnashib turibdi. Ayrimlarining qoʻlida zamonaviy telefoni, internetga kirish imkoniyati boʻlsayam, hozircha ular shu yerda, yonimizda.
JARAYON BORMI – HAYOT BOR
Ustozimiz aytardi: “Maqola tayyorlamoqchi boʻlgan joyingda qurilish, taʼmirlash, obodonlashtirish ishlari olib borilayotgan boʻlsa, buni inobatga ol. Tartibsizlik, pala-partishlik bartaraf etilayotganini koʻrding, ishondingmi, u yerda sen qiladigan ish qolmadi. Muhimi, muammo bartaraf etilyapti. Jarayon ketayotganda, ularning ustiga chiqib tepish shart emas…”
Bugun oʻzbek bosma ommaviy axborot vositalarida tiklanish jarayoni ketyapti.
Nashrlar eski aqidalaridan voz kechyapti. (Voz kechmayotganlar boʻlsa, ular ham yangicha ishlashga ertaga emas, bugun oʻtishi kerak).
Masalan, birinchi marta Samarqand viloyatidagi “Zarafshon” gazetasi obuna uyushtirgan tashkilotlarga qimmatbaho sovgʻalar vaʼda qildi. Vaholanki, har yili soha faxriylari, ellikka yaqin pensionerlar tahririyat hisobidan obuna qilib berilardi.
Navoiy viloyati Karmana tumani “Karmana ovozi” gazetasi obuna boʻlgan tashkilotlarga kitob sovgʻa qilishni taklif qildi.
Yana bir qator tahririyatlar (imkoniyati bori) gazetani obunachiga oʻzi yetkazib berishni rejalashtirib turibdi. Xalqqa yaqin boʻlamiz, obunachining fikrini, taklifini olamiz. Joylardan xabarlarimiz koʻpayadi, degan fikrda.
Boshqa bir nashr gazetani bozorlarda, aholi gavjum joylarda jarchilar orqali sotishni oʻylayapti.
Biz bilmagan, eshitmagan loyihalarni oʻylayotganlar topiladi, albatta. Bozor talabi, zamon talabi – shu.
Bosma nashrlarning soʻnggi ikki yilda ancha jonlangani, tahliliy-tanqidiy xabarlarning koʻpaygani, xabar va yangiliklarni veb-sayt, turli ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali berib borayotgani esa izoh talab qiladigan masala ham emas. (Qolaversa, uzoq yillar davomida kuzatilgan oʻlik sukunat faqat bosma OAVlarga emas, TV, radioga ham birdek tegishli).
Shu paytgacha bunday harakatlar deyarli boʻlmagan. Xoʻsh, gazetalarning yangicha ishlash tartibiga oʻtayotgani, zamon talablarini oʻziga singdirayotgani – bu tiklanish jarayoni boʻlmay, nima? Bu harakatlarga istalgan tizimda boʻlayotgan islohotlar kabi qarash kerak, xolos. Ushbu vaziyatda sohaning ustiga chiqib tepish emas, joʻyali, asosli, mantiqli takliflar berish aqlli odamning ishidir.
GAZЕTAFOBIYA
Yaqinda majburiy obunaga yoʻl qoʻygani uchun Bekobod tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudiri ishdan olindi. Bu xabar ishini yaxshi koʻradigan har qanday tashkilot rahbarini sergaklantirdi. Gazetani, deb ishdan ketishni kim ham xohlardi!
Masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Endi xalq taʼlimi boʻlimi mudirlari, boringki, istalgan tashkilot rahbari xodimiga “Gazeta oʻqing”, deyolmaydigan darajada qoʻrqib qolmadimikan?
Bizningcha, gazetafobiya shu taxlit rivojlantirib borilsa, bosma nashrlar shu yilning oʻzidayoq juda ogʻir holatga tushib qolishi aniq. Chunki biz “Majburiy obuna qildirishsa, paxtani majburiy terdirishsa, menga ayt. Oʻzim taʼzirini beraman, qahramon boʻlaman” deyapmiz. Ammo “Vijdon va aql tarozisi bilan oʻyla. Paxtani fursati kelib sening yordamingsiz ham terib olishlari mumkin. Hozircha qalb amri bilan paxta ter, shundayam tekinga emas. Borki, gazeta oʻqi. Saviyang, salohiyating uchun. Sohangni yaxshi mutaxassisi boʻlishing uchun bu ham bir manba”, demayapmiz.
XULOSA 
Bosma nashrlarda ishlayotganlar majburiy obuna tarafdori emas. Toʻgʻri, shu paytgacha mexanizm shunday ishlab kelgandi. Endi oʻsha xalqa uzib qoʻyildi. Demak, endi gazeta xodimining mehnati yanada ogʻirroq, zalvorliroq boʻladi.
Dunyoda gazeta oʻqilyapti. Qaysidir mamlakatda yuz kishidan uch-besh kishi, boshqasida ellik va undan ortiqroq kishi gazeta oʻqiydi. Ammo biz qanday davlatga aylanganimiz maʼqul? Oʻqiydigan, ongli tarzda mutolaa qiladigan jamiyatgami yoki osongina gazetadan voz kechadigan millatgami?
Insonga beriladigan eng eski va dastlabki savol: “Xoʻsh, kim boʻlmoqchimiz?!”
Isomiddin Poʻlatov,
jurnalist
Manba: “Jomboy tongi” gazetasi

 

OʻzA