Abdusalom Azizov AQSH harbiy delegatsiyasini qabul qildi
Oʻzbekiston mudofaa vaziri Abdusalom Azizov AQSH mudofaa vazirining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari boʻyicha yordamchisining oʻrinbosari Kolin Jekson boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi.

VF5A4526.JPG

AQSH Qurolli Kuchlari delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifidan maqsad ikki mamlakat mudofaa idoralari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikning hozirgi ahvoli va rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishdan iborat.

VF5A4593.JPG

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, Oʻzbekiston tomoni harbiy va harbiy-texnik sohada, shuningdek, mintaqada xavfsizlikni taʼminlash borasidagi dolzarb masalalar borasida Oʻzbekiston – Amerika mudofaa idoralari oʻrtasidagi kelishuvlarga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Uchrashuvda Afgʻonistondagi vaziyatni oʻnglash, xalqaro terrorizmga barham berish hamda mintaqada tinchlikni barqaror ushlab turish boʻyicha fikrlar almashildi.

Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston mintaqaning barqarorligi va rivojlanishiga sezilarli darajada taʼsir koʻrsatadigan qoʻshni Afgʻoniston davlatida tinchlik va xavfsizlik yoʻlidagi barcha harakatlarni qoʻllab-quvvatlaydi.

2018 yilning mart oyida Toshkent shahrida Afgʻoniston masalalari boʻyicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida xalqaro anjuman oʻtkazilgani, shuningdek, uning yakunida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinganining oʻzi Oʻzbekiston terrorizmning boshqa mamlakatlarda tarqalmasligi tarafdori ekanini koʻrsatadi.

AQSH – biz uchun ishonchli, uzoq yillar davomida sinalgan hamkor boʻlib, oʻrtamizdagi doʻstlik va oʻzaro munosabatlar doimiy ravishda oldinga qarab siljimoqda. Dunyodagi eng qudratli armiyaga ega mamlakat bilan mustahkam aloqa oʻrnatish, shubhasiz, Qurolli Kuchlarimiz jangovar shayligini oshirishga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi, – dedi uchrashuv davomida Abdusalom Azizov.

Bugungi kunda oʻzaro kelishilgan yillik rejalarga koʻra, Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari faoliyatiga doir masalalar boʻyicha tajriba almashish uchun koʻplab tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Oʻzbekiston mudofaa vaziri bilan uchrashuvdan soʻng AQSH delegatsiyasi Qurolli Kuchlar akademiyasida boʻldi.

Mehmonlar akademiya binosida joylashgan AQSH mudofaa sohasiga oid mashgʻulot xonasi bilan tanishib, kursantlar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi.

Aytish joizki, Oʻzbekiston Prezidentining 2018 yil may oyida AQSHga uyushtirgan tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqib, mamlakatlarimiz oʻrtasida yangi strategik hamkorlik davrini boshlab berdi. Mazkur tashrif davomida oʻtkazilgan muzokaralar natijasida tomonlar mudofaa sohasida amaliy hamkorlik yoʻnalishlarini aniq belgilab olishiga keng imkon yaratildi.

 

Z.Jonibekov, OʻzA