Jarangdorlik ortidagi xavf iskanjasi

“Tramadol”, “Lirika”… Goʻyoki jarangdor va bezarar tuyulgan ushbu psixofaol preparat nomlari ostida aslida jiddiy xavf yotadi. Soʻnggi paytlarda oʻrganish hamda tobelik keltirib chiqaruvchi narkotik taʼsirga ega bu preparatlar va ularning analoglarini isteʼmol qilish, ayniqsa, yoshlar orasida koʻpayib bormoqda.
Ushbu preparatlar inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazishidan tashqari, boshqa salbiy oqibatlarni ham keltirib chiqaradi. Xususan, yoshlarning giyohvand moddalar noqonuniy aylanishi jarayoniga kirib qolishida birinchi qadam hisoblanadi. Yigit-qizlar bu preparatlardan soʻng boshqa kuchliroq giyohvand moddalarni ham tatib koʻrmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Afsuski, psixotrop tabletkalar taʼsiri ostida ogʻir jinoyatlar sodir etish holatlari kam emas. Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan videoroliklar “Tramadol” va “Lirika” preparatlari goʻyoki zararsiz ekani toʻgʻrisidagi fikrlar yolgʻonligini isbotlamoqda. Psixotrop moddalar taʼsirida insoniylik qiyofasini yoʻqotgan yoshlar bilan bogʻliq tasvirlar kishini tashvishga soladi. Tarkibida narkotik moddalar boʻlgan bu xildagi preparatlar dorixonalarda tegishli hujjatlar va shifokor tavsiyasisiz sotilishi aholini jiddiy xavotirga solmoqda.
Afsuski, ayrim dorixonalar xodimlari shaxsiy boylik orttirish maqsadida ushbu kuchli taʼsir etuvchi dori vositalari zararliligini bila turib sotmoqda. Shuningdek, poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi Shuhrat chorrahasi va “Farhod dehqon bozori” atrofida ham mazkur xavfli tabletkalar savdosi keng yoʻlga qoʻyilgan edi. Ana shunday noqonuniy holatlar respublikamizning boshqa viloyatlarida ham kuzatilmoqda.
Bu xavfli tendensiyaga oʻz vaqtida chora koʻrish maqsadida mamlakatimizda giyohvand moddalar, jumladan, psixotrop va kuchli taʼsir etuvchi preparatlarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Fuqarolar sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi xavf-xatarlarni bartaraf etish maqsadida joriy yilning oktyabr oyida “Jamoat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni kuchga kirdi.
Mazkur qonunga muvofiq, 2018 yil 27 oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Unga koʻra, giyohvand moddalar va psixotrop vositalar roʻyxatiga “Tramadol”, “Baklosan” kabi bir nechta psixofaol preparatlar kiritildi.
Mutaxassislar xulosasiga koʻra, “Tramadol” singari preparatlar giyohvand moddalarning sintetik analogi boʻlib, u muntazam ravishda qabul qilinmasa ham tobelikka olib keladi. Shuningdek, insonning markaziy asab tizimi va ichki organlarining jiddiy shikastlanishiga hamda nogiron farzandlar tugʻilishiga sabab boʻladi. Bu turdagi preparatlarni shifokor nazoratisiz muntazam isteʼmol qilish hatto oʻlim bilan tugashi ham mumkin.
Qabul qilingan qonun va qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda respublikamizning barcha hududlarida psixotrop va kuchli taʼsirga ega farmokologik preparatlarning noqonuniy savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxslarni aniqlash hamda faoliyatiga chek qoʻyish boʻyicha tezkor tadbirlar oʻtkazildi.
Natijada qisqa muddat ichida 150 dan ortiq shaxs qoʻlga olindi, umumiy qiymati 2 milliard soʻmdan ortiq boʻlgan, xususan, 61 500 dona “Tramadol”, 4 500 dona “Lirika”, qariyb 5 800 dona “Baklosan” preparati va boshqa dori vositalari noqonuniy muomaladan olib qoʻyildi.
Ushbu psixotrop preparatlar mamlakatimizga kontrabanda yoʻli bilan, bojxona va chegara qoidalarini buzgan xolda, qoʻshni respublikalardan olib kirilayotgani aniqlandi. Ularda maxsus sertifikat hamda boshqa tegishli hujjatlar yoʻqligi maʼlum boʻldi.
Hozirda aniqlangan ushbu holatlar boʻyicha tergovoldi tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Qonunbuzarlarga nisbatan jazo muqarrar.
Taʼkidlash lozimki, davlatimiz rahbariyati tomonidan yosh avlodni ushbu xavfdan himoya qilish maqsadida huquqiy baza takomillashtirib borilmoqda. Huquq-tartibot idoralari mazkur taqiqlangan psixotrop vositalar savdosiga barham berish borasida tegishli chora-tadbirlarni koʻrmoqda.
Lekin biz – ota-onalar, mahalla-koʻy, oʻqituvchi va murabbiylar farzandlarimizga yetarli darajada eʼtibor qaratmas ekanmiz, davlat tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar kutilgan natijani bermaydi. Bir soʻz bilan aytganda, bu kabi salbiy holatlarning oldini olishda barchamiz ogoh va murosasiz boʻlishimiz kerak.

 

OʻzA