Pensionerlarga imtiyoz. Nega aynan shu vaqtda?

Pensionerlar Toshkent metropoliteni xizmatidan har kuni soat 10:00 dan 16:00ga qadar bepul foydalanadi. Imtiyoz uchun nega ushbu vaqt oraliqlari tanlangani haqida mutaxassis maʼlumot berdi berdi?
Mamlakatimizda keksalarning hayot darajasi va sifatini oshirish, pensiya taʼminoti va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni takomillashtirish, yoshi ulugʻ insonlarga davlat xizmatlari koʻrsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilgan. Ularga yaratilgan imkoniyatlar nuroniylarimizning yuzlarida, shukrona hissi yoʻgʻrilgan tabassumlarida ham seziladi. Zero, jamiyatimizda har bir fuqaroning oʻz oʻrni bor.
– Bir narsani unutmasligimiz kerak, ushbu imtiyoz faqat qariyalar uchun emas, pensiya guvohnomasiga ega boʻlgan mamlakatimizning barcha fuqarolari uchun, – deydi “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasi harakat xizmatining tijorat ishlari boʻyicha boshliq oʻrinbosari Elmurod Valiyev. – Yaratilayotgan imtiyozdan nogironligi mavjud boʻlgan kishilar va keksalarimiz foydalanib kelmoqda. Belgilangan vaqtga izoh beradigan boʻlsak, avvalo, keksalarimizning eng koʻp koʻchaga chiqish hollari hisobga olingan. Yana bir tomoni metropolitenimizda 7 dan 9 gacha tirbandlik vaqti hisoblanadi. Bu paytda kimdir ishga, kimdir oʻqishga boradi, kechki payt esa qaytishadi. Mana shularni inobatga olgan holda pensionerlarimizni navbat kutib qolmasliklari uchun biroz odam kam boʻladigan 10:00dan 16:00 vaqtlari belgilangan va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 9 martdagi Toshkent metropolitenida pensionerlarni bepul tashish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan. Bugungi kunda xizmatidan imtiyozli foydalanishining huquqiy asosi taminlangan. Unga muvofiq, metropoliten kassasi operatoriga pensiya guvohnomasi koʻrsatilgandan keyin bir martalik maxsus jeton taqdim etiladi. Mazkur jeton bilan pensioner alohida ajratilgan turniketdan oʻtadi.
Maʼlumot oʻrnida, 2017 yilning 15 martidan boshlab pensionerlar Toshkent metropoliteni xizmatidan har kuni soat 10:00dan 16:00ga qadar bepul foydalanib kelmoqda.

 

Dilobar Mamatova, OʻzA