Toshkentda Italiya turizmi haftaligi boʻlib oʻtmoqda

“Turizm oʻquv konsalting markazi” Davlat unitar korxonasi va Italiyaning GalileoFerraris instituti hamkorligida poytaxtimizda “Italiya turizmi haftaligi” davom etmoqda.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmatining taʼkidlashicha, loyiha mobaynida italiyalik ekspertlar bir qator soha vakillari: mehmonxona, restoran va turistik korxonalar xodimlari, restoran oshpazlari, barmenlar, somelyelarning kasbiy mahoratlarini oshirishga yoʻnaltirilgan master-klasslarni namoyish etadi.

Tadbir mobaynida Italiya turizm industriyasining yetakchi ekspertlari tomonidan turizm va gastronomiyaning eng qiziqarli hamda dolzarb mavzulari yoritib beriladi. Keyinchalik tadbir ishtirokchilari bu yerda olgan yangi bilimlarni oʻz faoliyatlarida qoʻllashlari mumkin. Kurs yakunida esa barcha ishtirokchilarga tadbir tashkilotchilari tomonidan xalqaro sertifikat va qimmatbaho sovgʻalar topshiriladi.

Tashkil etilayotgan mahorat darslarida turizm va mehmonxona xoʻjaligi kasb- hunar kollejlari, mehmonxona, restoran va turistik korxonalarning 70 nafardan ortiq vakillari ishtirok etmoqda.

Maʼlumot oʻrnida shuni taʼkidlash joizki, Italiyadagi “Galileo Ferraris” nomli umumiy ovqatlanish va mehmonxona xoʻjaligiga ixtisoslashgan davlat maktabi boʻlib, turizm sohasida kadrlar tayyorlash boʻyicha yetakchi muassasa hisoblanadi. Hozirgi kunda mazkur maktab 1,6 ming nafar oʻquvchilariga 5 yillik taʼlim olishni taklif etadi.

 

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA