Oʻzbekiston – baxtli ayollar yurti

Toshkentda oʻtkazilgan “Mamlakatning demokratik yangilanishi hamda modernizatsiyasida ayollarning roli: Oʻzbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzuidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari 8 noyabr kuni Samarqandga tashrif buyurdi.

Mehmonlar dastlab Islom Karimov maqbara majmuasini ziyorat qildi. Bu yerda qisqa vaqtda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

– Yurtingiz hayoti, ayollarning turmush tarzini kuzatib, xotin-qizlarning jamiyatdagi faol ishtirokini taʼminlashda Oʻzbekiston tajribasi har qanday davlatda asqotishiga amin boʻldim, – deydi Afgʻoniston xotin-qizlar masalalari boʻyicha vaziri Dilbar Nazariy. –Tinch va farovon hayotda oʻz oʻrniga ega boʻlib, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshayotgan oʻzbek ayollariga havasim keldi. Oʻzbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning qabrini ziyorat qilib, u kishining afgʻon muammosini xalqaro miqyosga olib chiqqani, bizning diyorimizda ham tinchlikni taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarini yod etdim. Prezident Shavkat Mirziyoyev ham Afgʻonistonda tinchlik va osoyishtalikni oʻrnatish yoʻlida amaliy saʼy-harakatlar koʻrsatayotganini xalqimiz qadrlaydi. Bobolarim yurti boʻlgan aziz Samarqand tuprogʻida duo qildimki, bizning yurtimiz ham mana shunday tinchlik va osoyishtalikka erishsin.

Konferensiya ishtirokchilari Amir Temur maqbarasi, Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi, Xoʻja Doniyor ziyoratgohi va Registon maydonida boʻlib, ajdodlarimizdan meros tarixiy-madaniy obyektlar bilan yaqindan tanishdi.

– Samarqand doimo jahon ahlini oʻziga rom etib keladi, – deydi konferensiya ishtirokchisi, YEXHTning gender masalalari boʻyicha maxsus vakili Melani Vervir xonim. – Chunki, uning betakror tabiati, tarixiy obidalari, bebaho madaniyati kishini ohanrabodek oʻziga tortadi. Qadimiy davlatchilik tarixiga ega bu maskanda har bir soha rivoj topgan. Eng muhimi, bu anʼana yurtingizda munosib davom etmoqda. Ayniqsa, Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi menda juda katta taassurot qoldirdi. Oʻsha davrda ilm-fanda bunday yuksak natijaga erishish – ulkan salohiyatdir. Bunday bebaho merosga ega yurtga har doim qiziqish yuqori boʻladi.

8.JPG

22.JPG
9.JPG
24-faqat saytga.JPG
Gʻ.Hasanov, A.Isroilov (surat), OʻzA