Soliq toʻlovchilar uchun zamonaviy interaktiv xizmatlar

Soliq maʼmuriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilgʻor avtomatlashtirilgan tahlil uslublarini keng joriy etish, soliq toʻlovchilarga, eng avvalo, tadbirkorlik subyektlariga toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotsiz elektron xizmat koʻrsatilishiga erishish davlat soliq xizmati organlari faoliyatining ustuvor vazifalaridandir.
Интерактив хизматлар2.jpg
Bugungi kunda Davlat soliq qoʻmitasining “Elektron davlat xizmatlari – my.soliq.uz” portali orqali 35 turdagi elektron davlat xizmatlari koʻrsatilmoqda. Elektron davlat xizmatlaridan 15 tasi – axborot davlat xizmatlari, 20 tasi – interaktiv davlat xizmatlari tarkibiga kiradi. Portalda yuridik, jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun soliq toʻlovchining “shaxsiy kabinet”lari joriy etilgan.
Soliq tizimidagi interaktiv xizmatlar orqali soliq toʻlovchining “shaxsiy kabineti” yordamida murojaatlarni yoʻllash, soliq organlarida hisobga turish, nazorat-kassa mashinalarini roʻyxatdan oʻtkazish, ortiqcha soliq toʻlovlarini qaytarish toʻgʻrisida arizalarni joʻnatish, soliq hisobotlari va deklaratsiyalarni elektron koʻrinishda yuborish, soliq qarzi mavjud emasligi, soliq organlarida hisobga turganligi (STIR), Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlganligi toʻgʻrisida va boshqa maʼlumotnomalarni olish mumkin.
Shu bilan birga, soliq toʻlovchiga hisoblangan, u tomonidan toʻlangan summalar, soliq qarzi, ortiqcha toʻlov, penyalar hamda byudjet va byudjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalar bilan hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ham Davlat soliq qoʻmitasining axborot resurslaridan bevosita olish imkoniyati yaratilgan. Bu esa soliq organi xodimi va soliq toʻlovchilar oʻrtasidagi munosabatlarni zamonaviy vositalar yordamida rivojlantirishga, soliq organlariga ortiqcha kelib-ketishlarni kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Soliq toʻlovchilar tomonidan davlat soliq xizmati organlari xodimlari bilan muloqotsiz koʻrinishda 2018 yil boshidan my.soliq.uz portalidagi soliq toʻlovchilarning “shaxsiy kabinet”lariga jami 600 mingdan ortiq foydalanuvchilar tomonidan 11 milliondan ortiq murojaatlar boʻlgan. “Shaxsiy kabinet”lar orqali tadbirkorlik subyektlari tomonidan 6,5 trillion soʻm miqdoridagi soliqlar elektron shaklda toʻlandi.
Endilikda soliq toʻlovchilar va soliq xizmati organlari oʻrtasidagi elektron shaklda amalga oshirilmayotgan jarayonlarni elektron koʻrinishga oʻtkazish yuzasidan ham amaliy ishlar olib borilmoqda.
Bu yoʻlda,
– Hozirda Chirchiq shahri, Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida elektron hisobvaraq-fakturalarni majburiy tarzda rasmiylashtirishni joriy etish boʻyicha eksperiment oʻtkazilayotgan boʻlib, uning natijalari boʻyicha mazkur mexanizmni butun mamlakat boʻylab tizimli ravishda amalga oshirish;
– Jismoniy shaxslar – Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari, soliq solish obyekti vujudga kelganda davlat soliq xizmati organiga hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi arizani taqdim etish;
– Respublikamiz soliq toʻlovchilarining yagona reyestriga kiritilgan yuridik va jismoniy shaxslar – Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari hisobga qoʻyilgan joydagi davlat soliq xizmati organiga hisob maʼlumotlaridagi har qanday oʻzgarishlar haqida maʼlum qilish;
– davlat soliq xizmati organlari tomonidan oʻtkazilayotgan kameral nazorat jarayonida soliq hisobotini toʻldirishda xatoliklarga yoʻl qoʻyilganligi yoki taqdim etilgan soliq hisoboti va davlat soliq xizmati organlari maʼlumotlari oʻrtasida aniqlangan ziddiyatlar boʻyicha tegishli tuzatishlar kiritish boʻyicha xabardor qilish;
– ortiqcha toʻlangan soliq summasini mazkur soliq turi boʻyicha penya va jarimalarni uzish asosida hisobga olinganda, soliq toʻlovchiga bu haqda xabarnoma berish;
– soliq toʻlovchiga soliq qarzini uzish boʻyicha talabnoma berish;
– undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisidagi daʼvo arizalarni yuborish;
– soliq qarzini debitor hisobidan undirilishi yuzasidan qarzdorning debitorlari “shaxsiy kabineti”ga elektron bildirishnomalar yuborishni va boshqa muloqotlarni elektron shaklga oʻtkazish va soliq toʻlovchining “shaxsiy kabineti” orqali amalga oshirilgan.
Davlat soliq xizmati organlari tomonidan yaratilgan ushbu imkoniyatlar, soliq toʻlovchilar, ayniqsa, tadbirkorlik subyektlarining soliq organlariga tashriflarini kamaytirish, vaqt va sarf-xarajatlarini tejash, tadbirkorlik faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Akmal Nazarov,
Davlat soliq qoʻmitasi
Jamoatchilik bilan aloqalar
va huquqiy axborot boʻlimi
davlat soliq katta inspektori

 

O’zA