Shanxayda “China International Import Expo” import tovarlari va xizmatlari birinchi Xitoy xalqaro koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Nodir Otajonov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Keng miqyosli savdo forumida dunyoning 3 ming 600 dan ziyod kompaniyalari vakillari qatnashmoqda. Dastlabki maʼlumotlarga qaraganda, tadbir davomida 400 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy mehmonlarning tashrifi kutilmoqda.
Ilk bor tashkil qilinayotgan xalqaro koʻrgazma tashabbuskori Xitoy tomoni hisoblanadi. 2017 yilning may oyida Pekinda boʻlib oʻtgan “Bir makon, bir yoʻl” hamkorlik forumi doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Shanxayda 2018-yildan boshlab muntazam ravishda import tovarlari koʻrgazmasini tashkil qilish taklifini aytib oʻtgan edi.
Koʻrgazmada Oʻzbekiston milliy stendi ostida mamlakatimizning tekstil, charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, qurilish mollari, yengil sanoat, qishloq xoʻjaligi texnikalari namoyish etilmoqda.
Shuningdek, tadbir doirasida mamlakatimiz turizm sanoatini va infratuzilmasini rivojlantirish, erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini samarali tashkil qilish, iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyatini oshirish va yurtimizda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan muzokara va uchrashuvlar olib borilmoqda.
Xalqaro forum yurtimiz sanoat korxonalari faoliyatini ragʻbatlantirish, innovatsion yutuqlarini namoyish etish, dunyo jamoatchiligini respublikamizning ilmiy va ishlab chiqarish salohiyati bilan yaqindan tanishtirish imkonini berishi bilan muhim ahamiyatga ega.