Maqsad mahalliy olim va ixtirochilarning ilmiy imkoniyatini yuzaga chiqarish

Innovatsion texnologiyalarni yaratish va hayotga tatbiq etish mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror va jadal rivojlantirishning muhim shartlaridan biridir.
Mamlakatimizda iqtisodiyotning real sektoriga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda dasturiy taʼminot vositalarini keng joriy qilish uchun sharoit yaratish, axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalari kompleksini ishlab chiqish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 5 iyundagi “Toshkent shahrining Yashnobod tumanida innovatsiya texnoparkini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi farmoni asosida tashkil etilgan “Yashnobod” innovatsion texnoparki oʻtgan davr mobaynida dasturiy taʼminot vositalarini joriy etish, startaplar va ularning faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda muhim rol oʻynamoqda.
Texnoparkda Yaponiya, Koreya Respublikasi, Tayvan, Isroil kabi davlatlarining ish tajribalari oʻrganilib, ishlab chiqarishga innovatsion texnologiyalar kiritildi.
– Bu kabi innovatsion texnoparklarning faoliyatidan koʻzlangan maqsad ham mahalliy olim va ixtirochilarning ilmiy imkoniyatini yuzaga chiqarishdir, – deydi texnopark DUK direktori Farhod Jumayev. – Shundagina xorijlik mutaxassislarga ehtiyoj qolmaydi. Aytish joizki, zamonaviy nou-xaular mahalliy ishlab chiqarishga tatbiq etiladi. Bu esa yurtimizdagi korxonalarning jahon raqobat maydonidagi nufuzining yanada ortishini taʼminlaydi,
F.Jumayevning taʼkidlashicha, “Yashnobod” innovatsion texnoparki direksiyasi” davlat unitar korxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 11 sentyabrdagi “Innovatsion faoliyatni yanada qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, Toshkent shahar hokimligi tasarrufidan chiqarilib, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tuzilmasiga oʻtkazilgan va bu yerda texnopark qatnashchisi maqomi 10 yilga tanlov asosida berilib, ularga bir qator imtiyoz va afzalliklar yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, yer soligʻi, daromad soligʻi, yuridik shaxslarning mulk soligʻi, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq toʻlovi hamda davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalardan ozod etiladi. Shuningdek, ularga oʻz ishlab chiqarish va qurilish ehtiyojlari uchun chetdan keltiriladigan uskuna, xomashyo, reaktiv va butlovchi mahsulotlar uchun bojxona toʻlovlarida imtiyozlar beriladi.
“Yashnobod” texnoparki maʼmuriyati va rezidentlari onlayn-kassa apparatlari, nafaqat naqd va naqd pulsiz koʻrinishdagi kassa hisob-kitobini amalga oshiradi, balki bir vaqtning oʻzida mazkur amallar haqida soliq organlariga xabar joʻnatadi, kommunal xizmatlar uchun haq toʻlaydi, hisobni toʻldiradi va boshqa operatsiyalarni ham bajaradi.
Texnopark mutaxassislarining aytishicha, hozir “Yashnobod” innovatsiya texnoparki rezidenti maqomini olish uchun koʻp funksiyali onlayn kassa apparatlarini ishlab chiqaruvchi “My Air Group” masʼuliyati cheklangan jamiyati va 3D printerlar ishlab chiqaruvchi “Greencode” masʼuliyati cheklangan jamiyati tashabbuskorlariga rezidentlik maqomini belgilovchi tegishli guvohnomalar topshirilgan.
– Bugungi kunda mamlakatimizda ham dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish tarmogʻi jadal rivojlanmoqda, – deydi “Greencode” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Nurmat Xudanov. – Biz texnoparkda koʻp sohalar uchun zarur boʻlgan bionik protezlar yasashga moʻljallangan 3D printerlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyganmiz. Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankidan 100 million soʻm kredit oldik va asbob-uskunalar, xomashyolar sotib olishga yoʻnaltirdik. 4 nafar xodim ishlaydigan kichik korxonamiz mahsulotlari hozircha mamlakatimiz ichki bozoriga moʻljallangan, lekin keyinchalik chet davlatlarga ham eksport qilishni rejalashtirganmiz. Bugungi kunda 3D printerlariga qoʻshni Qozogʻiston va Tojikiston davlatlari vakillari tomonidan katta qiziqish bildirilmoqda.
Ayni paytda mazkur texnoparkda biotexnologiya, farmatsevtika, elektr manbaini tejash, elektron asbob-uskunalar va robotexnika, mashinasozlik, kimyoviy texnologiyalar, muqobil energiya manbalari va elektron oʻlchov asboblari, materialshunoslik va metallarni qayta ishlash texnologiyasi singari korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ularning mahalliy ilmiy ishlanmalar va innovatsion gʻoyalarni amalga oshirish va ommalashtirishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.

 

Davron Sunnatov, OʻzA