Investorlar qiziqishi ortmoqda

Xitoylik tadbirkorlar “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida yuk tashishga moʻljallangan, shuningdek, koʻp qavatli uylar uchun lift ishlab chiqarish zavodi qurishni rejalashtirmoqda.
Xorijlik investorlar erkin iqtisodiy zona faoliyati bilan tanishib, mazkur loyiha uchun 2 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritishini maʼlum qildi. Eng muhimi, yangi zavodda 5 nafar xorijlik mutaxassis va 30 nafar mahalliy kadrlar ish bilan taʼminlanadi.
Mazkur davlatning “SDV Consulting Engineers” kompaniyasi ham erkin iqtisodiy zonada tadbirkorlarga konsalting xizmatlari koʻrsatishni yoʻlga qoʻymoqchi.
Eron Islom Respublikasi delegatsiyasi vakillari ham Navoiy viloyatida boʻlib, hududning investitsiyaviy salohiyati bilan yaqindan tanishdi.
Mehmonlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi fan-texnika sohalarida hamkorlik masalasini muhokama qildi. Jumladan, Navoiy davlat konchilik instituti bilan Imom Xumeyniy xalqaro universiteti oʻrtasida ilmiy-amaliy hamkorlik oʻrnatish taklifi ilgari surildi. Togʻ-kon yoʻnalishidagi ilmiy izlanishlar, kashfiyotlar, amaliy mashgʻulotlarni birgalikda olib borishga oid fikr-mulohazalar muhokama qilindi.
Xorijlik mehmonlarni Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov qabul qildi.

 

Nuriddin Rahimov, OʻzA