Oʻzbekiston bozoriga Malayziyaning qiziqishi kuchaymoqda

Shu kunlarda Malayziya tashqi savdoni rivojlantirish korporatsiyasi (MATRADE) rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya biznes missiya bilan mamlakatimizda boʻlib turibdi. Toshkentda 1 noyabr kuni Oʻzbekiston – Malayziya biznes-forumi oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki davlat ishbilarmon doiralari, 100 ga yaqin yetakchi korxona va kompaniya vakillari ishtirok etdi.

Biznes-forumni Malayziya tashqi savdoni rivojlantirish korporatsiyasining eksportni ragʻbatlantirish va bozorga kirish masalalari boʻyicha direktori Mustafo Abdul Aziz ochib berdi. U salkam oʻttiz yildan buyon Oʻzbekistonga kelishni orzu qilgani, ana shu niyati amalga oshganidan juda mamnun ekanini taʼkidladi. Mustafo Abdul Azizning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonning investitsiyaviy va savdo muhitiga malayziyalik ishbilarmonlardaqiziqish kuchli.

Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov malayziyalik ishbilarmonlarni mamlakatimiz iqtisodiyotiga, xususan, oziq-ovqat, turizm, farmatsevtika, yengil sanoat, logistika tarmoqlari boʻyicha hamkorlik qilishga chaqirdi.

Joriy yil yanvar-sentyabr oylarida Oʻzbekiston mahsulotlarining Malayziyaga eksporti 271,4 foizga oʻsib, 5,7 million dollarni tashkil etgan. Bugungi kunda Malayziya sarmoyasi ishtirokida mamlakatimizda 16 ta korxona (shundan 13 tasi qoʻshma korxona) faoliyat koʻrsatmoqda. Garchi savdo aylanmasida oʻsish kuzatilayotgan boʻlsa-da, erishilgan natijalar ikki mamlakat imkoniyatlariga mos emas.

Forum doirasidagi taqdimotlarda mehmonlar mamlakatimizda iqtisodiyot va valyuta bozorini erkinlashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, erkin iqtisodiy zonalarda xorijiy sarmoyadorlar uchun berilayotgan imtiyozlar bilan tanishtirildi.

photo5393412380773427587.jpg

photo5393412380773427588.jpg
– Ushbu forumning asosiy maqsadi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat, – dedi Savdo-sanoat palatasi raisi oʻrinbosari Jamshid Oʻroqov. – Forum doirasida oʻtkazilgan “B2B” uchrashuvlari istiqbolda yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi.

Taʼkidlash joizki, forumda Malayziyadan ishtirok etgan kompaniyalar asosan tibbiyot, logistika, turizm, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, kino sanoati kabi sohalarda faoliyat koʻrsatib keladi. Jumladan, televizion tarmoqlar uchun media kontent tayyorlovchi “Aquila Emas Sdn. Bhd” kompaniyasi vakillari mamlakatimizda shusoha boʻyicha faoliyat olib boruvchi tadbirkorlik subyektlari, sayyohlik agentliklari bilan hamkorlik qilish niyatida ekanini maʼlum qildi.

– 2013-yilda yurtingizda “Buxoro shafagʻi” nomli 26 qismli serialni suratga olganmiz, – dedi mazkur kompaniya boshqaruvchi direktori Sharizan Muhammad Iso. – Ushbu serial malayziyalik teletomoshabinlarga manzur boʻlib, bugungi kunda ham namoyish etilmoqda. Oʻzbekiston haqida hikoya qiluvchi filmlarga xalqimiz qiziqadi. 2019 yilda Buxoro va Xivada yangi filmni suratga olishni rejalashtirganmiz.

Tadbir yakunida tomonlar 2019-yilning birinchi yarmida mamlakatimizda Malayziya ishbilarmon doiralari vakillarining navbatdagi biznes missiyasini amalga oshirishga kelishib oldi.

 

Malohat Husanova, Farhod Abdurasulov (surat), OʻzA