Oʻzbekistonda oktyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari oʻrtacha 2,3 foizga oʻsdi

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oy davomidagi oʻsish surʼati ushbu davrdagi nooziq-ovqat mahsulotlar va xizmatlar narxlari darajasidan birmuncha yuqoriroq boʻldi. 
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi 2018 yilning oktyabr oyi uchun respublika isteʼmol sektoridagi inflyatsiya darajasini eʼlon qildi.
Joriy yilning oktyabr oyiga kelib, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oy davomidagi oʻsish surʼati ushbu davrdagi nooziq-ovqat mahsulotlar va xizmatlar narxlari darajasidan birmuncha yuqoriroq boʻldi.
Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 2,3 foizga oshgan vaqtda, xizmatlar hamda nooziqovqat mahsulotlar narxlari umumiy narxlarning koʻtarilishida faqatgina 0,5 foizga taʼsir etdi. Yil boshidan mazkur guruhlar kesimidagi narxlarning oʻzgarishi tahliliga koʻra yuqoridagi vaziyatning aksini koʻrishimiz mumkin, yaʼni, narxlarning oshishi borasidagi yetakchilik – xizmatlar sohasiga tegishlidir (10,7 foiz).
(1-rasm) 2018 yilning yanvar-oktyabr oylarida asosiy turdagi tovarlar guruhi narxlarining oʻzgarishi dinamikasi va ularning umumiy INI oʻsishidagi taʼsiri (oʻtgan oyga nisbatan, %)
photo5393559156985800963.jpg
2018 yilning har bir oyidagi narxlarning oʻzgarishi taʼsiri tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, yanvar oyidagi inflyatsion bosim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining sezilarli darajada oshishi bilan bevosita bogʻliq. Fevral va mart oylaridagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining koʻtarilishi deyarli teng nisbatda kuzatilgan boʻlib, xizmatlar sohasidagi narxlar oʻzgarishi tendensiyasidan ustun keldi. Aprel va may oylarida maʼmuriy jihatdan tartibga solinadigan tariflar narxlarining koʻtarilishi sababli taʼsir darajasi boʻyicha diqqat-eʼtibor xizmatlar sohasiga qaratildi. Iyun va iyul oylarida isteʼmol bozorlarining yangi yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan toʻyinganligi, shuningdek, parranda goʻshti mahsulotlari va tuxum narxlarining arzonlashganligi natijasida nafaqat oziqovqat mahsulotlari narxlarining arzonlashishiga, balki, umumiy isteʼmol narxlari indeksi darajasining pasayishiga zamin yaratdi.
Avgust oyida narxlar oʻzgarishining taʼsiri yirik guruhlar boʻyicha deyarli teng darajada taqsimlanganligi bilan tavsiflanadi. Sentyabr oyidan boshlab oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining koʻtarilishi va taʼsir darajasi borasida yana yetakchi oʻringa chiqib oldi. Oktyabr oyida ham ushbu tendensiya davom etib, umumiy inflyatsiyaning oʻsishida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshganligi asosiy oʻrin egallagan. Aynan shu omil sababli oktyabr oyida inflyatsiya 1,0 foiz darajaga (keyingi oʻrinlarda f.d.) oʻsdi. Oy davomida umumiy koʻrsatkichlarda narxlarning oʻsishiga nooziq-ovqat mahsulotlari 0,2 f.d., xizmatlar esa 0,1 f.d.taʼsir koʻrsatdi.
(2-rasm) 2018 yilning yanvar-oktyabr oylarida asosiy turdagi tovarlar guruhi narxlarining oʻzgarishi dinamikasi va ularning umumiy INI oʻsishidagi taʼsiri (oʻtgan yilning dekabr oyga nisbatan, %)
photo5393559156985800964.jpg
Oziq-ovqat mahsulotlarining isteʼmol narxlari indeksi yuqorida taʼkidlanganidek, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oy davomida oʻrtacha 2,3 foizga oʻsgani umumiy INI darajasining 1,0 f.d.ga ortishiga olib keldi. 2017 yilning dekabr oyiga nisbatan narxlarning 8,5 foizga oshganligi esa umumiy koʻrsatkichning 3,7 f.d.da koʻtarilishiga sabab boʻldi.
(3-rasm) 2018 yilning yanvar-oktyabr oylarida Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha oziq-ovqat mahsulotlarining isteʼmol narxlari indeksi dinamikasi, %
photo5393559156985800965.jpg

 

OʻzA