Innovatsion loyihalar – taraqqiyot mezoni

Poytaxtimizda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi tashabbusi bilan bir qator tashkilotlar koʻmagida uyushtirilgan “Respublika yosh olimlarining innovatsion loyihalari“ grant tanlovi ishtirokchilarining taqdimoti boʻlib oʻtdi. 
Tanlovning maqsadi talaba-yoshlar, tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchilar tadqiqotlarining natijadorligini oshirish, ularni ishlab chiqarishga samarali joriy etish, yoshlarning ilm-fanga boʻlgan qiziqishi va intilishini har jihatdan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Intellektual tadbirda 200 dan ortiq ishtirokchi ijtimoiy-gumanitar, tabiiy va aniq fanlar boʻyicha oʻz iqtidorini sinab koʻrdi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti biotibbiyot kafedrasining assistenti Yulduzxon Kamolova “Uy logopedi” deb nomlangan dasturiy taʼminot loyihasi bilan ishtirok etdi. Ushbu loyiha maktab yoshigacha boʻlgan bolalarning gapirishida uchraydigan nuqsonlarni bartaraf etish va yurtimizning chekka hududlarida deffektolog, surdolog, logopedlarga boʻlgan ehtiyoj masalasini qisman boʻlsa-da hal qilishga qaratilgan.
Navoiy viloyatidan kelgan Bekzot Odilov elektr tokini oʻtkazmaydigan qurilmasini taqdim etdi. Yosh ixtirochining taʼkidlashicha, elektr tizimida ishlaganda u qoʻlga taqib olinsa inson tanasiga tok oʻtkazmaydi.
Tanlov gʻoliblari joriy yilning 1 noyabr kuni taqdirlanadi.

 

N.Usmonova, OʻzA