Haydovchi maxsus tekshiruvga borishdan boʻyin tovlasa, transport vositasini boshqarish huquqidan uch yilgacha mahrum etilishi mumkin

Bu joriy yil 22 oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunda nazarda tutilgan.
Mazkur qonunda transport vositalarining boshqaruvi bilan bogʻliq muammolarni yanada tartibga solish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning bir necha moddalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Kodeksning 1283-moddasining uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlaridagi jarimalar miqdori va jazo turi oʻzgardi. Xususan, haydovchi boshqaruvidagi transport vositasi bilan mazkur moddaning uchinchi qismida belgilangan tezlik normasini buzsa, yaʼni haydovchilar trasport vositasi bilan belgilangan normadan soatiga 40 kilometrdan yuqori tezlikda harakatlansa, unga nisbatan eng kam ish haqining toʻqqiz baravari miqdorida jarima belgilanadigan boʻldi.
Haydovchilar belgilangan tezlikni normasidan oshirgani sabab ikki marotaba maʼmuriy jazoga tortilgan boʻla turib, bir yil davomida ushbu huquqbuzarlikni takroran sodir etsa, yuqoridagi moddaning toʻrtinchi qismiga asosan eng kam ish haqining oʻn besh baravari miqdorida jarimaga tortiladi yoki bir yil muddatgacha transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etiladi.
Ushbu turdagi huquqbuzarlikni sodir etgani uchun uch marotaba maʼmuriy jazoga tortilgandan keyin bir yil davomida takroran shu holatni sodir etsa, mazkur moddaning beshinchi qismida qayd etilganidek, ikki yil muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi va eng kam ish haqining yigirma besh baravari miqdorida jarimaga tortiladi.
Endilikda haydovchilar transport vositalarini spirtli ichimlikdan, giyohvand modda taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzda mast holda boshqarsa, 131-moddaga muvofiqtransport vositasini boshqarish huquqidan bir yilu olti oydan uch yilgacha boʻlgan muddatga mahrum etilib, eng kam ish haqining yigirma besh baravari miqdorida jarimaga tortiladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik transport vositalarini boshqarish huquqi boʻlmagan shaxslar tomonidan sodir etiladigan boʻlsa, ularga nisbatan eng kam ish haqining qirq baravari miqdorida jarima solinadi yoki oʻn besh sutkalik maʼmuriy qamoq jazosi tayinlanadi.
Bundan tashqari, spirtli ichimlik, giyohvand modda yoki oʻzgacha tarzda mast holatda boʻlgan shaxsga transport vositasini boshqarish uchun bergan shaxsga nisbatan ham eng kam ish haqining oʻn besh baravari miqdorida jarima tayinlanadi yoki ikki yildan uch yilgacha boʻlgan muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etiladi.
Yoʻl harakati qoidalarini buzishi sababli haydovchi transport vositasi bilan jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki eng kam ish haqining 5 baravari miqdorida moddiy zarar yetkazsa, kodeksning 133-moddasiga muvofiq, eng kam ish haqining uch baravaridan yetti baravarigacha boʻlgan miqdorda jarimaga tortiladi yoki bir yildan uch yilgacha transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etiladi.
Shuningdek, haydovchilarning yoʻl harakati qoidalarini buzishi natijasida transport vositalari, yoʻl harakatini tartibga soluvchi vositalar yoki boshqa mol-mulk shikastlanishiga olib kelsa, haydovchiga nisbatan eng kam ish haqining ikki baravaridan toʻrt baravarigacha boʻlgan miqdorida jarima belgilanadi yoki transport vositasini boshqarish huquqidan olti oydan bir yilgacha mahrum etiladi. Yetkazilgan zarar miqdori eng kam ish haqining 5 baravaridan kam boʻlgan holatlar bundan mustasno.
Yoʻl harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlarsiz transport vositalarini boshqargan shaxslar kodeksning 135-moddasining birinchi qismi, transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi, transport vositasini roʻyxatdan oʻtkazganlik haqidagi, shuningdek transport vositasiga egalik qilish, egasi yoʻqligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlari, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa litsenziya kartochkasi yoki yoʻl varaqasi yonida boʻlmagan haydovchilarning transport vositalarini boshqarishi hamda ishonchnomalarni, transport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish va ijaraga berish shartnomalarini belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazmasdan transport vositalarini boshqarsa, eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarimaga tortiladi. Ikkinchi qismi boʻyicha esa yaʼni transport vositalarini boshqarish huquqi boʻlmagan shaxslarning shu vositalarni boshqarishi, xuddi shuningdek boshqarish huquqi boʻlmagan shaxsga transport vositalarini boshqarishi uchun topshirilishi eng kam ish haqining besh baravari miqdorida hamda uchinchi qismi, transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarning bunday vositalarni boshqargani uchun eng kam ish haqining oʻn baravari miqdorida jarima belgilanadi.
Bilamizki, avtomashina boshqaruviga mast holda oʻtirish turli koʻrinishdagi falokatlar yuz berishiga olib keladi. Aynan yoʻllardagi xavfsizlikni taʼminlash maqsadida transport vositalari haydovchilari va yoʻl harakati boshqa ishtirokchilari spirtli ichimlik ichgan yoki ichmaganligini aniqlash maqsadida joriy etilgan tekshiruvga borishdan boʻyin tovlaganlik uchun ham qonuniy javobgarlikka tortish kuchaytirildi. Xususan, kodeksning 136-moddasining birinchi qismiga muvofiq haydovchi tekshiruvga borishdan bosh tortgani uchun transport vositasini boshqarish huquqidan bir yilu olti oydan uch yilgacha boʻlgan muddatga mahrum qilinib, qoʻshimcha tarzda eng kam ish haqining oʻn besh baravari miqdorida jarimaga tortiladi.
Qayd etish kerakki, qonun 3-moddasining 15-bandi mazkur qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach amalga kiritiladi; qonun 3-moddasining 3-bandi, 28-bandining ikkinchi xatboshisi mazkur qonun rasmiy eʼlon kilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach amalga kiritiladi.
Mirzo Ulugʻbek Madalimov,
IIV Jamoatchilik va ommaviy
axborot vositalari bilan
aloqalar boshqarmasi xodimi.

 

OʻzA