Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan yurtimizda quriladigan sport obyektlarining jahon andozalariga mosligini taʼminlash va ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish maqsadida qator xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilmoqda.
Xususan, Turkiyaning “Vahadir kul mimarlik inshaat taah.tic.ve san” LTD loyiha kompaniyasi bilan oʻtkazilgan uchrashuvda kompaniya tomonidan yangi texnologiyalar va yengil konstruksiyalar asosida loyihalashtirilgan obyektlar taklif etildi, deya xabar bermoqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati.
Kompaniya tomonidan vazirlikka taqdim etilgan loyihalarning ahamiyatli tomoni shundaki, ushbu loyihalar jahon standartlari talabiga javob berishi bilan bir qatorda sport turlariga qarab ixtisoslashgan loyihalar hisoblanadi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mutasaddilari xorijiy kompaniya vakillari bilan uchrashuvda quriladigan sport inshootlar uzoq muddat samarali xizmat qilishi lozimligini taʼkidlab, yurtimizning har bir hududidagi mahalliy sharoitni inobatga olgan holda loyihalar ishlab chiqishni soʻradi.
Uchrashuv yakunida oʻzaro hamkorlikni samarali yoʻlga qoʻyish boʻyicha bir qancha muhim kelishuvlarga erishildi.
O’zA