Xorazm viloyati Urganch shahrida oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida matematika boʻyicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada boshlandi.
Olimpiadaning ochilish marosimida buyuk ajdodimiz, algebra fani asoschisi al-Xorazmiyning jahon ilm-fani taraqqiyotiga qoʻshgan beqiyos hissasi, hayoti, faoliyati, qoldirgan ilmiy-ijodiy kashfiyotlari bugungi kunda ham dunyo ahlini hayratga solib kelayotgani taʼkidlandi.
Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida oʻtkazilayotgan olimpiada sinovlarida dunyoning 20 mamlakatidan 234 talaba ishtirok etmoqda. Shuningdek, yurtimizning barcha viloyatlaridagi oliy taʼlim muassasalaridan talab-yoshlar bahslarda oʻz bilimini sinovdan oʻtkazmoqda.
Sinovlarni matematika boʻyicha jahonda taniqli xalqaro ekspertlar, yurtimiz va bir qator xorijiy oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilaridan iborat hakamlar xayʼati kuzatib bormoqda.
Bahs shartlariga koʻra, ishtirokchilar 5 ta matematik masalani belgilangan 5 soat davomida ishlashi lozim. Savollar algebra, matematik tahlil, geometriya, kombinatorika yoʻnalishlariga oid. Har bir masala yengil, oʻrta, ogʻir daraja asosida bal bilan baholanadi.
Ushbu xalqaro olimpiadada gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻzbekistonlik talabalarga matematika, fizika, axborot texnologiyalari yoʻnalishlari boʻyicha magistraturaga kvotadan tashqari davlat granti asosida kirish huquqi beriladi.
Urganch shahrida xalqaro olimpiada doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
Ahmadjon Shokirov, Shonazar Qoriyev (surat), OʻzA