Markaziy Osiyo ekspertlar forumining birinchi majlisi

Toshkentda 29-oktyabr kuni Markaziy Osiyo ekspertlar forumining birinchi majlisi oʻz ishini boshladi.
3.JPG
Anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi hamkorligida tashkil etildi.
8.JPG
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori V.Norov, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari D.Ahatov, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qozogʻiston strategik tadqiqotlar instituti direktori Z.Shaukenova, Qirgʻiziston Respublikasi strategik tadqiqotlar milliy instituti direktori K.Shadibekov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori X.Xoliqnazar, Turkmaniston Moliya va iqtisodiyot vazirligining Strategik va barqaror rivojlanish instituti direktori O.Ashirov, shuningdek, BMT Bosh kotibining maxsus vakili, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari N.German ishtirok etdi.
10.JPG
Muloqot chogʻida Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi hamkorlikning joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Majlisda soʻnggi ikki yil mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha tarixiy va jadal oʻzgarishlar davri boʻlgani, Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda aniq maqsadli strategik sheriklik munosabatlari qaror topgani taʼkidlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yil 15 mart kuni Qozogʻiston poytaxti Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi yuqori saviyada tashkil etilgani bunda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Bugungi kunda Markaziy Osiyoda ikki va koʻp tomonlama tadrijiy, barqaror rivojlanishni taʼminlash uchun zarur sharoit yaratilgan. Shuningdek, mintaqada muhim yoʻnalishlarni birlashtiruvchi umumiy omillar mavjudligi, buning tinchlik, barqarorlik va farovon hayot istagi bilan qoʻllab-quvvatlanayotgani oʻzaro hamkorlikni har tomonlama ravnaq toptirish uchun ishonchli asos yaratmoqda.
Ilk bor oʻtkazilayotgan Markaziy Osiyo ekspertlar forumi barcha sohalardagi munosabatlarni taraqqiy ettirishga qaratilgan chora-tadbirlarni koʻrib chiqish va qarashlarni umumlashtirish, tegishli tavsiyalar ishlab chiqishda qulay platforma boʻlib xizmat qiladi.
Forumda hamkor mintaqa davlatlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish, ilgʻor texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish, raqamli iqtisodiyotni amaliyotga tatbiq etish, transport-tranzit imkoniyatlarini kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Mintaqada suv-energetika resurslari, oziq-ovqat yetishtirish hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasi va qayta ishlash sanoatini rivojlantirishdek dolzarb vazifalar yuzasidan ham fikr almashildi.
– Markaziy Osiyo mamlakatlari barqaror kelajak qurishdek mushtarak maqsad yoʻlida dadil intilmoqda, – deydi Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi tashqi siyosat tahlil departamenti boshligʻi Abdulloh Rahnamo. – Bu boradagi imkoniyatlarni birlashtirish, tajriba va fikr almashish, yagona gʻoya atrofida birlashish uchun tomonlarda siyosiy iroda mavjud. Oʻz mamlakatining siyosat yoʻlini, integratsiya konsepsiyasini ishlab chiqishda ishtirok etadigan tahlil markazlari, tadqiqot institutlari vakillari bugun umumiy qiziqishlarni roʻyobga chiqarish maqsadida jam boʻldi. Yangi formatdagi uchrashuv mamlakatlarimiz oʻrtasida doimiy siyosiy maslahatlashuvlarni olib borish, aniq strategiyani ishlab chiqish va uni amalga oshirishda muhim oʻrin tutishiga ishonaman.
Ekspertlar globallashuv sharoitida mintaqada barqaror iqtisodiy oʻsish surʼatini taʼminlashda qoʻshni Afgʻonistonda tinchlikka erishish muhim ahamiyatga ega ekanini eʼtirof etdilar. Shu maqsadda jafokash afgʻon xalqiga barqarorlikka erishish va ezgu maqsadlarga qaratilgan oʻz irodasini roʻyobga chiqarish imkonini beruvchi siyosiy va iqtisodiy koʻmak berishni davom ettirish zarurligi qayd etildi.
Forumda iqtisodiyot, investitsiya, savdo sohalaridagi hamkorlik, integratsiya jarayonini jadallashtirish, mintaqada diniy ekstremizm va radikalizm, terrorizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashish kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.
Tadbirda oʻrta va uzoq muddatli mintaqaviy hamkorlikda umumiy strategik yondashuvlarni ishlab chiqishning maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi. Tomonlar Markaziy Osiyoda tinchlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash sohasida aniq vazifalarni belgilab olish, ularga erishish yoʻllarini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

 

Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA