Parlament quyi palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi tomonidan “Xalqaro munosabatlarni rivojlantirishda parlamentlararo hamkorlikning ahamiyati” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad – parlament quyi palatasining xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan hamkorligining muhim yoʻnalishlarini muhokama qilish, rivojlangan davlatlar parlamentlarining tajribasini oʻrganish, parlamentlararo aloqalar samaradorligini yanada oshirish boʻyicha taklif, tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Mamlakatimizning xorijiy davlatlar bilan ijtimoiy-siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy hamda boshqa sohalardagi ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorligi tobora rivojlanib bormoqda. Keyingi ikki yil ichida yurtimiz tashqi siyosati borasida sifat jihatidan yangi, salmoqli ishlar amalga oshirildi. Yetakchi xorijiy davlatlar, avvalo, yaqin qoʻshnilarimiz bilan doʻstona munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash boʻyicha aniq natijalarga erishildi. Koʻplab oliy darajadagi tashrif va uchrashuvlar, qator dolzarb muammolar yechimini topishga qaratilgan yangi shartnoma va kelishuvlar prinsipial jihatdan yangi mazmundagi hamkorlik uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qilmoqda.
2018 yilning oʻtgan davri mobaynida Qonunchilik palatasida Gruziya, Yaponiya, Germaniya, Qozogʻiston, Chexiya, Rossiya, Janubiy Koreya, AQSH, Falastin, Xitoy, Saudiya Arabistoni va Qirgʻiziston parlamentlari delegatsiyalari bilan oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Mamlakatimiz parlamentida qabul qilingan xorijiy delegatsiyalar soni 47 tani tashkil etdi. Shundan 25 tasi parlament va hukumat vakillari hamda 22 tasi mamlakatimizda akkreditatsiyadan oʻtgan elchixonalar va xalqaro tuzilmalar vakillari tarkibidagi delegatsiyalardir.
Shu bilan birga, milliy parlamentimizda tashkil etilgan parlamentlararo hamkorlik guruhlari mamlakatimizning xalqaro hamkorlik aloqalarini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda Qonunchilik palatasida xorijiy davlatlarning parlamentlari bilan hamkorlik boʻyicha 21 parlamentlararo hamkorlik guruhi faoliyat koʻrsatmoqda, shundan 17 tasi Senat bilan hamkorlikda tuzilgan.
Davra suhbatida parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun rivojlangan davlatlar parlamentlarining qonun ijodkorlik sohasidagi tajribasini oʻrganish, xorijiy mamlakatlar qonunchiligini qiyosiy tahlil qilish, xalqaro amaliyotdan samarali foydalangan holda qonun hujjatlarini tayyorlash sifatini oshirish, parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatini yanada mustahkamlash va kengaytirish zarurligi alohida taʼkidlandi.
Muhokamalar yakunida “parlament diplomatiyasi“ni kengaytirish orqali xalqaro maydonda mamlakatimiz milliy manfaatlarini taʼminlash boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Nurillo Nasriyev, OʻzA