Tarixiy yodgorliklar, zamonaviy infratuzilma, jozibador tabiat, oʻziga xos odamlari haqida tasavvur mavjud. Toʻgʻri, xorijliklarning oʻz koʻzi bilan koʻrganlaridan koʻra, eshitgan, oʻqiganlari ancha koʻproq. Afsuski eshitgan va ayniqsa, internet tarmogʻidagi turli sahifalar orqali maʼlumot qidirganlar uchun aksariyat holda mamlakat imidji aslidagidek jozibador emas.
Ahamiyat bering, qidiruv tasmasining birinchi sahifasidan oʻrin olgan maʼlumotlarni com, orgva ru domenlaridagi saytlar beryapti. Demak, mamlakatimiz bilan qiziqqan sayyoh, eng avval, shu maʼlumotlardan oʻziga xulosa yasaydi.
Mamlakat imidjini uning ichki maʼlumotlar baʼzasi (uz domenidagi saytlar nazarda tutilmoqda) emas, chetdan turib, tashqaridan qarab berilgan baho belgilayapti. Zamonaviy marketologlar va PR mutaxassislarning yozilmagan qoidalariga koʻra, “qidiruv tasmasining ikkinchi sahifasidagi axborot behuda axborotdir”. Demak mahalliy internet saytlarimiz mamlakatimiz haqida qanchalik salmoqli va jozibador maqolalar, foto, videobloglar tayyorlamasin, oddiy tarmoq foydalanuvchisi ulargacha shunchaki yetib kela olmaydi.
YECHIM: qidiruv tizimlarining algoritmiga koʻra, eng soʻnggi joylashtirilgan maʼlumotlar tasmaning eng boshida chiqadi. Bundan kelib chiqadiki, mamlakatimiz haqida imkon boricha koʻp va tez-tez axborot berish kerak. Toki “Oʻzbekiston” tegi kiritilganda sayyohlar biz beradigan maʼlumotlarga duch kelishsin.
Masalaning bundan boshqa ahamiyatli yana bir jihati bor. Aksariyat saytlarda berilgan maʼlumotga sharh qoldirish, uni baholash tizimi mavjud. Mana shu sharhlarni maksimal darajada ijobiy boʻlishi va berilgan bahoning yuqori boʻlishiga erishish orqali samarali natijaga, yaʼni yaxshi tasavvur uygʻotishga erishish mumkin. Fikrimizni, misol tariqasida tarixiy shaharlarimizdan biridagi mashhur mehmonxonaga berilgan baho orqali izohlaymiz:
Yuqoridagilar sayyohlarning mamlakatimiz bilan qiziqqanlarida oʻzlari duch keladigan vaziyatlar taʼrifi edi. Soʻnggi bir oy ichida Oʻzbekiston “teg”i bilan 1 millionga yaqin maʼlumot qidirilganini nazarda tutadigan boʻlsak, mamlakatimizga boʻlgan qiziqishning naqadar yuqorilab borayotganiga guvoh boʻlamiz.
Qaniydi, jannatmakon oʻlkamiz bilan qiziqqanlarning har biriga, “Oʻzbekistonni bilmoqchi boʻlsangiz, kelib 3-4 kun mehmon boʻlib keting”, deb ayta olsangiz…
Xoʻsh, keldi ham deylik, keyin-chi? Oʻzbekistonning turizm salohiyati har qanday sayyohning koʻnglini chogʻ qiladi deb ayta olamizmi?
Davlat statistika qoʻmitasining maʼlumotiga koʻra, oʻtgan yil mamlakatimizga 2847,9 xorijiy mehmon tashrif buyurgan va ularning 203 mingdan oshigʻi aynan turizm maqsadida safar qilgan.
Toʻgʻri, bu raqamlar umumiy koʻrsatkichning 10/1 ham tashkil qilmayapti, lekin biz diqqatimizni aynan shu toifa mehmonlarga qaratamiz. Sababi mamlakatning turizm salohiyati rivojlanishi va sayyohlik orqali olinadigan daromadni shular belgilaydi. Aynan shular mehmonxonalarda qoladi, yoʻl-transport, gidlar xizmatidan foydalanadi, qaytishida milliy kiyimlar, suvenirlar xarid qiladigan sayyoh toifasiga kiradi.
Jahon sayyohlik tashkiloti maʼlumotiga koʻra, dunyo boʻylab sayyohlarning qariyb 60 foizi eng qimmat ekaniga qaramasdan, havo transportidan foydalanadi. Biz aytmoqchi boʻlgan sayyohlik maqsadida mamlakatimizga keladigan aksariyat mehmonlar aynan shu havo yoʻllaridan foydalanishni maʼqul koʻrishadi. Chunki yaqin xorijdan tashrif buyuradiganlarning asosiy qismi qarindoshlarini yoʻqlash maqsadida kelishadi.
YECHIM. Tarixiy shaharlarimizga toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslarni yoʻlga qoʻyish (“Afrosiyob” tezyurar poyezdi muammoning qisman yechimi boʻlib turibdi), aviachiptalar narxini optimallashtirish, aviakompaniyalar monopoliyasini bartaraf etish uchun sogʻlom raqobatni yoʻlga qoʻyish, chiptalarni onlayn sotib olish tartibini joriy qilish va band qilish muddatlarini uzaytirish, sunʼiy difitsit yaratish holatlarini oʻrganish va bartaraf etish.
Davlatimiz rahbarining 2016 yil 2 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, sayyohlik mamlakatimiz iqtisodiyotining strategik tarmogʻi sifatida belgilandi. Prezidentning 2017 yil 16 avgustdagi qarori bilan 2018 – 2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Xususan joriy yil fevral oyining oʻzida Davlat rahbarining shu sohaga doir 4 ta muhim hujjati qabul qilindi.
Ushbu hujjatlar bilan sohada yigʻilib qolgan muammolarni hal yetish, turizm salohiyatini oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilandi. Bugungi kunda “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi tizimiga zamonaviy marketing joriy yetish, dunyo aeroportlarida mavjud boʻlgan maxsus moslamalar, mobil aloqa vositalari yordamida aviachipta sotib olish imkoniyatlari yaratish ustida ish olib borilmoqda. Amalga oshirilgan ishlar samarasi oʻlaroq, joriy yilning iyun oyida Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida xalqaro yoʻnalishlar yoʻlovchilari uchun uchib kelish terminali ochildi. U soatiga 1200 ta yoʻlovchini oʻtkazish imkoniyatiga ega. Terminalda yangi muhandislik-texnologik uskunalar oʻrnatildi. “Yashil” va “qizil” yoʻlaklar, uzunligi 60 m. boʻlgan 4 ta qoʻl yuklarini qabul qilish lentasi, 24 ta pasport nazorati punkti, viza taʼminoti punkti, ikkita Duty Free doʻkoni va ikkita kafe faoliyat koʻrsatadi. Qoʻl yuklari lentasi ustiga ekranlar oʻrnatilgan boʻlib, u orqali yoʻlovchilar yuklari qayerdan chiqishini bilishlari mumkin. Pasport nazoratidan oʻtish muddati qisqardi. Endilikda Oʻzbekistonga yetib kelgan mehmonlar va fuqarolar aeroportdagi rasmiyatchiliklardan 20-30 daqiqada oʻtishlari mumkin boʻladi.
Toʻgʻri, mehmonxonagacha borish narxini kelishish, savdolashish kimdir uchun ekzotika boʻlishi mumkin, lekin bir-necha soatlik uchish davomida tinkasi qurib turganda shu ham ortiqcha. Taksi toza, ozoda, haydovchi xushmuomala boʻlsa-ku xoʻp-xoʻp, aksi boʻlsa-chi? Noxush hid anqib turgan mashinada allambalo kiyimlar bilan oyogʻiga eski shippakni ildirvolgan, jagʻi-jagʻiga tegmay zamonning ogʻirligidan, narx-navoning oshib ketayotganidan noliydigan “taksist” sayyohning oʻzbekistonliklar haqidagi dastlabki tasavvuri boʻlib xotirasida muhrlanishi achinarli.
YECHIM. Mehmonxonalarning sayyohlarga transport xizmati koʻrsatishi uchun imtiyozlar berish. Xizmat sifatini monitoring qilish. Taksi xizmati koʻrsatadigan kompaniyalarning (Toshkent shahri boʻyicha 40 dan ortiq) aeroport hududi boʻyicha ishlaydigan vakillarini alohida nazoratga olish, shu hududda xizmat koʻrsatish uchun muayyan tanlovlardan oʻtkazish kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 22 fevral kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida taʼkidlaganidek, “Turist sayohat qilishi, ichki ishlar idoralarida sarson boʻlmasligi kerak. Agar biz turizm hisobiga ish oʻrinlari ochamiz, desak turistga shart qoʻyish yemas, balki sharoit yaratishimiz zarur”. Masalaning “yechim”lari ham aynan shu yigʻilishda keltirib oʻtildi. Roʻyxatga olish tizimini toʻliq elektron shaklga oʻtkazish, bu masalani ichki ishlar idoralari, mehmonxonalar, davolash muassasalari, xususiy uylar va shu kabi joylashtiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarning majburiyati sifatida belgilash, turistlarni bunday tashvishdan xoli qilish yuzasidan berilgan koʻrsatmalar toʻliq bajarilsa, bu turizm sohasi rivoji yoʻlida qoʻyilgan ulkan qadamlardan biri boʻladi.
Joriy yilning 10 fevralidan boshlab Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Malayziya, Indoneziya, Turkiya va Isroildan kelayotgan turistlarga mamlakatimizda 30 kungacha vizasiz boʻlishga ruxsat berildi. Bundan tashqari, 39 mamlakat fuqarolariga viza berish tartibi soddalashtirildi. 2018 yil 1 iyuldan elektron vizalar joriy qilindi.
Oʻzbekistonda sayohat tartibi oʻziga xos shaklga ega. Sayyohlarning 80% dan oshigʻi mamlakatimiz boʻylab Toshkent–Samarqand–Buxoro–Xiva yoʻnalishida xalqa boʻylab harakatlanishadi. Harakatlanish asosan temir yoʻl va avtomobil yoʻli boʻylab amalga oshiriladi. Oxirgi yillarda temir yoʻllar sohasida oshirilgan ishlar samarasi oʻlaroq har qatnovda 300 ga yaqin yoʻlovchiga xizmat koʻrsata oladigan Afrosiyob poyezdining ishga tushirilishi, vodiyga poyezdda qatnash imkoniyati tugʻilgani, poyezdlarda xizmat koʻrsatish sifatining oshgani va h.k. quvonarli. Lekin muayyan vaqt bilan chegaralanmagan, oldindan bron talab qilmaydigan, kerakli manzilgacha aniq yetkaza oladigan va nisbatan arzon transport vositasi sifatida avtotransport xizmatiga talab har doim yuqori boʻlib kelgan.
Taklif-chi? Avtotransportda sayohat sifati unga boʻlgan talabni qondira olayaptimi? Bu savolga ijobiy javob bera olmasligimizning qator sabablarini keltirib oʻtsak, birinchidan, yoʻllarimizda taʼmirlash ishlari goʻyo hech qachon tugamaydigandek tassurot qoldiradi. Endi bir qismida rekonstruksiya ishlari tugab, ravon yoʻl koʻzingizni quvontirishni boshlasa, boshqa qismida kilometrlarga choʻzilgan, buzilayotgan yoki tuzatilayotgan yoʻl ustidan chiqib qolasiz. Uni taʼmirlab boʻlishdi, deguncha oldinroq tuzatilgani yana oldingi holiga qaytadi.
Ikkinchidan, yoʻllarda joy nomlari va yoʻl koʻrsatish belgilarining kamligi xorijiy sayyoh tugul, ichki turizmni rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshmoqchi boʻlib, tarixiy shaharlarimizga safar uyushtirgan mahalliy sayyohni ham yoʻldan adashtiradi. Yoʻlning oʻzi yoʻgʻu, yoʻl belgilariga yoʻl boʻlsin deyishga shoshmang, buyuk islohotlar har doim kichik tuzatishlardan boshlangan.
Uchinchidan, yoʻl madaniyati, aniqrogʻi uning deyarli yoʻqligi. Shaharlarda yoʻllarni nazorat qiladigan kameralar qoʻyilganidan soʻng vaziyat biroz yumshadi. Avtotrassalarda avtoulovni boshqarish madaniyatini yoʻl-patrul xizmati xodimidan yoki foto, videoradarlardan hayiqish hissigina belgilab bera ololmaydi, afsuski.
Toʻrtinchidan, sanitar gigiyenik sharoit, yoʻl yoqasidagi ovqatlanish joylarining umumiy muhiti, ulardagi xizmat koʻrsatish va taom sifati, qolaversa, avtotrassalar boʻyidagi sanitariya-gigiyena shoxobchalari (aytish noqulay boʻlsa-da, hojatxonalar) ahvoli…
Toʻgʻri, bu holatni bartaraf etish boʻyicha koʻplab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekturizmning zamonaviy hojatxonalar qurilishi uchun soliq imtiyozlari berilishi haqidagi sms xabari kuni-kecha faqat tadbirkorlarga emas, barcha mobil operatorlar abonentlariga yuborildi chamamda. Lekin… Avtomagistral yoʻllar yoqasida joylashgan qishloq aholisi yillar davomida oʻz uyiga suv quvurini oʻtkaza olmayotganini nazarda tutadigan boʻlsak, bu soliq imtiyozlaridan foydalanib zamonaviy hojatxonalar qurish istagini bildiradigan tadbirkorni ancha kutishga toʻgʻri keladi.
Beshinchidan, bizda avtomagistral yoʻllar yoqasida zarurat tugʻilganda qoʻnoq uchun turarjoylar deyarli yoʻq. Manzil uzoq, Buxoro yoki Xiva bir nafasda yetib olinadigan masofada emas. Yoʻldan horigan sayyoh nafasini rostlab, yuvinib-taranib soʻng safarini davom ettirishni istasa, magistral yoʻldan shaharga tushib tunash uchun xostel yoki mehmonxona qidirishiga toʻgʻri keladi. Bu holat oldindan koʻzda tutilmagani uchun bron qilinmagan mehmonxonada mavsum payti boʻsh xona topish ham amrimahol.
Oʻzbekiston iqlimi bahor (aprel-may) va kuz (sentyabr-oktyabr) mavsumida sayyohlarni iliq obi-havo bilan quchoq ochib qarshilaydi. Shu oylar davomida yil boʻyi yarmi huvillab qoladigan oʻrtamiyona mehmonxonaga joylashish ham dushvor boʻlishi mumkin. Mehmonxonalarning asosiy qismi Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlarida boʻlib, turistlar oqimi oshgan davrda ularda ham joy tanqisligi kuzatiladi. 4-5 yulduzli mehmonxonalarni aytmasa, xususiy uylar negizida tashkil qilingan kichik otel va xostellarda xizmat koʻrsatish sifati malakali kadrlar yetishmasligi hisobidan oqsaydi.
Ekskursiyalar tashkil etish va gid xizmatidan foydalanishdagi vaziyat ham qoniqarli emas. Aksariyat ekskursiya yoʻnalishi oldindan belgilangan boʻlib, bunda bir necha kishidan iborat guruhlarga xizmat koʻrsatish uchun gid biriktiriladi. Ammo sayohat uchun individual yoʻnalish yo kichik guruh uchun alohida gid soʻralsa, yana shu tanqislikka duch kelinadi.
Sayyohni mamlakat bilan tanishtirish va uning fikrini shakllantirishda gidlar asosiy boʻgʻimdir. Kelgan mehmonning mamlakat va uning xalqi haqida ijobiy yoki salbiy xulosaga kelishi bevosita shu gidlarning kasb mahorati va shaxsiy xislatlariga bogʻliq. Bizda turkompaniyalar tomonidan oldindan biriktirilgan, xorijiy sayyohlar bilan ishlashga moslashgan gidlar yetarli emas. Shu sabab, biror tarixiy obidaga tashrif buyurganda oʻsha obida maʼmuriyati tomonidan taklif etadigan gidlar xizmati bilan cheklanishga toʻgʻri keladi. Ularning aksariyati oʻsha obida kabi soʻnib, qarib borayotgandek taassurot uygʻotadi. Talaffuzdagi monotonlik, aytilaverib charchagan hikoyani yoqar-yoqmay takrorlashidan sayyohlarning qiziqib jonlangani emas, zerikib esnayotganini kuzatasiz xolos.
YECHIM. Samarqandda “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti tashkil etilishi bu muammolarning yechimi boʻlishiga umid qilinyapti. Biroq uning birinchi bitiruvchilari oʻz bilimini amaliyotga tadbiq etishni boshlaguniga qadar soha rivoji toʻxtab qolishi kerak emas. Mehmonxona va gid xizmatini koʻrsatish sohasida litsenziya olish tartibini soddalashtirish, imtiyozlar berish orqali vaziyatni yaxshilab turish mumkin. Ularning kasbiy mahoratlarini, tajribasi va bilimini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur (soha mutaxassislari uchun treninglar, master-klasslar oʻtkazish, tanlovlar uyushtirish va h.k.).
Oʻzbekistonga tashrif buyurgan sayyoh borki, bizning palovimiz, kabobu somsalarimiz taʼrifini eshitib kelgan boʻladi. Haqiqatda milliy taomlarimiz maqtanishga arzigulik. Lekin tarixiy shaharlarimizda hali-hanuz qahvaxona, restoran va oshxonalarimiz ikki toifaga boʻlinadi. Birinchisida tez, arzon va shirin ovqatlanib darrov ketish kerak. Chunki sharoiti oyoq uzatib oʻtiradigan emas. Ikkinchisida bemalol, oyoq uzatib, chiroyli dizayn va yuqori servisga mahliyo boʻlib oʻtirasanu, mazasi va hajmining narxiga nomutanosibligiga barmogʻingni tishlab qolaverasan. Bunisiga ham mayli, lekin tungi 11 dan soʻng ovqatlanishni istagan sayyohga qayergadir borishini tavsiya etolmay qolganingda nega bizda ovqatlanish joylari uzukun ishlamasligini tushuntirolmay xunob boʻlasan kishi.
Restoranlar, doʻkon va bozorlarda toʻlovlarning faqat milliy valyutamizda qabul qilishini inobatga oladigan boʻlsak, yarim tunda ovqatlanishni istagan sayyoh nafaqat qayerga borishni, balki xarajatlari uchun valyutani qayerda ayriboshlash haqida ham bosh qotirishi kerak. Toʻgʻri, katta mehmonxonalar negizida valyuta ayriboshlash shoxobchalari mavjud. Lekin hamma sayyohlar ham shu katta mehmonxonalarda dam olmaydi-da.
YECHIM. Mamlakatning sayyohlik potensialini oshirishni istarkanmiz xizmat koʻrsatish sifatinigina emas, muddatlarini ham optimallashtirish lozim. 24 soat ishlaydigan restoranlar, dam olish maskanlari, shahar boʻylab odam gavjum joylarda valyuta ayriboshlash shoxobchalari tashkil qilish lozim. Undan ham zaruri sayyohlar uchun maʼlumot xizmati tashkil etilsa, istalgan paytida qoʻngʻiroq qilib oʻzi uchun zarur maʼlumotni olish imkoni paydo boʻlardi. Sayyohlar koʻp boʻladigan joylarda infokioskalar tashkil qilinib unda xushmuamala mutaxassislar oʻtirsa… Shahar xaritalari, maʼlumot bukletlari bepul tarqatilishi yoʻlga qoʻyilganida-ku nur ustiga aʼlo nur boʻlardi.
Xulosa oʻrnida…
Oʻzbekistonda turizm sohasi rivoji xususida aytilmagan (va balkim aytila olinmaydigan) muammolar hali koʻpligini taʼkidlamay ilojimiz yoʻq. Asosiysi ular muammoligicha qolmasa, yechimlar izlansa, topilsa, amalga tadbiq qilinsa boʻldi. Biz hozir gapirishni urf qilgan “mamlakatda turizm salohiyati yuqori”, jumlasidagi “salohiyat” soʻzini yaqin yillarda “imkoniyat”ga almashtira olsak, soxa taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshilgan boʻlar edi.