Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimining Qoraqalpogʻiston gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti va Rossiya Fanlar akademiyasining N.N.Mikluxo-Maklay nomidagi etnologiya va antropologiya instituti hamkorligida joriy yil sentyabr-oktyabr oylarida arxeologik tadqiqotlarning birinchi mavsumi oʻtkazildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida tashkil etilgan tadqiqot ishlariga Qozogʻiston Respublikasi A.X.Margʻulon nomidagi arxeologiya instituti arxeologlari ham jalb qilindi.
Qoraqalpogʻiston gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti direktori Aytmurat Alniyazovning taʼkidlashicha, 5 ta qabristonda oʻtkazilgan qazish ishlari davomida milodiy III-IV asrlarga oid, yaʼni sarmatlar zamonidan keyingi davrga bogʻliq noyob topilmalar topilgan. Qabrlar ichida odam skeletlari va dafn etilgan odamga qoʻshib koʻmilgan buyumlar boʻlgan. Qazish ishlarida qizil angobdan yasalgan kulolchilik buyumlari va chala pishirilgan ganchkor buyumlar topilgan. Qabrlarda taqinchoq va fibulalar mavjudligi tepalikdagi qabriston milodiy III asr oxiri va IV asr boshlariga oid ekanini tasdiqlaydi. Bu Uraldan Qoradengiz boʻyigacha, Volga hamda Don daryolaridan boshlab hozirgi Qoraqalpogʻiston hududlarigacha boʻlgan keng choʻlda yashagan koʻchmanchilar bilan bogʻliq.
Arxeologiya va antropologiya maʼlumotlariga koʻra, milodiy II-IV asrlarda, yaʼni sarmatlar zamonidan keyingi davrga tegishli koʻchmanchilar qabristonlaridan koʻp miqdordagi qurol-yarogʻlar topilgan. Ular jangovar boʻlgan. Maqolada taʼkidlanayotgan koʻchmanchi xalq jangchilari urushlarda yollanma askar sifatida ishtirok etgan.
Hozirgi Qoraqalpogʻiston hududida aholi IV asrga kelib yarim koʻchmanchi hayotga oʻtgan va oʻtroq yashay boshlagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi raisi akademik Nagʻmet Aimbetovning soʻzlariga koʻra, professor Vadim Nikolayevich Yagodinning Ustyurtdagi keng koʻlamli ishlari qabristonlar, ibodatxonalar, istehkomli manzilgohlar, nayzasimon inshootlar (saygʻoqlarni yoppasiga tutish uchun qurilgan inshoot. Uni aran deb atagan) va boshqalarni oʻz ichiga olgan sarmatlar zamonidan keyingi davr yodgorliklarining aksariyatini ochib bergan. Vadim Nikolayevich Ustyurtning ushbu hududi erta temir davri koʻchmanchilarining mavsumiy migratsiya zonasiga kirganini va Volga-Uralni (hatto Urol ortini ham) va Quyi Volga boʻyini bogʻlab turuvchi eng soʻnggi yoʻl nuqtasi ekanini uzoq vaqt davomida taʼkidlab kelgan. Joriy yilgi qazish ishlari mazkur aholi guruhlari Ustyurtning janubiy qismida ham mavjud ekanini tasdiqladi. Bu esa mashhur arxeologning nuqtai nazari toʻgʻri ekanini isbotlaydi.
Qoraqalpogʻiston gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari tomonidan 2015 yilda oʻtkazilgan tadqiqot natijasida mazkur joyda karvonsaroy ham boʻlgani aniqlangan.
Arxeologik ilmiy-tadqiqot ishlari 2019-yilda davom ettiriladi. Unga Nukus davlat pedagogika instituti xodimlari ham jalb qilinadi.
–Biz, Rossiya Fanlar akademiyasining N.N.Mikluxo-Maklay nomidagi etnologiya va antropologiya instituti bilan 2018-2023 yillarda ilmiy hamkorlik toʻgʻrisida shartnoma imzoladik, – deydi Nukus davlat pedagogika instituti rektori Bayrambay Otemuratov. – Shartnomaga muvofiq, Qoraqalpogʻiston hududida arxeologik dala ilmiy-tadqiqot ishlarini hamkorlikda olib borish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻquv jarayonida foydalaniladigan ilmiy-innovatsion va taʼlim boʻyicha loyihalarni tayyorlash, ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminar va simpoziumlar oʻtkazish, shuningdek, shartnoma ijrosi borasida erishilgan natijalar boʻyicha hamkorlikda materiallar nashr etish ishlari amalga oshiriladi.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilgi mavsumiy ilmiy-tadqiqot dala arxeologik ishlari natijalari boʻyicha doimiy harakat qiluvchi “Orolboʻyi Qoraqalpogʻiston – Rossiya arxeologik ekspeditsiyasi”ni tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Kelasi yili Ustyurtdagi qadimiy koʻchmanchilarning yodgorliklari va qadimiy Xorazm yodgorliklarida keng koʻlamli qazishma ishlari olib borilishi rejalashtirilmoqda.