Yuqori malakali kadrlar – taraqqiyot garovi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining Fargʻona hududiy filialidagi oʻquv mashgʻulotlarida boshqaruv kadrlar malakasini oshirish sifatini yaxshilash, tinglovchilarda faoliyatni rejalashtirish va ish rejasini sifatli bajarish koʻnikmasini mustahkamlash vazifalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Filial davlatimiz rahbarining 2018 yil 6 avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining hududiy filiallarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori asosida faoliyat yuritmoqda. Bu yerda Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlaridan shahar, tuman hokimlarining oʻrinbosarlari, davlat hokimiyati hamda boshqaruv organlarining quyi boʻlinmalari rahbarlari malaka oshiradi.
– Malaka oshirish oʻquv kursi dasturi Davlat boshqaruvi akademiyasi professor-oʻqituvchilari tomonidan yurtimizning turli hududlarida oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida aniqlangan muammolar tahlili, shuningdek, xorijiy mamlakatlar ilgʻor tajribasi asosida tayyorlandi, – deydi hududiy filial direktori Jahongir Mamajonov. – Malaka oshirish kursi aqliy hujum, kichik guruhlarda ishlash, keys-stadi, kollegial muhokama, taqdimot va qaytma aloqa kabi interfaol usullarda tashkil etilmoqda. Mashgʻulotlar akademiyaning yetakchi professor-oʻqituvchilari, vazirlik va idoralarning tajribali mutaxassislari hamda viloyatdagi oliy oʻquv yurtlari yetakchi professor-oʻqituvchilari tomonidan olib borilmoqda.
Tinglovchilarning oʻzlashtirish darajasi akademiya taʼlim portali orqali onlayn monitoring qilinadi. Tizimli ravishda topshiriqlar berish va testlar yechish bilan ularning bilimi baholanadi. Malaka oshirish kurslaridan muvaffaqiyatli oʻtgan tinglovchilarga sertifikatlar beriladi.
Hududiy filialning ilk tinglovchilari Fargʻona viloyati shahar va tumanlarida faoliyat olib borayotgan maktabgacha taʼlim va xalq taʼlimi boʻlimi mudirlari boʻlishdi.
3.JPG
– Akademiyaning Fargʻona hududiy filiali tashkil etilishi kadrlar salohiyatini yuksaltirishga boʻlgan eʼtibor ifodasidir, – deydi Bagʻdod tumani xalq taʼlimi boʻimi mudirasi Toʻlqinoy Tojiyeva. – Mamlakatimizda bugungi kunda 11 mingdan ziyod oʻrta boʻgʻin boshqaruv kadrlari mavjud, lekin ularning barchasi markazda malaka oshirib qaytishi imkonsiz albatta. Bunday imkoniyatlar kengayishi va vaqtning tejalishi, qolaversa, onlayn tartibda markazdagi akademiya professor-oʻqituvchilari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot orqali hamda viloyatdagi yuqori salohiyatli professor-oʻqituvchilar tomonidan mashgʻulot va seminar-treninglar olib borilishi biz uchun qulay boʻldi.
Joriy yil mazkur filialda 1 ming 343 nafar mahalliy davlat hokimiyati idoralari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalari, shuningdek, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlarning boshqaruv kadrlari va masʼul xodimlari malaka oshirish imkoniga ega boʻladi.

 

M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), OʻzA