Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida 24-oktyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining Millatlar va din ishlari boʻyicha qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Bateyer boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi R.Qurbonov, Xitoy Xalq Respublikasining Millatlar va din ishlari boʻyicha qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Bateyer, XXRning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan va boshqalar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik izchil rivojlanayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining doimiylik kasb etgan muloqotlari chogʻida erishilgan kelishuvlar muhim oʻrin tutayotganini taʼkidladi. Turli darajadagi delegatsiyalar tashriflarining amalga oshirilayotgani ikki mamlakat oʻrtasida qator sohalarda hamkorlik aloqalari har tomonlama mustahkamlanishiga zamin yaratayotgani alohida qayd etildi.
Oʻzbekiston – Xitoy munosabatlari tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Buyuk ipak yoʻli xalqlarimizning savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar hamkorligida muhim oʻrin tutgan. Bugungi kunda ham oʻzaro hurmat, tenglik, doʻstlik va manfaatdorlik tamoyillari asosidagi aloqalar faol kengaymoqda. Prezidentimizning 2017-yilda Xitoyga tashrifi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya va madaniy-gumanitar hamkorlik sohalarida yangi sahifa ochdi.
Hududlararo hamkorlikni rivojlantirish millatlararo munosabatlar, madaniy aloqalarni jadallashtirish, shuningdek, birodarlashgan qadimiy Samarqand va Sian, Buxoro va Loyan shaharlari oʻrtasida sayyohlar almashishga qaratilgan loyihalarni ishlab chiqish imkonini berdi.
Muzokarada xalqlarimizning boy madaniyati, urf-odati va anʼanalarini keng targʻib qilishga qaratilgan turli madaniy muloqotlar va uchrashuvlarni tashkil qilish masalalari muhokama qilindi.
Mehmonlarga yurtimizda millatlararo totuvlikni taʼminlash orqali jamiyatni barqaror rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar haqida maʼlumot berildi.
Ushbu yoʻnalishda xalqaro hamkorlikning mustahkamlanayotgani delegatsiya aʼzolarida katta taassurot qoldirdi.
Suhbat chogʻida Bateyer Oʻzbekiston barcha sohalarda keng koʻlamli islohotlarni olib borayotganini qayd etib, Oʻzbekistonda millatlararo hamjihatlik va totuvlikni taʼminlashda dunyoning boshqa mamlakatlarida oʻxshashi yoʻq mahalla instituti muhim oʻrin tutayotganini alohida taʼkidladi. Uning faoliyatini oʻrganish va keng targʻib qilish zarurligini alohida qayd etdi.
Uchrashuvda tomonlar millatlararo munosabatlarni yanada yaxshilashga qaratilgan hamkorlikni mustahkamlash, oʻzaro tajriba almashish, bu boradagi muloqotlarni izchil davom ettirishga kelishib oldi.