O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-oktabr kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari muloqot avvalida Tojikiston Prezidentini tug‘ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
O‘zaro qo‘llab-quvvatlash va birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik mustahkam do‘stlik rishtalari, umumiy tarix, ma’naviy va madaniy qadriyatlarga asoslangan an’anaviy yaqin va yaxshi qo‘shnichilik aloqalari mustahkamlanayotgani chuqur mamnuniyat bilan alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlik izchil rivojlanmoqda, barcha darajada, jumladan, chegaraoldi hududlar hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasida muloqot faollashgani kuzatilmoqda.
Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada o‘sdi. Dushanbe shahrida O‘zbekiston korxonalarining sanoat yarmarkasi va ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokida biznes-forumlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Qo‘shma savdo uylari va zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilmoqda. Mamlakatlarimiz poytaxtlari Toshkent va Dushanbe shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar tiklandi.
Madaniy aloqalar kengaymoqda – joriy yil may oyida Tojikistonda O‘zbekiston madaniyati va san’ati kunlari o‘tkazildi, oktabr oyida mamlakatimizda ham shunday tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Mamlakatlarimizni yaqinlashtirish va ko‘p qirrali sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan hamkorlikdagi ishlar O‘zbekiston va Tojikistonning ko‘p millatli xalqlari manfaatiga xizmat qilmoqda, bu xalqlarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Muloqotda davlatlarimiz o‘rtasida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari, oliy va yuksak darajada bo‘lib o‘tadigan tadbirlar rejasi muhokama qilindi.
Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonni yana bir bor samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq va ulkan muvaffaqiyatlar, do‘st tojik xalqiga tinchlik, osoyishtalik va farovonlik tiladi.
O‘z navbatida, Tojikiston Prezidenti ham O‘zbekiston Prezidentiga samimiy tabrik va yuksak e’tibor uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Tomonlar do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasida keng ko‘lamli o‘zaro manfaatli hamkorlikni bundan buyon ham birgalikda rivojlantirishga tayyor ekani qayd etildi.