Taassurotlarga boy festivallar

Qoraqalpogʻiston Respublikasida 19-20 oktyabr kunlari “Orol baliqlaridan 99 tur taom” gastronomik xalqaro festivali hamda “Orol va Moʻynoqning qayta tiklanishi” mavzuida xalqaro ekofestival boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan tashkil etilgan festivallar doirasida turli tadbir va konferensiyalar tashkil etildi.

Xususan, 19 oktyabr kuni I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat sanʼat muzeyida “Janubiy Orol atrofi – innovatsion rivojlanish hududi” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazildi. Unda olimlar, ekologlar, keng jamoatchilik vakillari va jurnalistlar ishtirok etdi.

2.JPG

11.JPG
– Qurigan Orolni yaqin yillarda suv bilan toʻldirish dargumon, – deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti professori, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori Maxsut Ibrohimov. – Balki, kelgusida dengiz yana qaytar. Buni bilmaymiz. Lekin mavjud imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, Orolning qurigan oʻrnini oʻsimlik dunyosi bilan toʻldirishimiz kerak. Oʻsimlik dunyosi qachon koʻpayadi? U yerda oʻsimliklarni isteʼmol qiluvchi hayvonot dunyosi boʻlsa. Ustyurt platosi va Qizilqum choʻllarida nabotot olami kamayib ketgan. Sababi, ularni isteʼmol qiluvchi jonzotlar yoʻqolib bormoqda. Shuning uchun Moʻynoq tumanida Orol dengizining qurigan tubida tajriba sifatida 1000-2000 boshga moʻljallangan chorvachilik xoʻjaligi tashkil qilish kerak. Buning har tomonlama foydasi bor. Avvalo, ish oʻrinlari paydo boʻladi, bu aholi farovonligiga xizmat qiladi. Bundan tashqari, qurigan dengiz oʻrnida har xil oʻsimlik turlari koʻpayib, tuzli chang koʻtarilishining oldi olinadi. Bugungidektadbirlarda bu borada turli fikrlar oʻrtaga tashlanadi, fikrlar, tajribalar esa muhokamalarda mukammallashadi.

Konferensiya ishtirokchilari Qoraqalpogʻistonning eng soʻlim manzaralari aynan Orol dengizi va Ustyurt platosida uchrashini qayd etib, kelgusida bu joylarda ekoturizmni rivojlantirish taklifini ilgari surdi.

Kunning ikkinchi yarmida festival doirasida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Chingiz Aytmatovning “Sohil boʻylab chopayotgan olapar” qissasi asosida sahnalashtirilgan “Luvr oʻrdagi” spektakli namoyish etildi.

20 oktyabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi tarixi va madaniyati muzeyining “Moʻynoq ekomuzeyi” filiali hamda tumandagi Koʻksuv koʻli boʻyida “Orol baliqlaridan 99 tur taom” gastronomik xalqaro festivalining ochilish marosimlari boʻlib oʻtdi.

Ushbu tadbirlarda yurtimizning barcha hududlaridan mehmonlar, shuningdek, Rossiya, Fransiya, Germaniya, Polsha va boshqa davlatlardan kelgan sayyohlar ishtirok etdi. Oʻzbekistonning turli hududlaridan kelgan oshpazlar tomonidan har xil taomlar tayyorlandi. Ular hayʼat aʼzolari tomonidan baholab borildi. Sanʼatkorlar milliy qoʻshiq va raqslar ijro etdi, hunarmandlar oʻz buyumlarini koʻrgazmaga qoʻydi.

Kunning ikkinchi yarmida tadbirlar tuman markazidagi ochiq osmon ostidagi “Kemalar muzeyi” qoshida “Orol va Moʻynoqning qayta tiklanishi” xalqaro ekofestivali bilan davom etdi. Ishtirokchilar qoraqalpogʻistonlik taniqli rassomlar hamda Bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻquvchilarining “Orol mening taqdirimda” mavzusidagi asarlari, shuningdek, milliy hunarmandlik namunalari koʻrgazmasi bilan tanishdi.

16.JPG

37.JPG
Shu yerning oʻzida “Orol baliqlaridan 99 tur taom” gastronomik festivali hamda “Orol va Moʻynoqning qayta tiklanishi” xalqaro ekologiya festivallarining gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻldi.

Unda “Eng yaxshi oshpaz” yoʻnalishi boʻyicha birinchi oʻrinni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Chimboy tumanidan Oltinoy Zaripova, ikkinchi oʻrinni Xorazm viloyati Urganch shahridan Farhod Novvotov, uchinchi oʻrinni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanidan Xalifa Japarova egalladi. “Eng yaxshi restoran” yoʻnalishi boʻyicha ham gʻoliblar aniqlandi. Unga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus tumanidagi “Ata makan” restorani birinchi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ellikqalʼa tumanidagi “Qaraqalpaq tagʻamlari” restorani ikkinchi, Nukus shahridagi “Qaraqalpagʻim” restorani uchinchi oʻringa munosib koʻrildi.

“Orol va Moʻynoqning qayta tiklanishi” mavzuida xalqaro ekofestivalining ham faol ishtirokchilari va gʻoliblari munosib ragʻbatlantirildi.

 

Yesimxon Qanoatov, Maqsad Habibullayev (surat), OʻzA