21 oktyabr – Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun!

LUQMA. Muallim nodon boʻlsa yoxud Bulungʻur tuman Xalq taʼlimi boʻlimi mudiri savodsizlarcha imzolagan hujjatlar haqida
Shu yilning 3-oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Savod beruvchining savodsizligi…” nomli sarlavha ostida Bulungʻur tuman Xalq taʼlimi boʻlimi mudiri A.Umirzoqov imzolagan (va muhr bosgan) gʻij-gʻij xatolardan iborat hujjatlarga koʻzim tushgan edi.
Tabiiyki, bir qarashda eʼtibor bermagan, hujjat matniga sinchiklab koʻz yugurtirmagan edim. Bugun yana tarmoq “oralagan” ayrim hujjatlarni koʻrib, ochigʻi bir-ikki ogʻiz mulohaza yuritishni lozim deb oʻyladim. Negaki, taʼlim va tibbiyotdagi xato koʻplab insonlarga yoki kelgusi avlodga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Ushbu hujjatlardagi qusurlarni arzimas imloviy nuqson yoki stilistik gʻaliz jumlalar desa ham boʻladi. Ammo, uni Xalq taʼlimi boʻlimi mudiri, yaʼniki xalqqa taʼlim beradigan, oʻrnak boʻladigan tashkilot rahbari tayyorlaganligi hafsalamni pir qildi. Va aytishim mumkinki, bu kabi savodsizlarcha yozilgan yuridik bitikning muallifida savod qay darajada?! U maktabda oʻtiladigan imlo qoidalari yoki grammatik tushunchalardan xabardormi?! – deb oʻylab qoldim.
Deylik, mamlakatimiz mustaqilligi bilan bogʻliq tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha hamda Birinchi Prezidentimiz xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar ijrosi borasidagi buyruqlarida quyidagicha xatolarni sanadim.
02.PNG
“Barcha taʼlim massasalari raxbarlariga” degan jumlada “Taʼlim massasalari”emas“muassasalari” boʻladi. “Raxbarlari” emas “rahbarlari” boʻladi.
Bir joyda tashkilot nomi “Xalq taʼlimi boʻlimi” deb boshqasida boshqacha nom bilan yozilgan.
1-sentyabrdagi bayram oldi tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha buyruq oʻn uch kun oʻtib 13 sentyabrda chiqyapti. Islom Karimov xotirasini yod etish bilan bogʻliq tadbir buyrugʻi olti kun oʻtib, 16 sentyabrda chiqyapti.
144-son buyruqning 2-bandidagi “463 Q-sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin” degan jumlada “rahbarlik” degan soʻz qanday maʼno anglatishi oʻzbek tili stlistikasiga mos kelmaydi. Jumla gʻoyatda gʻaliz.
Viloyat hokimining qarori nomini koʻchirishda “uni” soʻzini “uin”shaklida qogʻozga tushirishgan…
Xullas, Bulungʻur tuman Xalq taʼlimi boʻlimi mudiri A.Umirzoqov imzolagan hujjatlarda bu kabi nuqsonlar bisyor. Agar u qizil qalam bilan toʻgʻrilab chiqilsa,misli lolazor boʻladi.
Ishonmasangiz, oʻzingiz guvohi boʻling. Ijtimoiy tarmoqdagi shunday hujjatlardan bir nechtasini ilova qilamiz.
Darvoqe, taʼlim tizimidagi bunday holatlarga, shuningdek, quyi boʻgʻindagi bu kabi rahbarlar ishiga Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov eʼtibor qaratsa, nur ustiga nur boʻlar edi.
Anvar Suyunov,
jurnalist

 

OʻzA