Saygʻoqlar qayerga ketdi?

Bir paytlar Ustyurt, Orol dengizi qirgʻoqlarida poda-poda, toʻda-toʻda saygʻoqlar oʻtlab, suvlab shu manzilni makon qilgan.
Saygʻoqlarning qumda sakragan tuyoqlari toyrildi, choʻl oʻz bagʻriga yashirgan sirlarini ortiq pinhon tuta olmadi. Baʼzan tushlarimda bolasini ortidan ergashtirib ketayotgan ona saygʻoqning dildirab yoʻlini yoʻqotib adashib yurganini koʻraman…
saiga-female-with-baby-Photo-by-Eugeny-Polonsky_web.jpg
Saygʻoq nima dersiz?.. Kiyik emas, alqor emas, bugʻu emas bu jonivorni burnidan tanib olsangiz boʻladi. Yana bir nomlanishi Margach boʻlgan bu sut emizuvchi jonivor Antilopalar oilasiga mansub saygʻoqlar Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Rossiyaning koʻz ilgʻamas tekisliklarida yashaydi. Junlarining rangi sariq jigarrang, oq va kumushrang, shohlari qirrador va jimjimador. Saygʻoqlarning brokonerlar tomonidan ayovsiz ovlanganining ham sababi shundan.
saiga-horn-trade-monitoring.jpg
Saygʻoqlar garchand choʻl jonivori boʻlsa-da, poda boʻlib koʻchib oʻtlashi uchun kata-katta hududlar, suvlashlari uchun ularga suv manbai kerak boʻladi. Shuning uchunmi mavjlanib turgan Orol hamisha ularga najot manbai boʻlib kelgan. Ming afsuski, keyingi ekologik muammolar, inson qadami yetmagan Ustyurtda ham oʻz texnik ixtirolarini qoʻllamoqda.
Oʻzbekiston saygʻoqlarni saqlab qolish boʻyicha Xalqaro alyans aʼzosi. Shunday boʻlsa-da, keyini 20 yil ichida saygʻoqlarning soni 90 foizga keskin kamayib ketgan. Ayni paytda saygʻoq Tabiatni himoya qilish xalqaro uyushmasining Qizil kitobiga yoʻqolib ketish xavfi boʻlgan tur sifatida kiritilgan. Xalqaro hamjamiyat saygʻoqlarning yoʻq boʻlib ketish xavfini yaxshi anglab yetib, saygʻoqlarni saqlab qolish boʻyicha Memorandum qabul qilgan. Qoraqalpogʻiston Respublikasida Memorandum doirasida amalga oshirilayotgan oʻrta muddatli ishchi guruhi oʻz ishini boshlaganiga ham oʻn yildan oshdi.
antilopy-kazach-aldzazira.jpg
Bundan tashqari 2008-yilda Qoraqalpogʻistonning Moʻynoq va Qoʻngʻirot tumanlarida “Saygʻoqli” landshaftli kompleks buyurtmaxonasi tashkil etilib, beshta uchastkadan iborat 628,3 ming gektar yer maydoni ajratilgan edi. Bu noyob jonivorni asrab qolish boʻyicha xalqaro loyihalarga amal qilinayotgan boʻlsa-da, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi chegaraning bunyod etilishi, avtomobil, temir yoʻllari, gaz quvurlari tarmoqlari ularning oʻrganib qolgan koʻchish yoʻllarini toʻsib qoʻygan. Yirik aviaparvozlar, kon-metallurgiya sohasidagi “kashfiyot”lar esa ularning yashashi uchun taqiq qoʻygandek. Shu oʻrinda Qozogʻiston loyihasi va taklifi bu boradagi muammoga yechim topganga oʻxshaydi. Ular tomonidan saygʻoqlarning suvlashlari uchun Sardobalar tashkil etish gʻoyasi ilgari surilmoqda.
Shohlari ulugʻvorlik va qudrat timsoli boʻlgan saygʻoqlarning ojiz tomoni shundaki. Ular koʻpincha gaz quvurlari xandaqlariga yiqilib ham nobud boʻlishi mumkin.
Mother and calf.jpg
Fidoyilikni oʻz zimmasiga olgan soha xodimlarining ham koʻngliga quloq tutaylik. …Saygʻoqlar ekologik muammolarning qurboniga aylanayotgan bugungi kunda yoshlar ongida ularga mehr uygʻotish barchamizni sergak torttirishi lozim. Jonivorlarga qiziquvchan bolalarga uning dengiz filining tumshugʻini eslatuvchi burni yoqib qolishi tayin. Shunday ekan, saygʻoqlar haqida bolalar uchun hikoya va multfilmlar ishlansa maqsadga muvofiq boʻlardi.
Saygʻoqlar haqida maʼlumotlarni axtara turib koʻproq ovchi saytlarida ularga duch kelishingiz mumkin, bu ham eʼtibor. Ammo, insoniyat oʻz qilgan xatolarini idrok qilmay turib jabrini oʻzi tortadi.
thinkstockphotos-485882792-e1486536858393-1024x576.jpg
Yana tushlarimda chayqalib turgan Orol dengizini, sohilida oʻtlab yurgan saygʻoqlarni koʻraman. Ammo, Ona tabiat, ona saygʻoq bizni kechirarmikan?..

 

Dilorom Tirkasheva, OʻzA