Oʻzbekiston va Ozarbayjon Respublikalari Ichki ishlar vazirliklari jinoyatchilikka qarshi kurashish yuzasidan oʻzaro fikr almashishdi.
Bugun, 4-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari, general-mayor D.Nazarmuhamedov va Ozarbayjon Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari, politsiya general-leytenanti V.Eyvazov rahbarligida ikki tomon Ichki ishlar vazirliklarining Birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi matbuot xizmati xabar qildi.
Yigʻilishda terrorizm, ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda axborot almashinuvining bugungi holati va kelajak istiqbollari, umumiy jinoyatchilikka qarshi kurashish va qidiruv faoliyati sohasida tomonlarning hamkorligi, transport xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishidagi oʻzaro hamkorlik holati va uni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat tartibini taʼminlash boʻyicha toʻplangan tajriba yuzasidan oʻzaro fikr almashishdi.
Yigʻilish yakunida 2019-2020 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Ozarbayjon Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik Bayonoti imzolandi.
Tashrif doirasida Ozarbayjon delegatsiyasining Samarqand shahridagi sayyohlik obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishishlari rejalashtirilgan.