Paralimpiyachilarimiz Jakartaga yetib borishdi

Xabaringiz bor, 6-13-oktabr kunlari Indoneziyaning Jakarta shahrida III Paraosiyo oʻyinlari boʻlib oʻtadi. Hamyurtlarimiz ushbu musobaqada ishtirok etish uchun poytaxtimizdan joʻnab ketishgan edi.
Bugun Oʻzbekiston delegatsiyasining katta qismi Paraosiyo oʻyinlari oʻtkaziladigan Jakarta shahriga yetib bordi. Ularni mahalliy “Soekarno Hatta” xalqaro aeroportida Oʻzbekiston Respublikasining Indoneziyadagi favqulodda va muxtor elchisi Ulugʻbek Roʻziqulov, Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya Assotsiatsiyasi ishchi guruhi aʼzolari, Jakartada istiqomat qilayotgan bir guruh vatandoshlarimiz, shuningdek, tashkiliy qoʻmita tomonidan Oʻzbekiston sport delegatsiyasi uchun biriktirilgan koʻngillilar kutib olishdi.
p3-1024x768.jpg
Sportchi va murabbiylarimiz aeroportdan toʻgʻri Kemayoran dahasidagi Paralimpiya shaharchasiga yoʻl olishdi. Ular Paraosiyo oʻyinlari davomida aynan shu yerda istiqomat qilishadi. Mazkur oʻyinlarda sportchilarimiz paralimpiya sportining dzyudo, suzish, yengil atletika, oʻq otish va pauerlifting turlarida yurtimiz sharafini himoya qiladilar.
p2-1024x768.jpg
Maʼlumot uchun, 6-oktabr soat 18:08da (Toshkent vaqti bilan 16:08) Jakartadagi “Gelora Bung Karno Stadium”da musobaqaning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtadi. 7-oktabrdan esa asosiy musobaqalarga start beriladi.

 

O’zA