O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalar qatori parlamentarizm yo‘nalishida ham izchil rivojlanmoqda. Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasida «Janubiy Koreya – O‘zbekiston» parlament do‘stlik assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruh tashkil etilgan.

Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi bu boradagi aloqalar rivojida yana bir qadam bo‘ldi.

Mazkur delegatsiya rahbari, Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Chon Se Gyun bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar samaralari haqida O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashish bizga katta mamnuniyat bag‘ishladi. Uchrashuv juda samarali bo‘ldi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid ko‘plab masalalar muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyevning davlat boshqaruvi sohasidagi falsafasi va prinsiplari bizda katta taassurot qoldirdi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatingizni jadal taraqqiy ettirib, yangi bosqichga olib chiqadi.

Koreya Respublikasi bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlik o‘zaro anglashuv va ishonchga asoslanadi. Janubiy Koreya sanoat, texnologiyalar, «nou-xau»lar borasida ulkan salohiyatga ega va O‘zbekiston bilan bu borada tajriba almashishga tayyor.

Mamlakatlarimiz hamkorligini huquqiy jihatdan mustahkamlashda parlamentlararo aloqalar muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan bu boradagi aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashishni faollashtirishga kelishib oldik.

 

Anvar Samadov, O‘zA