Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 20 sentyabr kuni jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda sohaga doir kamchiliklar muhokama etilib, amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalar belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev OʻzA muxbiri bilan suhbatda bu vazifalarni amalga oshirishning aniq mexanizmlari, tizimdagi kamchiliklar, sportni ommalashtirish borasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida gapirib berdi.
– Dilmurod Hamidullayevich, siz sport vazirligida faoliyat boshlaganingizga hali koʻp vaqt boʻlmadi. Ayting-chi, mamlakatimiz sportchilari erishayotgan natijalar bilan faxrlansak arziydimi?
– Bugun Oʻzbekiston tom maʼnoda sporti rivojlanayotgan, sportni ruh va dil tantanasiga aylantirgan odamlar mamlakatiga aylangan. Pirovardida, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi qaror topib, sportning ommaviyligi taʼminlanmoqda. Oʻzbekiston sportchilari jahonning nufuzli musobaqalarida yuksak gʻalabalarni qoʻlga kiritib, mamlakatimiz sport salohiyatini dunyoga namoyon qilmoqda. Birgina joriy yilda Indoneziyada oʻtkazilgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida sportchilarimiz 21 oltin, 24 kumush va 25 bronza – jami 70 medalni qoʻlga kiritdi. Bu mamlakatimiz sporti tarixida eng yaxshi natija ekanini faxr bilan tilga olamiz.
– Aholining jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shugʻullanishini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, bunda ularga imkoniyat yaratish uchun nimalarga eʼtibor qaratish lozim?
– Darhaqiqat, bugun jismoniy tarbiya va sportni aholi oʻrtasida ommalashtirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishda qator tizimli muammo va kamchiliklarning borligi mamlakatning mavjud sport salohiyatidan toʻliq foydalanishga toʻsqinlik qilmoqda. Davlatimiz rahbari jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda aholi, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shugʻullantirish ishlari yaxshi yoʻlga qoʻyilmagani, darsdan tashqari vaqtlarda taʼlim muassasalaridagi sport obyektlaridan barcha yosh toifasidagi odamlarning foydalanishi tashkil etilmaganiga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Shunga muvofiq, oldimizda turgan eng asosiy vazifalardan biri, bu – aholi oʻrtasida sportni yanada ommalashtirish, ularni jismoniy tarbiya bilan muntazam shugʻullanishga jalb etishdir.
Shu maqsadda korxona, taʼlim muassasalari, istirohat bogʻlarida ommaviy badantarbiya va gimnastika mashgʻulotlarini oʻtkazishga eʼtiborni kuchaytirishimiz, bunday mashqlarning inson salomatligi uchun juda foydaliligini targʻib qilishimiz zarur. Bunda asosiy eʼtiborni qisqa muddatlarda jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirish boʻyicha hududlarda namunaviy modellarni ishlab chiqib, tajriba sinovidan oʻtkazishga qaratish maqsadga muvofiq. Hozirda aholini jismoniy tarbiya bilan muntazam shugʻullanish, sogʻlom turmush kechirishga jalb etish, shu orqali kasalliklarning oldini olish, odamlarning umrini uzaytirish Milliy konsepsiyasi ustida ish boshladik.
Prezidentimiz tomonidan bu yoʻnalishda ilgʻor davlatlar tajribasini oʻrganish, ularni amaliyotga joriy etish boʻyicha topshiriq berildi. Shu asosda Yaponiya tajribasidan kelib chiqib, 3-5 daqiqalik ommaviy badantarbiya mashgʻulotlarini targʻib qilishga qaratilgan sport sogʻlomlashtirish mashqlari teledasturlarini tayyorlash va har kuni ertalab, kunduzi va kechki vaqtlarda barcha telekanallar orqali efirga uzatishni rejalashtirmoqdamiz.
Bu mashqlarni bajarish uchun esa barcha tashkilotlarda xodimlarning ishlab chiqarish gimnastikasi bilan shugʻullanishi uchun tegishli sharoit yaratishimiz lozim boʻladi. Shu bilan birga oʻz jamoasini jismoniy tarbiya va sportga faol jalb qilgan tashkilot rahbarlarini ragʻbatlantirib borishni rejalashtirganmiz. Hozirda Moliya vazirligi bilan hamkorlikda bu tizimning mexanizmi ishlab chiqilmoqda.
Taʼlim muassasalari va shifoxonalarda jismoniy tarbiyani targʻib qilish orqali kasalliklarning oldini olish profilaktikasi haqida tushunchalar berib borish yoʻlga qoʻyiladi. Bundan tashqari, aholining yoshiga qarab, umumiy jismoniy tayyorgarligini belgilovchi sport meʼyorlarini oʻz ichiga olgan “Alpomish“ va “Barchinoy“ testlarini musobaqa tarzida doimiy ravishda oʻtkazilishini tashkil qilish va ularni ragʻbatlantirish uchun I, II va III darajali koʻkrak nishonlarini joriy etishni rejalashtirmoqdamiz.
Shuningdek, har yili ommaviy sport tadbirlari respublika taqvim rejasi doirasida “Taʼlim muassasalari haftaligi”, “Xotin-qizlar haftaligi”, “Mahalla haftaligi”, “Nuroniylar haftaligi”, “Yoshlar haftaligi” kabi shiorlar ostida aholining barcha qatlamlarini sportga jalb etishga eʼtibor qaratiladi. Ayniqsa, sport bilan muntazam shugʻullanmaydigan fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazgan holda, ularga mos sport turlari boʻyicha tadbirlar tashkil etiladi.
Bu yoʻnalishdagi ishlarda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan yaqin hamkorlik qilamiz. Xususan, 2018-2019 yillar davomida Yoshlar ittifoqi mablagʻlari evaziga hududlarning ehtiyojidan kelib chiqib, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida sunʼiy qoplamali, badminton maydonchalari barpo etishni maqsad qilganmiz. Shu bilan birga hududiy hokimliklarga ham aholi yashash punktlari, yoʻl qurilishi ishlarini loyihalashtirishda velosiped yoʻlaklari, yugurish marshrutlarining koʻrsatkichlarini oʻrnatish, badminton, mini-futbol, stritbol maydonlarining qurilishi majburiy etib belgilandi.
– Sport muassasalarining moddiy-texnik taʼminotini yaxshilash, ularni zarur jihozlar va inventarlar bilan taʼminlash boʻyicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Respublikamiz hududlarida mavjud holatlarni oʻrganish ishlari natijasida baʼzi sport obyektlarida qurilish-taʼmirlash ishlarining oʻz vaqtida yakunlanmagani, qolaversa, inventarlar bilan taʼminlash boʻyicha jiddiy muammolar borligiga guvoh boʻldik.
Jumladan, ayrim taʼlim muassasalariga yetkazib berilgan jihozlar bolalarga foydalanish uchun berilmasdan, omborlarda saqlanayotgani kuzatildi. Baʼzi holatlarda ayrim sport jihozlari va inventarlarining sifatsizlari yetkazib berilganligi sababli sport muassasalari bundan samarali foydalana olmagan. Shu sababli, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish uchun ajratilayotgan mablagʻlardan samarali foydalanish, ushbu tizimda shaffoflikni taʼminlash, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarning eksport salohiyatini oshirish hamda ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida respublika va xalqaro darajada oʻtkaziladigan musobaqalarda jamoalarni sport kiyim-kechaklari va anjomlari bilan taʼminlash uchun bir qator korxonalarni hamkorlikka taklif etdik.
Joriy yilning 7 sentyabr kuni poytaxtimizda oʻtkazilgan “Oʻzbek sport sanoati – 2018” koʻrgazmasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar orasidan eng ilgʻor va sifat koʻrsatkichi yuqorilarini oʻrganish imkoni boʻldi. Sport muassasalariga 2019 yil uchun sport jihozlari va inventarlarini xarid qilishda ular orasidan eng ilgʻorlari tanlab olinadi.
– Maʼlumki, davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlar bilan oʻzaro munosabatlarning yetarli darajada tashkil etilmaganligi ushbu sohada mavjud muammolarni samarali hal etishga imkon bermayapti. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifangiz orqali Toshkent shahrida joylashgan qator obyektlar tadbirkorlarga taklif etildi, shuningdek, vazirlik tizimidagi taʼlim muassasalarida autsorsing xizmati joriy etilishini maʼlum qildingiz. Bundan qanday maqsad koʻzlangan?
– Toʻgʻri, davlat-xususiy sheriklik shartlarida sportning zamonaviy moddiy-texnika bazasi va infratuzilmasini yaratish boʻyicha nodavlat sektor bilan munosabatlarning past darajada ekanligi ushbu sohada mavjud muammolarni samarali hal etishga imkon bermayapti. Shu nuqtai nazardan, vazirlik tomonidan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida Toshkent shahridagi ayrim sport taʼlim muassasalarining sport maydonlari faoliyatini unumli tashkil qilish maqsadida tadbirkorlarga taklif etildi.
Prezidentimiz tomonidan oʻtkazilgan yigʻilishda ham mazkur yoʻnalishda qilinishi lozim boʻlgan ishlar belgilab berildi. Endilikda ishchi guruhlar tomonidan respublikamizdagi mavjud barcha obyektlar toʻliq xatlovdan oʻtkaziladi. Aholining keng qatlami, ayniqsa, yoshlar uchun xizmat koʻrsatish samaradorligi sust boʻlgan va foydalanilmayotgan sport obyektlari davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tadbirkorlarga berish boʻyicha hukumat qarori loyihasi tayyorlanayotir.
Shu bilan birga, mamlakatimizdagi ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari, sport maktab-internatlari tarbiyalanuvchilari uchun zamonaviy autsorsing xizmati asosida ishonchli shartnomaviy xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyishishlari boshlab yuborildi.
Bilamiz, sportchi uchun eng muhim jihatlardan biri qatʼiy nazorat qilinadigan kaloriyali ovqatlanish ratsioni hisoblanadi. Bugungi kunda aksariyat taʼlim muassasalarida yosh sportchilarni ovqatlantirishda maʼnan eskirgan tizimdan foydalanilmoqda. Shu sababli mazkur jarayonga zamonaviy ilgʻor tajribalarni joriy etamiz. 2018-2019 oʻquv yili davomida dastlabki tajriba sifatida Xorazm, Fargʻona, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari, sport maktab-internatlari tarbiyalanuvchilari uchun zamonaviy autsorsing xizmatini yoʻlga qoʻyamiz. Keyinchalik bu tizim barcha taʼlim muassasalarida joriy etiladi.
Shuningdek, taʼlim muassasalarining sport inshootlaridagi pullik xizmat koʻrsatuvchi toʻgaraklarga tushadigan mablagʻlarning hisobini yuritish tartibi ishlab chiqiladi. Bunda, mablagʻlarning asosiy qismi toʻgaraklar faoliyatini samarali yoʻlga qoʻygan murabbiylar va taʼlim muassasalari rahbarlari ixtiyorida qoldiriladi.
– Sport taʼlimi muassasalarining mutaxassis kadrlar bilan taʼminlanganlik ahvoli qay darajada? Qaysi sport turlari boʻyicha mutaxassislar yetishmovchiligi mavjud?
– Sportni ommalashtirishda, ayniqsa, yoshlarni sportga jalb etishda murabbiylarning oʻrni katta. Ayrim sport turlarining respublikamiz boʻyicha ommalashmagani yoki xalqaro musobaqalarda baʼzi sport turlari boʻyicha kam sonli sportchilar bilan ishtirok etishimizning sabablaridan biri, mazkur sport turlari boʻyicha murabbiylar tanqisligidir. Respublika boʻyicha sport muassasalarida 11 ming 573 sport murabbiysi faoliyat koʻrsatmoqda. Ayni damda yana 1142 murabbiyga ehtiyoj bor.
Bu masalaga ham davlatimiz rahbari tomonidan alohida eʼtibor qaratilib, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport institutiga “Universitet” maqomi berildi. Poytaxtimizdagi tor va noqulay binoda joylashgan muassasaga Chirchiq shahridan katta hudud va binolar ajratildi. Prezident farmoniga asosan qisqa muddatda muassasa oʻquv binolari qayta rekonstruksiya qilinib, moddiy-texnik bazasi yangilandi.
Ayni paytda universitetning 5 oʻquv binosi, 2 talabalar turar joyi, 2 oshxona va axborot-resurs markazi, manej, boks, taekvondo, ogʻir atletika, gimnastika zallari, tennis, nayza uloqtirish, futbol maydonlari, yozgi va qishki suzish havzasi faoliyat koʻrsatmoqda. 2018-2021 yillar davomida universitet hududida qoʻshimcha 1600 oʻringa moʻljallangan talabalar turar joyi, 600 oʻrinli oʻquv binosiga ega boʻlgan gimnastika zali, 3 ta sport inshooti qurish, futbol maydoni va uning maʼmuriy binosini qayta rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda malakali murabbiylar tayyorlash boʻyicha ish olib bormoqdamiz. Yaqinda Belarus Respublikasi Sport va turizm vaziri Sergey Kovalchuk bilan jismoniy tarbiya va sport sohasida oʻzaro hamkorlik boʻyicha qator kelishuvlarga erishdik. Jumladan, Belarus Respublikasi bilan hamkorlikda qishki sport turlari va gimnastika boʻyicha trenerlar tayyorlab beradigan fakultet tashkil etish va bitiruvchilarga qoʻshma diplom berish boʻyicha kelishib oldik.
Shuningdek, murabbiylar tayyorlash boʻyicha jahoning ilgʻor tajribalarini oʻrganib, yurtimizda yaxshi rivojlanmagan sport turlari boʻyicha murabbiylar tayyorlash maqsadida xorijiy oliy taʼlim muassasalarining filiallarini ochish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Bu yoʻnalishdagi ishlarni jadallashtirish uchun tizimda mavjud boʻlgan ayrim byurokratik toʻsiqlar olib tashlandi. Endilikda Olimpiya va Osiyo oʻyinlari, jahon va Osiyo chempionatlari, mamlakatimizning nufuzli sport musobaqalari gʻolib va sovrindor sportchilariga toʻgʻridan-toʻgʻri, attestatsiyadan ozod etgan holda murabbiylik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun ruxsatnomalar beriladi.
– Prezidentimiz oʻtkazgan yigʻilishda Sirdaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi sport obyektlarida qurilish ishlari orqada qolayotgani aytildi. Mazkur muammoni hal qilishda vazirlik tomonidan qanday vazifalar belgilab olindi?
– Joriy yilda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 56 sport obyektini qurib, foydalanishga topshirish, bu maqsadlarga 362 milliard soʻm mablagʻ sarflanishi belgilangan edi. Lekin joriy yilning 10 sentyabr holatiga koʻra, atigi 113 milliard soʻmlik qurilish-montaj ishlari bajarilgan. Sirdaryo, Navoiy, Toshkent
viloyatlari va poytaxtimizda qurilish ishlari orqada qolmoqda. Mazkur hududlarda obyektlarning qurilish va taʼmirlash ishlarining kechikish sabablari oʻrganilmoqda. Bu ishlarning barchasi nazoratda. Qurilish tashkiloti rahbarlari va mahalliy hokimlik mutasaddilari maʼlumotiga koʻra, ushbu obyektlarni qurish uchun mablagʻlar yakuniy qismi oʻz vaqtida ajratilmaganligi, quruvchi tashkilot yetarli darajada ishchi kuchi va texnika jalb qilmaganligi sababli ishlar yakuniga yetmagan. Bu borada oʻz ishiga sovuqqonlik bilan yondashgan masʼul xodimlar lavozimidan ozod etildi. Yangi tayinlangan masʼul shaxslarga mazkur muammoni tezkorlik bilan hal qilish boʻyicha vazifalar belgilab berildi.
Tizimdagi bu kabi mavjud kamchiliklarning oldini olish maqsadida tez orada Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasining 2020-2025 yillarga moʻljallangan manzilli dasturi ishlab chiqiladi.
– Sport inshootlari qurilishidagi sifat haqida gapirdingiz, oʻtgan yillarda qurilgan inshootlar holati haqida maʼlumot bersangiz? Ulardan samarali foydalanilmoqdami?
– Bu juda dolzarb masala. Prezidentimiz ham yigʻilishda bu masalaga alohida toʻxtalib, vazifalar belgilab berdi. Sir emas, davlat tomonidan milliardlab mablagʻ hisobiga qurilgan ayrim inshootlar ayanchli ahvolga kelib qolgan. Bu manzara, ayniqsa, suzish havzalarida kuzatilmoqda.
Kelgusida Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi qoshida sport inshootlarini yangi texnologiyalar asosida loyihalashtirishga ixtisoslashgan alohida loyiha institutini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish maqsadida qurilish va loyiha tashkilotlari mutaxassislari jamgʻarma mablagʻlari hisobidan chet elga yuboriladi.
– Yoshlarni ommaviy sportga jalb qilish, ular orasidan iqtidorli sportchilarni tanlab olish va terma jamoalar tarkibini sifatli toʻldirish borasida nimalarga eʼtibor qaratiladi?
– Yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish va targʻib qilish, iqtidorli sportchilarni tanlab olishning samarali va shaffof tizimini yaratish, terma jamoalar tarkibini sifatli toʻldirish uchun sport zaxirasini shakllantirish va yuqori malakali sportchilarni tayyorlash dolzarb hisoblanadi.
Joylardagi boʻsh turgan xususiy obyektlar negizida aholini, xususan, yoshlarni ommaviy sportga jalb qilish uchun imtiyozli xizmat koʻrsatuvchi sport markazlarini tashkil etish talab etiladi. Shu bois, vazirlik tomonidan Yoshlar ittifoqi, tegishli vazirliklar bilan birgalikda taʼlim muassasalaridagi sport inshootlari hamda boʻsh turgan obyektlarda sport seksiyalarini ochish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi. Shu asosda tuman, shahar, viloyat va respublika miqyosida sport musobaqalari sonini yanada koʻpaytirish, ularni ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Iqtidorli sportchilarni tanlab olishda Respublika oliy sport mahorati maktablari ish faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqish lozim boʻladi. Mazkur yoʻnalishdagi ishlarni kuchaytirish maqsadida Respublika oliy sport maktablari namunaviy shtatlariga – sport menejeri va sport turlari boʻyicha seleksioner lavozimlari kiritildi.
Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish, yosh avlodni har tomonlama sogʻlom va barkamol voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, xalqaro sport maydonlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilarning isteʼdodini yuzaga chiqarish va xalqimiz kutayotgan natijalarni qoʻlga kiritish uchun barcha ishlarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz.
Javohir Toshxoʻjayev, OʻzA