Oʻzbek-tojik doʻstligi XV asrda yashab oʻtgan kki buyuk zot – Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy pir-muridligi, ustoz-shogirdligi, ijodiy hamkorligi misolida oʻzining eng yuksak darajasiga koʻtarilgan. Bu ikki dahoni bir-biriga bogʻlab turadigan rishtalar shunchalar koʻpki…
Nuriddin Abdurahmon Jomiy garchi Xurosonning Jom qishlogʻida tugʻilgan boʻlsa-da, ularning oilasi mamlakat poytaxti – Hirotga koʻchib kelgan, shu yerda yashab, ijod qilgan.
Yosh jihatidan Abdurahmon Jomiy Alisher Navoiyga ota qatori edi – oradagi farq 27 yil. Bu ikki zotni Oʻzbekistonimizga bevosita bogʻlab turadigan bir muhim oʻxshashlik bor, Jomiy uzoq yillar, Navoiy ikki yil Samarqand madrasalarida tahsil olgan.
Navoiyning “Xamsat ul–mutahayyirin” asarida Abdurahmon Jomiy har bir shaxsning kamolga yetishida unga yoʻl-yoʻriq koʻrsatgan, taʼlim-tarbiya bergan, bevosita taʼsir oʻtkazgan insonlarning alohida oʻrni boʻladi. Shu jihatdan qaraganda, Abdurahmon Jomiy buyuk oʻzbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy hayoti va ijodiga pir va ustoz sifatida toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir oʻtkazgan ulugʻ zot edi.
Navoiy oʻzining aksariyat sheʼriy va nasriy asarlarida ustozini yuksak darajada hurmat-ehtirom koʻrsatadi. Shoir dastlab oʻzi tuzgan “Badoyiʼ ul–bidoya” debochasi, “Xazoyin ul–maoniy” tarkibiga kiruvchi “Gʻaroyib us–sigʻar” (“Bolalik gʻaroyibotlari”), “Navodir ush–shabob” (“Yoshlik nodirliklari”), “Badoeʼ ul–vasat” (“Oʻrta yasharlik goʻzalliklari”), “Favoyid ul–kibar” (“Qarilik foydalari”) devonlaridan joy olgan sheʼriy asarlarida, “Sittayi zaruriya” debochasi va undagi qasidalarda ustozini madh etadi. “Devoni Foniy”da Jomiyga tatabbuʼlar bitib, uning tavrida ham gʻazallar yozadi. “Mahbub ul–qulub”, “Muhokamat ul–lugʻatayn” va “Mezon ul–avzon”da ham ustozini hurmat bilan qayta-qayta yodga oladi. “Xamsa”ning har bir dostonida unga maxsus bob bagʻishlab, “Majolis un–nafois” tazkirasida ham Jomiyni alohida taʼrifu tavsif etadi.
Ammo, qaysidir maʼnoda, ustozi haqida bir butun tasavvur uygʻotadigan yaxlit bir asar yozib, uning xotirasini abadiylashtirishga ehtiyoj bor edi. Shu maqsadda Navoiy Jomiy vafotidan ikki yil oʻtganidan keyin, yaʼni 1494 yili maxsus “Xamsat ul–mutahayyirin” (“Hayratlanarli beshlik”) asarini yaratdi. Asar boshdan-oxir Jomiy taʼrifu tavsifiga bagʻishlangan. Jomiy vafotidan keyin yozilgani uchun ham u qaysidir maʼnoda, ikki buyuk ijodkor munosabatlarining oʻziga xos xotimasi, deyish mumkin.
“Xamsat ul–mutahayyirin”ning kompozitsiyasi ham juda oʻziga xos. Asar asosan, “Muqaddima”, uch maqolat va “Xotima”dan – jami besh qismdan iborat. Biroq uning “Bismillo…” deb boshlanuvchi alohida kirish qismi ham bor. Unda Navoiy hamd va naʼt, Jomiy taʼrifidan keyin asarning har bir qismida aynan nimalar haqida toʻxtalishini oʻzi batafsil hikoya qiladi.
“Muqaddima” – Jomiyning tugʻilishi, nasabi, bolalik va yigitlik davri, ustozlari va piri, zohiriy va botiniy ilmda erishgan darajasi, Navoiyning bu zot bilan ilk uchrashuvi.
“Avvalgi maqolat” – ikki ijodkor oʻrtasidagi nozik ustoz-shogirdlik va pir-muridlik munosabatlarini aks ettiruvchi hikoyatlar.
“Ikkinchi maqolat” – Jomiy va Navoiy oʻrtasidagi turli yozishmalar va ular bilan bogʻliq voqealarni qamrab olgan hikoyatlar.
“Uchinchi maqolat” – Jomiy asarlari roʻyxati, shuningdek, ikki buyuk ijodkorning bir-biriga adabiy taʼsir etishi natijasida dunyoga kelgan asarlar haqida.
“Xotima” – Navoiy Jomiy huzurida oʻqigan va taʼlim olgan kitob va risolalar roʻyxati, Jomiyning karomatlari bilan bogʻliq hikoyatlar, Jomiy vafotining tafsilotlari, Navoiyning ustozi va piriga atab yozgan marsiyasi.
Alisher Navoiy buyukligining oʻziga xosligi shundaki, bu qalam sohibiga nazmda ham, nasrda ham tengsiz asarlar yaratish qobiliyati ato etilgan edi. Ammo “Xamsat ul–mutahayyirin”da Navoiyni tamoman boshqa ijodkor sifatida koʻramiz. Farhod va Shirin, Layli va Majnun kabi toʻqima timsollarni haddi aʼlosiga yetkazib yaratgan shoir oʻzi bilan hamnafas yashagan real shaxs − Jomiy siymosini aks ettirishda butunlay oʻzgacha yoʻldan boradi. Ustozi va pirini taʼriflashda turli jimjimador, mubolagʻaga boy soʻzlar, ifodalardan maksimal darajada qochadi. Hayotda oʻzi koʻrgan, bilgan voqealarni oʻta aniq ifodalaydi. Eng muhimi, hech yerda kitobxonni chalgʻitmaydi. Hayotiy haqiqatni borligicha aks ettiradi.
“Xamsat ul-mutahayyirin”da Jomiy va Navoiy munosabatlarining turli tomonlari aks etgan boʻlsa ham, avvalo, ular oʻrtasidagi haqiqiy ustoz-shogirdlik rishtalari koʻrsatiladi. Jumladan, asarda muallif erinmasdan ustozi huzurida taʼlim olish va foydalanish yuzasidan oʻqigan kitoblari roʻyxatini keltirib oʻtadi. Bundan tashqari, Navoiy Jomiy “Xamsa” bilan “Haft avrang”ni qiyoslash yoʻli bilan ovoz chiqarib oʻqiganida tinglaganini, shuningdek, baʼzi risolalar Jomiy oldida oʻqilmagan boʻlsa ham, ulardagi ayrim murakkab joylarni ustozdan soʻrab turganini yozadi. Ana shu maʼlumotlar Jomiyning, haqiqatan ham, Navoiyga toʻgʻridan-toʻgʻri muallim, mudarris, yoʻlboshchi, chinakam ustoz ekanini yana bir karra isbotlaydi.
Jomiy va Navoiy oʻrtasida oʻta kuchli adabiy taʼsir boʻlgan. Bu “Xamsat ul–mutahayyirin”ning deyarli har bir sahifasida aks etib turadi. Navoiy Jomiyning turtkisi bilan koʻplab asarlar yaratgan boʻlsa, oʻz oʻrnida ustoz ham shogirdining daʼvati bilan yirik-yirik asarlarga qoʻl uradi. Bu taʼsirni Navoiy faxr bilan qayta-qayta takrorlashdan charchamaydi.
Eng muhimi, ustoz va shogirdning bir-biriga hurmat-ehtiromi, mehr-muhabbati cheksiz. Bundan tashqari, ikki buyuk qalam sohibining adabiy did va saviyalari deyarli bir xil darajada. Bunga ishonch hosil qilish uchun “Xamsat ul–mutahayyirin”dagi turli hikoyatlarni oʻqishning oʻzi kifoya:
U davrlarda kechki bazmlar qilib, sheʼrxonliklar uyushtirish anʼanasi bor edi. Shunday yigʻilishlarning birida Mutahhir Udiy degan bir xonanda Xoja Hasan Dehlaviyning bir sheʼrini kuylaydi, jumladan, mana bu baytni ham oʻqiydi:
Misoli qatrai boron sirishki man hama durr shud,
Chunin asar dihad, alhaq, tului chun tu suhayle.
Mazmuni: Yomgʻir qatralari kabi koʻz yoshlarimning hammasi dur boʻldi,
Haqiqatan, sening Suhayl (yulduzidek) chiqib kelishing shunday taʼsir qiladi.
Majlis ahli sheʼriyatdan boxabar, taniqli va xushtaʼb kishilardan iborat edi. Ular xonandaga baytdagi “durr shud”, yaʼni “dur boʻldi” soʻzi oʻrniga “xun shud”, yaʼni “qon boʻldi”, deb oʻqishni, “durr shud”ning maʼnosi yoʻqligini aytishadi. Majlis sarvari ham bu fikrga qoʻshiladi. Davrada jim oʻtirgan Navoiydan bu mulohazaga munosabat bildirishini soʻraganlarida, u xonanda soʻzni toʻgʻri qoʻllaganini aytadi. Kutilmagan bu javobdan yigʻilganlarning barchasi norozi boʻladi. Shunda Navoiy: “Chun siz borcha bir jonib boʻldungiz, men yalgʻuz. Sizga oʻz muddaomni sobit (isbot − F. O.) qila olmon, ammo bir kishini hakamliqgʻa musallam tutsangiz, garav bogʻlarmen“, – deydi.
Bahsga yechim topish maqsadida Jomiyga munozara mazmunini bitib, xat joʻnatishadi. Biroz vaqtdan soʻng ul zotdan bir misra javob keladi:
“Suxan “durr” astu taalluq ba goʻshi shah dorad”.
Mazmuni: “Soʻz “dur”u, uning shoh qulogʻiga taalluqli yeri bor”.
Bu javobdan Navoiyga qarshi chiqqan majlis ahli mulzam boʻlib, shoirning haqligiga iqror boʻlishadi. Eng qizigʻi, Jomiy oʻzi bilmagan holda noqulay ahvolga tushgan shogirdini malomatdan qutqarib qoladi. Chunki haqiqat ular tarafda edi. Bu hikoyatdan Jomiy va Navoiyning nafaqat hamfikrligi, isteʼdodi va saviyasi, soʻz sanʼati sirlarini naqadar nozik tushunishi ham ayon boʻladi. Bu ikki buyuk sohibi qalam yaratgan badiiy-ilmiy merosning koʻlami ham, yuksaklik darajasi ham shuni toʻla isbotlaydi.
“Xamsat ul–mutahayyirin” ham Jomiy, ham Navoiy hayoti, faoliyati, ayniqsa, ijodini tadqiq etishda birdek xizmat qilaveradi. Eng muhimi, bu asar ikki buyuk qalam sohibining oʻzaro yuksak munosabati, qolaversa, bir buyuk tarixiy shaxsning ikkinchi bir bemisl dahoga boʻlgan cheksiz hurmat-ehtiromini namoyon etadi. Bu esa mazkur asarning qadr-qimmati tengsiz ekanidan dalolatdir.
Farruxbek Olim, tadqiqotchi