Toshkentda “Innovatsiya kuni” xalqaro forumi tashkil etildi

Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent“ mehmonxonasida 25 sentyabr kuni Markaziy Osiyoda Huawei kompaniyasining innovatsiyalar kuni doirasida xalqaro forum tashkil etildi.
“Taraqqiyot strategiya” markazi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish hamda Innovatsion rivojlanish vazirliklari bilan Xitoyning “Huawei“ kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan xalqaro forumda xorijiy mamlakatlarning kompaniya va firmalari rahbarlari, sanoat, ishlab chiqarish sohasi ekspertlari, ilmiy doira vakillari ishtirok etdi.
Forum Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, Oʻzbekistonda raqamli iqtisodiyotni shakllantirish, infratuzilmaning iqtisodiy taraqqiyotdagi oʻrni, aholi turmush darajasini yaxshilashda innovatsion loyihalarning ishlab chiqilishi va hayotga tatbiq etilishi, mintaqada ekotizimni yaxshilash kabi masalalar yuzasidan maslahatlashuvlar va oʻzaro fikr almashish imkonini berdi.
Tadbirda, shuningdek, “Huawei“ kompaniyasi faoliyati, telekommunikatsiya tarmoqlari va mahsulotlari, xalqaro texnologiyalar bozorida taqdim etayotgan xizmatlar, dunyoda raqamli texnologiyalaridan foydalanish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumotlar berildi.

 

Z.Mirzaboyeva, OʻzA