Juma kuni GFRning Magdeburg shahrida bayram kayfiyatini puchga chiqargan hodisa sodir bo‘ldi.
Rojdestvo munosabati bilan xaridorlarga to‘lib-toshgan bozorda 50 yoshli erkak “hunar ko‘rsatib”, butun Germaniyani oyoqqa turg‘azdi. Qora BMW bilan olomon tomon harakatlanib, ko‘p oilalar quvonchini qayg‘uga aylantirdi.
Politsiya surishtiruv davom etayotganini bildirgan, tergovchilar guvohlardan voqea aks etgan foto yoki video lavhalar yuborishni so‘ramoqda, deb yozdi BBS.
Mahalliy matbuotda 2006 yil Germaniyaga kelgan “jinoyatchi” – Tolib Al-Abdulmuhsin shifokor bo‘lib ishlagani qayd etilgan.
Bugun voqeada 45, 52, 67 va 75 yoshli to‘rt ayol va 9 yoshli bola halok bo‘lgani aytildi.
– Sudya qotillik, suiqasd qilish va xavfli tan jarohati yetkazish aybi bilan tergovga qadar qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqardi, – deyilgan xabarda.
GFR Kansleri Olaf Shols hodisani “dahshatli fojia” deya ta’rifladi. Avvalroq Saksoniya-Anxalt shtati Bosh vaziri Rayner Xaseloff dastlabki tergov natijasiga tayanib, hujumchi yolg‘iz harakatlanganini taxmin qilgan edi.
Prokuror Xorst Valter Nopens jinoyatning ehtimoliy sabablaridan biri “hukumatning saudiyalik qochqinlarga munosabatidan norozilik bo‘lishi mumkin”ligi bilan bog‘liq farazni ilgari surdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA