Xronometraj nima, u jarimaga tortadimi?

Savdo doʻkonimiz yonida joylashgan oshxonaga soliq xodimlari kelib, xronometraj oʻtkazishdi. Xronometraj nima u, jarimaga tortadimi.
Doniyor Erkinov,
tadbirkor, Toshkent shahridan
Soliq kodeksining 71-moddasiga asosan, xoʻjalik yurituvchi subyektlarda kunlik haqiqatda kelib tushadigan naqd pul tushumini aniqlash maqsadida xronometraj oʻtkaziladi. Masalan, soliq xizmati xodimlari savdo yoki xizmat koʻrsatish shaxobchasiga kelib, tushum hisobini yuritish uchun ish kuni davomida oʻsha yerda boʻladilar.
Joriy yil sentyabr oyining 20 kuni davomida Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan 494 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatida xronometraj tadbirlari oʻtkazilgan. Natijada mahalliy byudjetga tushumlar miqdori kunlik oʻrtacha 554 mln. soʻmga oshirilishi taʼminlangan.
Shuningdek, xronometraj tadbirlari davomida xoʻjalik yurituvchi subyektlarda 758 nafar fuqaro noqonuniy ravishda yollanib, ishlayotgani aniqlangan. Oʻz navbatida, ishchilar sonini oʻz hisobotlarida kamaytirib koʻrsatgan korxonalarga belgilangan tartibda talabnomalar yuborilib, norasmiy yollanma xodim sifatida faoliyat yuritayotgan fuqarolarning barchasi roʻyxatga olingan.
Lekin, xronometraj tadbirlari davomida mazkur xoʻjalik yurituvchi subyektlarga naqd pul tushumlarini yashirish holatlari boʻyicha javobgarlik choralari qoʻllanilmadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-iyundagi “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga asosan, 2018-yilning 1-oktyabridan boshlab, davlat soliq xizmati organlari xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatida oʻtkazilgan xronometraj natijalariga koʻra oxirgi hisobot davri uchun tovar (ish, xizmat)lar realizatsiyasidan kamaytirib koʻrsatilgan tushumni va xodimlar sonini qayta hisob-kitob qilgan holda soliqlarni hisoblashni amalga oshirish haqida talabnoma yuboradi, kamaytirib koʻrsatish takroran aniqlanganda, ushbu harakatlar soliq toʻlashdan boʻyin tovlash sifatida malakalanadi.
Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi
Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimi

 

OʻzA